Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

ARTnews: "Gonkong Saroy muzeyi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik o‘rnatdi"

Xalqaro san’at va muzeylar sohasiga ixtisoslashgan nufuzli ARTnews nashri Gonkong Saroy muzeyi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumini Markaziy Osiyo va Sharqiy Osiyo o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlovchi muhim qadam sifatida baholadi. Nashrda kelishuv qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar tayyorlashni qamrab olishi, hamkorlikning Buyuk Ipak yo‘li tarixi va umumiy sivilizatsion merosga tayanishi ta’kidlangan. Shuningdek, oktyabr oyida O‘zbekistonda dunyoning qariyb 50 ta yetakchi muzeyi ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yirik xalqaro ko‘rgazmada Gonkong Saroy muzeyi kolleksiyasini namoyish etish imkoniyati ham ko‘rib chiqilayotgani qayd etilgan.

Gonkong Saroy muzeyi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar va boshqa qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi.

Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan imzolash marosimida ikki muassasa o‘rtasidagi hamkorlik rasman yo‘lga qo‘yildi. Bu Gonkong ma’muriyati rahbari Li Szyachao o‘tgan oy Markaziy Osiyoga Gonkong Saroy muzeyi direktori ham ishtirok etgan delegatsiyaga boshchilik qilib borgan tashrifidan keyin Markaziy Osiyodagi madaniy muassasaning Gonkongga amalga oshirgan birinchi rasmiy javob tashrifi bo‘ldi. Mazkur kelishuv O‘zbekiston Davlat tarixi muzeyi bilan avvalroq imzolangan hamkorlik bitimining mantiqiy davomi hisoblanadi.

South China Morning Post nashrining xabar berishicha, Gonkong Saroy muzeyi direktori doktor Luis Ng shunday dedi:

— O‘zbekistonga qilgan tashrifim davomida Markaz direktori bilan uchrashib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish sharafiga muyassar bo‘ldim. O‘sha dastlabki muloqotlar bugun Gonkongda amaliy natijaga aylanganidan juda mamnunman. Atigi bir oy ichida bunday tezkor hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston va Gonkong xalqlarining madaniy almashinuv va muloqotni rivojlantirishga bo‘lgan yuksak intilishini yaqqol namoyon etadi.

Imzolangan anglashuv memorandumi qo‘shma ko‘rgazmalar va ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, shuningdek, mutaxassislarni tayyorlash va ularning kasbiy malakasini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov esa quyidagilarni ta’kidladi:

— Bizni birlashtirgan eng muhim omil — Buyuk Ipak yo‘lidir. U orqali nafaqat savdo va tovarlar, balki g‘oyalar, bilimlar va yangi ixtirolar ham almashilgan. Biz o‘z ko‘rgazmalarimizni nafaqat Gonkongda, balki boshqa shaharlarda ham namoyish etishni istaymiz.

O‘zbekistonning Xitoydagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farhod Arziyevning ta’kidlashicha, 2017-yilda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakat tarixi va xalqining boy merosini, shuningdek, ajdodlarimiz va allomalarimizning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etadi.

South China Morning Post ma’lumotiga ko‘ra, Gonkong Saroy muzeyi kolleksiyasi joriy yilning oktyabrь oyida O‘zbekistonda tashkil etiladigan maxsus ko‘rgazmada namoyish etilishi mumkin. Ushbu tadbir Markaziy Osiyo madaniy merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro loyihaning bir qismi bo‘lib, unda dunyoning qariyb 50 ta yetakchi muzeyi o‘z eksponatlari bilan ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.