

Yangiliklar
O‘zbekiston va Xitoy qo‘shma arxeologik ekspeditsiyalar o‘tkazishni rejalashtirmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda madaniy merosni asrash, ilmiy tadqiq etish, raqamlashtirish va uni jahon jamoatchiligiga zamonaviy formatlarda taqdim etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining yangi xalqaro hamkorlik yo‘nalishlariga asos bo‘lmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilayotgan xizmat safari ham ayni shu vazifalarning amaliy ifodasi bo‘lmoqda. Xizmat safari doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy Tarix akademiyasi huzuridagi Milliy arxeologiya muzeyiga tashrif buyurdi.
2023-yilda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur muzey mamlakatning qariyb 7000 yillik tarixini o‘zida mujassam etgan noyob ilmiy-ma’rifiy maskan hisoblanadi. Muzey ekspozitsiyalarida Xitoy sivilizatsiyasining ilk bosqichlaridan tortib bugungi kungacha bo‘lgan tarixiy taraqqiyot arxeologik topilmalar, nodir eksponatlar va zamonaviy mulьtimedia texnologiyalari orqali namoyish etilgan. Tashrif davomida delegatsiya a’zolari muzey ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishib, ikki muassasa o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuvda muzey direktori Lyu Gosyan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini bildirdi. U, ayniqsa, arxeologiya sohasida O‘zbekiston olimlari bilan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, mutaxassislar almashinuvini tashkil etish va o‘zaro tajriba almashish orqali ikki mamlakat ilmiy muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Firdavs Abduxoliqov samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari tomonidan ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, ayniqsa madaniy merosni asrash va o‘rganish sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi. Shuningdek, u O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan yirik ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy loyiha ekanini ta’kidlab, markazning faoliyati, ekspozitsiya konsepsiyasi hamda amalga oshirilayotgan xalqaro tashabbuslar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Joriy yilda Markaz taqdimoti Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilganini ham ma’lum qildi. Markaz nafaqat islom sivilizatsiyasi, balki undan avvalgi buyuk sivilizatsiyalar merosini ham keng yoritishga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidlagan Firdavs Abduxoliqov Xorazm, Baqtriya, Sug‘d va Choch kabi qadimgi sivilizatsiyalar insoniyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutganini qayd etdi. Shuningdek, mazkur hududlar qadimdan Xitoy bilan Buyuk ipak yo‘li orqali mustahkam savdo-madaniy va ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov ham so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida arxeologiya, tarix va madaniy meros sohalarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yanada kengaytirish, qo‘shma ekspeditsiyalar tashkil etish hamda mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari haqida fikr bildirdi.
Xitoy Butunjahon tarixi instituti ilmiy xodimi Hou Ayszyun esa o‘zbekistonlik tarixchilar bilan ko‘p yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidladi. U O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti bilan hamkorlikdagi ilmiy loyihada uch oy davomida faoliyat olib borgani unga katta ilmiy tajriba berganini bildirib, kelgusida ham ikki mamlakat olimlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar arxeologiya, tarix, muzeyshunoslik va madaniy merosni o‘rganish sohalarida hamkorlikni izchil rivojlantirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, ko‘rgazmalar va mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.