Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Sina Finance: “Gonkong va O‘zbekiston muzey muassasalari hamkorlikka erishdi: madaniy almashinuv yanada rivojlanadi”

Xitoyning yirik axborot platformalaridan biri — Sina Finance Gonkong Saroy muzeyi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumini ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim qadam sifatida baholadi. Nashrda kelishuv doirasida qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar, mutaxassislar tayyorlash va muzeylar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bilan birga, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida madaniy merosni namoyish etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi qayd etilgan.

Gonkong Saroy muzeyi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi 20-iyul kuni Gonkongda hamkorlik memorandumini imzoladi. Hujjat ikki tomon o‘rtasidagi madaniy almashinuvni kengaytirish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar, mutaxassislar tayyorlash kabi sohalarda strategik hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.

20-iyul kuni Gonkong Saroy muzeyi  va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Gonkong Saroy muzeyi direktori Luis Ng imzolash marosimida so‘zga chiqib, O‘zbekiston boy madaniy merosga ega mamlakat ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, u avval ham O‘zbekiston madaniyat sohasi vakillari bilan muloqot qilgan va ularning Xitoy madaniyatiga katta qiziqish bildirishlariga guvoh bo‘lgan.

Shuningdek, u joriy yilda muzey O‘zbekiston Davlat tarixi muzeyi bilan hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yganini eslatib, mazkur memorandum ikki hudud o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash hamda Gonkongning xalqaro madaniy va san’at almashinuvi markazi sifatidagi o‘rnini kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov markaz boy muzey fondlari va ko‘rgazma resurslariga ega ekanini ta’kidlab, Gonkong Saroy muzeyi bilan amalga oshiriladigan barcha hamkorlik tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda madaniy meros obyektlarini namoyish etish ikki tomon hamkorligining yangi yo‘nalishlaridan biriga aylanadi. Bu orqali yoshlarni tarixiy yodgorliklarga yanada yaqinlashtirish, ularning madaniy merosga qiziqishini oshirish hamda madaniy boyliklarni muhofaza qilish va kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qilish ko‘zda tutilgan.

Shu kuni Gonkong Saroy muzeyida «O‘zbekiston madaniy merosiga sayohat — Islom sivilizatsiyasi markazi» mavzusida maxsus ma’ruza ham tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston madaniy merosi sohasidagi nufuzli mutaxassislar ishtirok etib, mamlakatning betakror me’moriy yodgorliklari va madaniy boyliklari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Ma’ruzada O‘zbekistonning Xitoydagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev hamda Gonkong maxsus ma’muriy hududi hukumati Savdo va iqtisodiy rivojlanish byurosining «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi bo‘yicha komissari Nikolas Xo ishtirok etdi.

Nikolas Xo o‘z nutqida bundan ikki ming yil avval O‘zbekiston qadimgi Ipak yo‘lining muhim tuguni bo‘lib, turli madaniyat va g‘oyalar chorrahasi vazifasini bajarganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bugungi kunda ham O‘zbekiston «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining muhim ishtirokchisi sifatida Osiyoni bog‘lovchi asosiy ko‘priklardan biri hisoblanadi.

Shuningdek, u Gonkong ham mazkur tashabbusda faol ishtirok etib, Xitoyga tayangan holda dunyo bilan aloqalarni mustahkamlayotganini, sivilizatsiyalar muloqoti uchun muhim darcha vazifasini bajarayotganini ta’kidladi. U kelgusida ikki tomon madaniy merosni muhofaza qilish, turizm va barqaror rivojlanish sohalarida yanada chuqur hamkorlikni yo‘lga qo‘yishiga umid bildirdi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.