Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekiston tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi: Islom sivilizatsiyasi merosi global hamkorlik kun tartibida

O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi merosini tinchlik, ilm-fan va xalqaro hamkorlik platformasiga aylantirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi 46 davlatdan 300 nafardan ortiq siyosatchi, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diniy ulamolar va yetakchi olimlarni bir maydonga jamlab, islom sivilizatsiyasi merosini asrash, raqamlashtirish va kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha uzoq muddatli xalqaro hamkorlikning yangi institutsional modelini shakllantirdi.

«Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li» mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi O‘zbekistonning tarixiy merosni asrash va uni xalqaro gumanitar diplomatiya vositasiga aylantirishga qaratilgan siyosatida muhim bosqich bo‘ldi. Forum doirasida 129 ta ilmiy ma’ruza tinglandi, xalqaro konferensiyalar, ekspertlar muhokamalari, ikki tomonlama muzokaralar hamda qator amaliy kelishuvlar imzolandi.

Global xavfsizlik va ma’rifat kun tartibi

Forumning ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yo‘llagan murojaati Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov tomonidan o‘qib eshittirildi. Davlat rahbari murojaatida bugungi kunda xalqaro munosabatlarda ishonchsizlik, diniy murosasizlik, ekstremizm va islomofobiya kuchayib borayotgan bir sharoitda ilm-fan, ta’lim, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar tinchlik va barqaror taraqqiyotning eng ishonchli asosi ekanini ta’kidlandi.

Murojaatda O‘zbekiston tomonidan 2017-yil BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan «Jaholatga qarshi ma’rifat» tashabbusi bugun ham xalqaro kun tartibida dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi

Forumda ICESCO Bosh direktori Salim al-Malik, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Olloshukur Poshozoda, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, IRCICA Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hamda boshqa nufuzli xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Musulmonlar jahon ligasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al- Issa forum qatnashchilariga videomurojaat yo‘lladi.

Chiqishlarda islom sivilizatsiyasining insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, madaniy merosni saqlash, diniy bag‘rikenglik, ilm-fanni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.

«Islom sivilizatsiyasi ilm, hikmat, adolat, rahmat va bag‘rikenglik manbaidir. Uning haqiqiy mohiyatini teran anglash va bu ezgu g‘oyalarni insoniyatga yetkazish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Mazkur forum turli mamlakatlardan tashrif buyurgan ulamolar va tadqiqotchilarni umumiy maqsad — islomning tinchlik, ma’rifat va insonparvarlikka asoslangan asl mohiyatini keng targ‘ib etish yo‘lida birlashtiradi. Forum doirasidagi ilmiy muhokamalar o‘zaro tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi», — dedi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar.

«Ushbu nufuzli tadbirga muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mezbonlik qilgani bejiz emas. Markaz islom sivilizatsiyasining insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini dunyoga tanitish va uning buyuk allomalarini keng targ‘ib etishda xalqaro miqyosdagi muhim ma’rifat maskani sifatida o‘z o‘rniga ega. Bu markaz bugun nafaqat buyuk o‘tmishning yorqin timsoli, balki kelajakni barpo etishga xizmat qiladigan, sivilizatsiyalar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlovchi muhim maydonga aylandi», — dedi ICESCO Bosh direktori Salim al-Malik.

Ilmiy merosni raqamlashtirish — forumning asosiy yo‘nalishlaridan biri

Yalpi majlislarda hadisshunoslik, fiqh, kalom, qo‘lyozmalarni saqlash, kutubxonalar faoliyati, tarixiy manbalarni ilmiy tavsiflash, elektron ma’lumotlar bazalarini shakllantirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini gumanitar sohada qo‘llash bo‘yicha qator amaliy takliflar ilgari surildi.

Xususan, arab yozuvidagi qo‘lyozmalarni avtomatik o‘qiydigan INKSIGHT AI modeli, raqamli muzeylar, virtual platformalar va inklyuziv muzey texnologiyalari taqdim etildi.

Forumning eng muhim natijasi — Toshkent deklaratsiyasi

Anjuman yakunida qabul qilingan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi Deklaratsiyasi forumning eng muhim siyosiy va amaliy hujjati bo‘ldi.

Hujjatda:

  • O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Global forum tashkil etish;
  • qo‘lyozmalar, arxivlar va arxeologik merosni qamrab oluvchi yagona global raqamli reyestr yaratish;
  • «Islom sivilizatsiyasi — butun insoniyat merosi» xalqaro dasturini amalga oshirish;
  • Islom sivilizatsiyasi xalqaro mukofoti va tadqiqot jamg‘armasini ta’sis etish;
  • global raqamli kutubxona va xalqaro ensiklopediya ishlab chiqish;
  • muzeylar, kutubxonalar va ilmiy markazlarning xalqaro ittifoqini shakllantirish;
  • mazkur tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha 2030-yilgacha harakatlar rejasi ishlab chiqish kabi strategik takliflar ilgari surildi.

Yangi institutsional hamkorlik modeli

Forumning asosiy xususiyati qabul qilingan hujjatlar soni bilan emas, balki tarqoq holda faoliyat yuritib kelgan muzeylar, arxivlar, universitetlar, ilmiy markazlar va xalqaro tashkilotlarni yagona hamkorlik tizimiga birlashtirishga qaratilgan institutsional yondashuvni shakllantirganida bo‘ldi.

Bu yondashuv islom sivilizatsiyasi merosini alohida davlatlar emas, balki butun xalqaro hamjamiyatning umumiy mas’uliyati sifatida ko‘rishni nazarda tutadi.

Amaliy kelishuvlar va yangi loyihalar

Forum doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va ICESCO o‘rtasida Imom al-Buxoriy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish, xalqaro xattotlar tanlovini o‘tkazish va qo‘lyozma Qur’on yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini gumanitar tadqiqotlarga joriy qilish, yagona elektron platformalar yaratish va ilmiy markazlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bitimlar imzolandi.

Movarounnahr ilmiy maktablari global muloqot markazida

Forumning Samarqand va Termiz bosqichlarida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy ilmiy maktablarining zamonaviy ahamiyati muhokama qilindi.

«O‘zbekiston Yaratganning lutfiga sohib bo‘lgan ulug‘ maskanlardan biri bo‘lib, asrlar davomida islom ma’rifatining chirog‘i bo‘lib kelgan. Bugun Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida islom merosining ilmiy asosda o‘rganilayotgani, Imom Buxoriy sharafiga muhtasham majmua barpo etilgani va xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilingani tahsinga sazovordir. Bu ishlar buyuk allomalar merosini asrash, uni chuqur o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi»,dedi Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Olloshukur Poshozoda.

«Imom Buxoriy butun umrini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarini to‘plash, tekshirish va ishonchli holda kelajak avlodlarga yetkazishga bag‘ishlagan. Ana shu beqiyos mehnat samarasi o‘laroq, Qur’oni karimdan keyingi eng ishonchli manba sifatida e’tirof etilgan “Al-Jomi’ as-Sahih” asari dunyoga keldi. U zotning hayoti bizga haqiqiy muvaffaqiyat ilmga muhabbat, sobit iroda, ixlos va tinimsiz mehnat bilan qo‘lga kiritilishini ko‘rsatadi. Bu, ayniqsa, bugungi yoshlar uchun yorqin namunadir»,dedi Makka shahridagi “Masjid al-Harom” masjidi bosh imomi Shayx Solih bin Abdulloh bin Humayd.

Ekspertlar mazkur meros nafaqat diniy ilmlar tarixi, balki global gumanitar fikr, madaniyatlararo muloqot, diniy bag‘rikenglik va intellektual xavfsizlik nuqtai nazaridan ham dolzarb ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Forum natijalari

Forum ishtirokchilari qabul qilingan Deklaratsiya va «Yo‘l xaritasi»ni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, qo‘shma tadqiqotlar, akademik almashinuvlar, xalqaro nashrlar va madaniy merosni raqamlashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish maqsadida Islom sivilizatsiyasi Jahon alьyansini tashkil etish tashabbusini ilgari surdilar.

I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bir necha kunlik tadbir yoki ilmiy anjuman doirasidan chiqib, O‘zbekistonning madaniy diplomatiyasi, gumanitar hamkorlik va tarixiy merosni global rivojlanish kun tartibiga integratsiya qilishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining amaliy ifodasiga aylandi.

Qabul qilingan Deklaratsiya, 2030-yilgacha mo‘ljallangan tashabbuslar, imzolangan xalqaro kelishuvlar va raqamli loyihalar O‘zbekistonni islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va jahon hamjamiyatiga yetkazish sohasidagi muhim tashabbuskor davlatlardan biri sifatida mustahkamladi. Shu bilan birga, forum mamlakatning ilmiy muloqot, madaniy diplomatiya va xalqaro gumanitar hamkorlikni birlashtiruvchi yangi global maydon sifatidagi o‘rnini yanada kuchaytirdi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.