

Yangiliklar
Ozarbayjon Iqtisodiyot vaziri: "O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Yevroosiyo muzey faoliyati uchun yangi standart"
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabbarov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurib, ekspozitsiyalar, ilmiy-ma’rifiy loyihalar hamda zamonaviy muzey yechimlari bilan yaqindan tanishdi. Ozarbayjon Iqtisodiyot vaziri O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyini «Yevroosiyo muzey faoliyati uchun yangi standart» deb atadi.
Mikail Jabbarov, Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri:
– Markaz menda unutilmas, yorqin va faxr tuyg‘ularini uyg‘otdi. Birodar O‘zbekistonda amalga oshirilgan ushbu loyiha nafaqat islom madaniy merosini asrash va targ‘ib etishga, balki O‘zbekiston va butun mintaqaning beqiyos boy madaniy merosini saqlash hamda dunyoga tanitishga qo‘shilgan bebaho hissadir.
Muhtaram O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu g‘oyasi va loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilganini alohida ta’kidlash lozim. Bunday ulkan loyihani ro‘yobga chiqarishda ishtirok etgan barcha insonlarning mehnati yuksak e’tirofga loyiq. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazining professional jamoasiga ham samimiy minnatdorlik bildiraman.
Menimcha, muzey ishini tashkil etish, qadimiy yodgorliklar va noyob eksponatlarni zamonaviy usulda namoyish etish, ayniqsa yosh avlod uchun eng ilg‘or mulьtimedia texnologiyalaridan samarali foydalanish borasida ushbu markaz muzey faoliyati sohasida yangi standartni belgilab bermoqda.
Tashrif so‘ngida mehmon Markazning «Faxriy mehmonlar kitobi»ga ham o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi:
«Markazga tashrif unutilmas taassurot qoldiradi. Bu butun islom olami va, ishonchim komilki, ko‘p madaniyatli O‘zbekiston uchun noyob madaniy-tarixiy hamda turizm maskanidir.
Noyob yodgorlik va eksponatlarning zamonaviy mulьtimedia texnologiyalari bilan uyg‘unligi Yevroosiyo muzey faoliyati uchun haqiqiy yuksak yutuqdir. Markaz xodimlari alohida minnatdorlik va e’tirofga loyiq»..
Tashrif yakunida delegatsiya a’zolariga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, umumiy sivilizatsion merosni asrash va uni xalqaro maydonda keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida ahamiyat kasb etadi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.


