Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Xitoy milliy muzeyi bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilayotgan xizmat safari doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy milliy muzeyi direktori o‘rinbosari Ding Pengbo bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida Xitoy tomoni O‘zbekiston delegatsiyasining mamlakat haqidagi dastlabki taassurotlari bilan qiziqdi.

Firdavs Abduxoliqov keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab, ikki mamlakatni azaldan mustahkam sivilizatsion rishtalar bog‘lab kelganini qayd etdi.

— Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bosh maqsadi xalqimiz yaratgan buyuk sivilizatsiyalar, ularning jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi va boy ilmiy-ma’naviy merosini butun dunyoga namoyish etishdan iborat. Davlatimiz rahbarining topshiriqlari asosida ekspozitsiyalarda nafaqat islom sivilizatsiyasi, balki islomgacha bo‘lgan So‘g‘d, Baqtriya, Choch va Xorazm kabi qadimgi sivilizatsiyalar ham munosib o‘rin olgan, — dedi Firdavs Abduxoliqov.

Markaz direktori, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy aloqalar bir necha ming yillik tarixga ega ekanini, Buyuk ipak yo‘li xalqlar o‘rtasidagi ilm-fan va madaniyat almashinuvida muhim o‘rin tutganini ta’kidladi. Xususan, Farg‘ona otlari qadimdan Xitoyda yuksak qadrlangani ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy yaqinlikning yorqin namunasi ekanini qayd etdi.

Muloqotda Xitoy milliy muzeyi faoliyati haqida ham ma’lumot berildi.

— Xitoyda har yili muzeylarga 600 millionga yaqin kishi tashrif buyuradi. Ularning 65 foizini 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Biz muzeylarga yoshlarni jalb qilishni ustuvor vazifa deb bilamiz. Shu maqsadda ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatganmiz, muzey eksponatlari maktab va oliy ta’lim muassasalari darsliklarida ham aks ettiriladi, — dedi Ding Pengbo.

Uning ta’kidlashicha, muzeyda muntazam ko‘rgazmalar tashkil etiladi, yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyatlari yaratilgan. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar o‘zlarini erkin va qulay his qilishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar ta’minlangan.

Uchrashuvda muzeyshunoslik sohasida tajriba almashish, qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish, artefaktlar nusxalarini o‘zaro almashish, yosh olimlar va muzey mutaxassislarining malakasini oshirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

— Biz hamkorligimizni aniq amaliy loyihalar bilan boyitishimiz kerak. Artefaktlar nusxalarini almashish, qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish va yosh muzeyshunoslarning malakasini oshirish ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi. Bu hamkorlik Prezidentlarimiz Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin rahbarligida tobora mustahkamlanib borayotgan O‘zbekiston–Xitoy munosabatlariga munosib hissa qo‘shadi. Shu munosabat bilan sizlarni O‘zbekistonga tashrif buyurib, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati va ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishishga taklif qilamiz, — dedi Markaz direktori.

Ding Pengbo taklif uchun minnatdorlik bildirib, ikki muzey o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy milliy muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Delegatsiya a’zolari qadimgi Xitoy sivilizatsiyasidan tortib bugungi kungacha bo‘lgan tarixiy taraqqiyotni aks ettiruvchi noyob eksponatlarni ko‘zdan kechirib, muzey ekspozitsiyalarini yuqori baholadilar.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.