Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Xitoyning Gugun muzeyi yirik xalqaro qo‘shma loyihalarni boshlaydi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Xitoyning dunyodagi eng yirik muzey muassasalaridan biri — Gugun muzeyi (Saroy muzeyi) madaniy merosni saqlash, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish hamda xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jadal rivojlantirilayotgan ikki davlat o‘rtasidagi strategik madaniy sheriklik munosabatlarining natijasini ifoda etib, bu yo‘nalishdagi hamkorliklarni yanada mustahkamlashi kutilmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilayotgan xizmat safari doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Pekin shahrida joylashgan va YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Gugun muzeyiga tashrif buyurdi.

Delegatsiyani muzey direktorining o‘rinbosari Yuan Xong qabul qildi. Muzokaralarda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin rahbarligida O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani, madaniy-gumanitar hamkorlik esa ushbu sheriklikning muhim ustunlaridan biriga aylangani ta’kidlandi. Shuningdek, muzeyshunoslik, madaniy merosni muhofaza qilish va ommalashtirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, kitob-alьbomlar nashri, mutaxassislar tayyorlash va malaka oshirish dasturlari, shuningdek, ikki muassasa o‘rtasida muntazam tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zaro tashriflarni faollashtirish va muzeylar o‘rtasida institutsional hamkorlikni izchil rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.

Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Gugun muzeyining boy kolleksiyasi va ekspozitsiyasi bilan tanishdi. 1420-yilda Min sulolasi imperatori Chju Di tomonidan qurilgan mazkur saroy majmuasi qariyb besh asr mobaynida Xitoy imperatorlarining asosiy qarorgohi bo‘lib xizmat qilgan. Bugungi kunda u insoniyatning eng muhim madaniy meros obyektlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Uchrashuvda Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy aloqalarning chuqur tarixiy ildizlariga to‘xtalib, Gugun saroyi barpo etilgan davrda Samarqandda Mirzo Ulug‘bek madrasasi qurilganini ta’kidladi. Shuningdek, XV asrda Mirzo Ulug‘bek va Shohruh Mirzo elchilari Pekinga tashrif buyurgani, mashhur davlat arbobi va rassom G‘iyosiddin Naqqosh esa ushbu safar haqida qimmatli tarixiy xotiralar qoldirgani ikki xalq o‘rtasidagi muloqotlar bir necha asrlik tarixga ega ekanining yorqin dalili sifatida qayd etildi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, kitob va albomlar tayyorlash, muzey sohasida tajriba almashish hamda hamkorlikni tizimli rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.

Shuningdek, 2027-yil yanvar oyida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan ikki mamlakatning madaniy merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ko‘rgazmani birgalikda tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Ushbu tashabbus madaniy diplomatiyani rivojlantirish, Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyalari o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni yanada chuqurroq o‘rganish hamda O‘zbekiston va Xitoyning boy madaniy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Tashrif so‘ngida tomonlar esdalik sovg‘alari almashib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni uzoq muddatli asosda yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.