

Yangiliklar
O‘zbekiston Xitoyning 5,2 million mehmon qabul qiluvchi Shensi muzeyi bilan strategik hamkorlikni boshlamoqda
O‘zbekiston va Xitoy madaniy meros sohasidagi hamkorlikni kengaytirish yo‘lida navbatdagi muhim qadamni tashladi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi. Xizmat safari doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda mamlakatning eng nufuzli muzeylaridan biri — Shensi tarix muzeyi o‘rtasida qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar, muzeyshunoslik va Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyalari merosini birgalikda tadqiq etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Shensi tarix muzeyi direktori Pan Yani Shensi viloyati Xitoy sivilizatsiyasining eng qadimgi markazlaridan biri ekanini ta’kidlab, mazkur hudud tarix davomida 14 ta sulolaga poytaxt bo‘lib xizmat qilganini qayd etdi.
Uning ma’lum qilishicha, Shensi tarix muzeyi 2025-yilning o‘zida 5 million 200 mingdan ortiq mehmonni qabul qilgan bo‘lib, boy arxeologik fondi, nodir kolleksiyalari va zamonaviy ilmiy ekspozitsiyalari bilan mamlakatning eng nufuzli muzey muassasalari qatoriga kiradi.
Muzokaralar chog‘ida Islom sivilizatsiyasi markazi direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy konsepsiyasi va ekspozitsiyasi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uning ta’kidlashicha, Markaz faqat islom sivilizatsiyasi tarixi bilan cheklanmaydi.
“Markaz ekspozitsiyalarida O‘zbekiston hududida shakllangan barcha sivilizatsiyalarning izchil tarixi yagona ilmiy yondashuv asosida namoyish etiladi. Ekspozitsiyalar islomdan avvalgi davrdan boshlanib, Farg‘ona otlari madaniyati, Sug‘d sivilizatsiyasi, Buyuk Ipak yo‘li orqali shakllangan madaniy va iqtisodiy aloqalar, shuningdek, xalqlar o‘rtasidagi sivilizatsion muloqot jarayonlarini qamrab oladi” – dedi Firdavs Abduxoliqov.
Qayd etildiki, Markazning asosiy maqsadi turli xalqlarni bog‘lab turgan umumiy sivilizatsion merosni ilmiy asosda yoritish va uni xalqaro jamoatchilikka keng namoyish etishdan iborat.
Markaz direktori Shensi tarix muzeyida ham Buyuk Ipak yo‘li tarixi bilan bog‘liq ko‘plab noyob arxeologik topilmalar saqlanayotganini ta’kidlab, bu ikki muassasa ekspozitsiyalarini o‘zaro boyitish uchun muhim ilmiy asos bo‘lishini bildirdi.
Muzokaralar davomida kelgusi yil O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan qator qo‘shma madaniy loyihalarni amalga oshirish taklifi ilgari surildi.
Jumladan:
➖O‘zbekiston va Xitoyda navbatma-navbat qo‘shma muzey ko‘rgazmalarini tashkil etish;
➖ilmiy kitoblar va kataloglar nashr qilish;
➖muzey mutaxassislari va tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
➖arxeologiya va muzeyshunoslik sohasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida Markaz direktori yaqinda Gonkong saroy muzeyi bilan ham qo‘shma ko‘rgazma tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini ma’lum qildi.
Uning fikricha, mazkur hamkorlik Xitoyning boshqa yetakchi muzeylari bilan ham uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi.
O‘z navbatida, Pan Yani O‘zbekiston bilan madaniy aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirib, Markaz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
«Biz bu takliflarni chin dildan qabul qilamiz. Xalqlar bir-birining tarixi va madaniyatini qanchalik chuqur anglasa, o‘zaro ishonch va hamkorlik shunchalik mustahkamlanadi. Bizni Buyuk ipak yo‘li bog‘lab turadi. Shu bois, qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar va madaniy loyihalarni amalga oshirishdan mamnun bo‘lamiz. Biz, albatta, O‘zbekistonga tashrif buyuramiz», — dedi Pan Yani.
Shu munosabat bilan Shensi tarix muzeyi qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar va madaniy loyihalarda ishtirok etishga, shuningdek, O‘zbekistonga rasmiy tashrif amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar esdalik sovg‘alarini almashdilar. Delegatsiya uchun muzeyning doimiy ekspozitsiyalari bo‘ylab maxsus ekskursiya tashkil etildi. Unda qadimgi Xitoy sivilizatsiyasi, islomdan avvalgi madaniyatlar, haykaltaroshlik va tasviriy san’at asarlari, Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq arxeologik yodgorliklar hamda noyob tarixiy eksponatlar bilan yaqindan tanishildi.
Muzokaralar yakunida Shensi tarix muzeyi kolleksiyalarini kelgusida O‘zbekistonda namoyish etish, qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil qilish, ilmiy tadqiqotlar va muzey sohasidagi hamkorlikni institutsional asosda rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuvga erishildi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.