

Yangiliklar
ICESCO tomonidan Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-Sahih” asariga bag‘ishlangan maxsus kitob chop etildi
Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (ICESCO) “Imom Buxoriyning “Al-Jome’ al-Musnad as-Sahih” asari: Ummat kitobi. Isnod va tasdiq sivilizatsiyasining ilmiy timsoli” nomli fundamental ilmiy nashrni taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur kitobni tayyorlashda dunyoning 16 mamlakati yetakchi olim va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Nashr 2026-yil 9–10 iyul kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-Sahih” asari – Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya materiallari asosida tayyorlandi. Anjuman O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda ICESCO hamkorligida tashkil etilgan edi.
Hajmi qariyb 800 sahifadan iborat mazkur kitob buyuk muhaddis Imom Buxoriyning boy ilmiy merosiga bag‘ishlangan eng yirik zamonaviy tadqiqotlardan biri hisoblanadi. Unda hadisshunoslik, islom ilmlari tarixi hamda hadislar ishonchliligini aniqlash metodologiyasiga oid dolzarb ilmiy maqolalar jamlangan.
Nashrda Imom Buxoriy yashab ijod qilgan tarixiy va ilmiy muhit, uning hadislarni saralash va tasniflashdagi betakror uslubi, shuningdek, “Sahihi Buxoriy” asariga bag‘ishlangan zamonaviy ilmiy tadqiqotlar, bahs-munozaralar va tahlillar o‘rin olgan.
Mazkur fundamental nashrning e’lon qilinishi islomshunoslik sohasidagi xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilib, O‘zbekistonning Imom Buxoriy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha jahon miqyosidagi nufuzli markazlardan biri sifatidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.
