Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Xitoyning imperator Sin Shi Xuandi muzeyi bilan qo‘shma loyihalarni muhokama qildi

Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilayotgan xizmat tashrifi doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya dunyodagi eng mashhur muzey majmualaridan biri – Imperator Sin Shi Xuandi maqbara-muzeyida bo‘ldi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida madaniy merosni o‘rganish, asrash va targ‘ib etish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, muzeylar o‘rtasida qo‘shma ilmiy va ko‘rgazma loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Muzey rahbariyati mehmonlarga miloddan avvalgi III asrda Sin sulolasi asoschisi, Xitoyning birinchi imperatori Sin Shi Xuandi farmoni bilan yaratilgan mashhur Terrakota armiyasi haqida batafsil ma’lumot berdi. Majmua tarkibida 8100 dan ortiq terrakota askarlari, otlar va harbiy arava haykallari saqlanadi. Ushbu noyob yodgorliklar imperator vafotidan keyin ham uning qudratini ramziy jihatdan davom ettirish maqsadida barpo etilgan.

Asrlar davomida yer ostida saqlanib kelgan mazkur haykallar 1974-yilda mahalliy dehqonlar tomonidan tasodifan aniqlangan bo‘lib, keyinchalik insoniyat tarixidagi eng muhim arxeologik kashfiyotlardan biri sifatida e’tirof etildi. Bugungi kunda mazkur majmua YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Uchrashuvda Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati, uning asosiy vazifalari hamda jahonning nufuzli muzeylari va ilmiy muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorlik loyihalari haqida ma’lumot berdi.

Markaz direktori bugungi kunda Xitoyning ilmiy doiralari bilan ham samarali aloqalar rivojlanayotganini ta’kidlab, hamkorlikni muzeylar darajasida yanada kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

O‘zbekiston va Xitoyni ming yillik tarix, Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasi va boy madaniy meros birlashtirib turadi. Imperator Sin Shi Xuandi maqbara-muzeyi bilan hamkorlik qilish, qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish har ikki mamlakatning madaniy aloqalarini yangi bosqichga olib chiqadi, – dedi Markaz direktori.

Muzey kuratori, professor Li Gang Imperator Sin Shi Xuandi maqbara-muzeyining tarixi, Terrakota armiyasining yaratilishi hamda uning jahon madaniy merosidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.

– Muzeyimizda 8100 dan ortiq noyob terrakota askarlari saqlanadi. Ushbu majmua YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. O‘zbekiston va Xitoy madaniy merosni o‘rganish va asrash sohasida mustahkam hamkorlik qilib kelmoqda. Biz O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan ilmiy va muzey sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan mamnunmiz, – dedi professor Li Gang.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov ham ikki xalq tarixi chuqur ildizlarga ega ekanini, ushbu boy merosni ilmiy jihatdan o‘rganishda olimlar o‘rtasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida Markaz direktori tomonidan Imperator Sin Shi Xuandi maqbara-muzeyi rahbariyatiga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan nashr etilgan kitob-alьbomlar tantanali ravishda taqdim etildi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari muzey ekspozitsiyalari, Terrakota armiyasi va boshqa noyob arxeologik topilmalar bilan yaqindan tanishib, muzeyda qo‘llanilayotgan zamonaviy ekspozitsiya va eksponatlarni saqlash texnologiyalarini ham o‘rgandilar.

Mazkur tashrif O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida madaniy merosni asrash, muzeyshunoslik, arxeologiya va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, kelgusida qo‘shma ko‘rgazmalar va xalqaro loyihalarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.