

Yangiliklar
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Gonkong saroy muzeyi uzoq muddatli hamkorlikni boshladi
O‘zbekiston va Xitoy madaniy diplomatiya sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida yangi qadam tashladi. Gonkongda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Gonkong saroy muzeyi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar, muzeyshunoslik, madaniy merosni asrash va mutaxassislar almashinuvini qamrab oladi. Kelishuv ikki mamlakatning madaniy muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish bilan birga, Markaziy Osiyoning boy sivilizatsion merosini xalqaro muzey maydonida kengroq namoyon etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safarida bo‘lib turibdi. Xizmat safari doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Gonkong saroy muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjatga Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov va Gonkong saroy muzeyi direktori doktor Luis Ng imzo chekdi.
Memorandum muzeyshunoslik, madaniy merosni muhofaza qilish, restavratsiya, ilmiy tadqiqotlar, qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish, mutaxassislar tayyorlash hamda tajriba almashish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
So‘nggi yillarda madaniy merosni asrash va uni zamonaviy muzey texnologiyalari orqali ommalashtirish global madaniy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. UNESCO va xalqaro muzey hamjamiyati tarixiy merosni raqamlashtirish, restavratsiya qilish hamda uni xalqaro auditoriyaga yetkazish bo‘yicha davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu nuqtai nazardan mazkur kelishuv Markaziy Osiyo va Sharqiy Osiyo o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi amaliy qadam sifatida baholanmoqda.
Marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatning ko‘p asrlik ilmiy va ma’naviy merosini xalqaro jamoatchilikka keng tanitish maqsadida barpo etilayotganini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, Markazning asosiy vazifasi buyuk allomalar merosini ilmiy asosda o‘rganish, saqlash va uni zamonaviy muzey hamda raqamli texnologiyalar yordamida keng jamoatchilikka taqdim etishdan iborat.
– Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo ilm-fani va madaniyati uchun muhim ilmiy-ma’rifiy maskanga aylanmoqda. Markazning asosiy vazifasi buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni chuqur o‘rganish, saqlash va uni xalqaro jamoatchilikka zamonaviy yondashuvlar asosida yetkazishdan iborat. Bu yo‘lda jahonning yetakchi muzey va ilmiy muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish biz uchun ustuvor vazifalardan biridir. Gonkong saroy muzeyi bilan imzolangan memorandum ikki muassasa o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi hamda qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy loyihalar va madaniy almashinuv dasturlarini amalga oshirish imkonini kengaytiradi», — dedi Markaz rahbari.
Gonkong saroy muzeyi direktori doktor Luis Ng esa bir necha oy avval O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi davomida mamlakatda madaniy merosni saqlash va namoyish etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.
– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifimiz biz uchun muhim tajriba bo‘ldi. Mamlakatingizda madaniy merosni muhofaza qilish va uni zamonaviy usullarda taqdim etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar katta qiziqish uyg‘otdi. Bugungi kelishuv hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonaman, — dedi doktor Luis Ng.
Imzolash marosimidan keyin ikki muassasa rahbarlari ommaviy axborot vositalari uchun brifing o‘tkazib, qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, restavratsiya sohasida tajriba almashish va muzey mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha istiqbolli rejalar haqida ma’lumot berdilar.
Shundan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi Gonkong saroy muzeyi ekspozitsiyasi bilan tanishdi. Muzey kolleksiyasida Xitoy va jahon sivilizatsiyasi tarixi, qadimiy san’at asarlari, imperatorlik saroyi merosi hamda noyob madaniy boyliklar jamlangan. Delegatsiya muzey fondlarini boshqarish, restavratsiya ishlari va raqamli muzey texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha amaliy tajribalar bilan tanishdi.
Mazkur memorandum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro hamkorlik tarmog‘ini yanada kengaytirish, jahonning yetakchi muzeylari bilan ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini xalqaro muzey va ilmiy maydonda keng targ‘ib etishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bunday hamkorliklar madaniy diplomatiya orqali davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, umuminsoniy merosni asrash va uni kelajak avlodlarga yetkazishga qaratilgan global sa’y-harakatlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.