

Yangiliklar
Diplomatic Watch: “Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi Yangi O‘zbekiston: O‘n yillik islohotlar”
AQShning nufuzli “Diplomatic Watch” xalqaro jurnali «Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi islohotlarning o‘n yilligi» nomli tahliliy maqolani e’lon qildi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida so‘nggi o‘n yil davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari xalqaro ekspertlar nuqtai nazaridan atroflicha tahlil qilingan.
2016-yilda O‘zbekiston yangi davlat rahbari boshchiligida taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Uning asosiy tamoyili aniq edi: davlat xalqqa xizmat qilishi kerak. Oradan o‘n yil o‘tib, bu g‘oya «Yangi O‘zbekiston» deb nomlangan keng qamrovli islohotlar dasturida o‘z ifodasini topdi. Ushbu dastur iqtisodiy siyosat, ijtimoiy hayot, davlat boshqaruvi va tashqi siyosat sohalarida amaliy natijalarga erishib, mamlakat qiyofasini tubdan o‘zgartirdi.
O‘zgarishlar, eng avvalo, iqtisodiyotdan boshlandi. 2017-yilda hukumat valyuta kursini erkinlashtirdi va chet el valyutasining erkin aylanishiga ruxsat berdi. Bu esa savdo va investitsiyalar uchun uzoq yillar davomida mavjud bo‘lgan asosiy to‘siqlarni bartaraf etdi. Natijada mamlakat iqtisodiyoti yangi yo‘nalishda rivojlana boshladi. So‘nggi o‘n yil ichida yalpi ichki mahsulot hajmi ikki barobardan ko‘proq o‘sib, 145 milliard dollardan oshdi, 2026-yilga kelib esa 167 milliard dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. Mamlakatning ochiq iqtisodiy siyosati xorijiy sarmoyadorlarni ham jalb qildi. Keyingi yillarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi. Faqat 2026-yilning birinchi choragida investitsiyalar hajmi 45,7 foizga oshib, 8,84 milliard dollarni tashkil etdi. Xalqaro reyting agentliklari ham mamlakatning suveren kredit reytingini yaxshilab, moliyaviy boshqaruv va bozor barqarorligiga bo‘lgan ishonch oshganini qayd etmoqda.
Iqtisodiy o‘sish tarkibiy islohotlar bilan hamohang kechdi. Davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayoni davlat ulushini qisqartirib, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ishtirokini kengaytirdi. Eksport hajmi 33,4 milliard dollarga yetdi va uning asosiy qismi endilikda xom ashyo emas, balki yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu jarayonlar O‘zbekiston iqtisodiyotining markazlashgan tizimdan raqobatbardosh va diversifikatsiyalashgan iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy islohotlar aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan ijtimoiy siyosat bilan ham qo‘llab-quvvatlandi. Mahallalar kesimida amalga oshirilgan maqsadli dasturlar natijasida 8,5 milliondan ortiq inson kambag‘allikdan chiqdi. Mamlakatda kambag‘allik darajasi 2026-yilga kelib 5 foizgacha pasaydi.
Ta’lim sohasida ham keng qamrovli o‘zgarishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024–2025 o‘quv yili boshida 18–23 yoshli yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 47,7 foizni tashkil etdi. Bu islohotlar boshlanishidan avvalgi ko‘rsatkichlarga nisbatan keskin o‘sishdir. Shu davr mobaynida mamlakatdagi bolalar bog‘chalari soni uch barobarga ko‘paydi va maktabgacha ta’lim qamrovi sezilarli darajada kengaydi.
Eng muhim o‘zgarishlardan biri paxta yig‘im-terimidagi majburiy mehnatning to‘liq barham topishi bo‘ldi. Tizimli nazorat va qat’iy choralar tufayli to‘rt yil ichida bu amaliyot tugatildi. Bu esa O‘zbekistonga mehnat standartlari yaxshilangan holda jahon ta’minot zanjirlariga qayta integratsiyalanish imkonini berdi. Gender tengligi sohasida ham ijobiy siljish kuzatildi — bugungi kunda parlament deputatlarining 38 foizi ayollardan iborat. Ona va bola salomatligini muhofaza qilish xizmatlarining kengayishi sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga xizmat qildi.
Institutsional islohotlar davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga qaratildi. «Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi» davlat xizmatida ochiqlik, samaradorlik va hisobdorlikni ta’minlashga qaratilgan choralarni joriy etdi. Vakolatlar bosqichma-bosqich parlament va mahalliy hokimiyat organlariga o‘tkazildi. Jumladan, viloyat hokimlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylash tizimi joriy etildi. Sud-huquq islohotlari esa sud mustaqilligini mustahkamlash va huquqiy jarayonlarni soddalashtirish orqali fuqarolar uchun adolatga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratildi.
Rivojlanishning keyingi bosqichi mamlakatni modernizatsiya qilish bilan bog‘liq. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida infratuzilmani kengaytirish, energetik xavfsizlikni mustahkamlash va texnologik taraqqiyotni rag‘batlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli rejalar belgilangan. 2026-yildan boshlab yangi temir yo‘l dasturi doirasida 500 kilometr yuqori tezlikdagi temir yo‘llar quriladi. Bu ichki transport aloqalarini va mintaqaviy savdo imkoniyatlarini kengaytiradi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 85 milliard kilovatt-soatga yetdi, quyosh energetikasiga sarmoyalar ortib bormoqda. Aholi tomonidan quyosh panellari o‘rnatilishi uchun ajratilayotgan subsidiyalar mamlakatning barqaror va markazlashmagan energetika tizimiga o‘tishini anglatadi. Shu bilan birga, O‘zbekiston 2030-yilgacha mintaqaviy texnologiya markaziga aylanish va global innovatsiyalar reytingida eng yaxshi 60 davlat qatoridan joy olishni maqsad qilgan.
Tashqi siyosat ham tubdan yangilandi. O‘zbekiston «Markaziy Osiyo – birinchi navbatda» tamoyilini qabul qilib, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni ustuvor yo‘nalishga aylantirdi. Chegara masalalari muzokaralar orqali hal etildi, yangi savdo yo‘laklari esa mintaqadagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamladi. Bu o‘zgarishlar O‘zbekistonning mintaqaviy jarayonlardagi faol ishtirokini kuchaytirib, uni Markaziy Osiyo va jahon bozorlari o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi davlat sifatida namoyon qildi.
Vashingtonda ham O‘zbekistondagi islohotlar kun tartibidan o‘rin oldi. 2025 yil sentyabrida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan tashkil etilgan «Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi islohotlarning o‘n yilligi» kitobining taqdimotida Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va Xavfsizlik kengashi kotibining birinchi o‘rinbosari Eldor Aripov AQSh siyosatchilari, tahlilchilari va biznes vakillari bilan mamlakatdagi islohotlar haqida fikr almashdilar. Uchrashuvlarda iqtisodiyotni liberallashtirish, majburiy mehnatga barham berish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, mintaqaviy hamkorlik va O‘zbekistonning xalqaro maydonda raqobatbardosh davlatga aylanish yo‘li muhokama qilindi.
Maydon tadqiqotlari va tasdiqlangan statistik ma’lumotlarga asoslangan muhokamalarda islohotlar dasturi endi shunchaki reja emas, balki aniq natijalar berayotgan jarayon ekani qayd etildi. Ayniqsa, iqtisodiy liberallashuv, mehnat standartlari va mintaqaviy hamkorlik sohalaridagi yutuqlar alohida ta’kidlandi. Bu muloqotlar Vashingtonda ham O‘zbekistonga nisbatan yangi qarash shakllanayotganini ko‘rsatdi.
Mamlakatdagi islohotlar uzviylik tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi modernizatsiyaning dastlabki ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi. 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston strategiyasi institutsional va iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirdi. Hozirgi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi esa barqaror taraqqiyot, samarali boshqaruv va inklyuziv iqtisodiy o‘sish bo‘yicha uzoq muddatli maqsadlarni belgilab bermoqda.
«Yangi O‘zbekiston» dasturi boshlanganiga o‘n yil to‘lgan bir paytda mamlakat barqaror transformatsiyaning yorqin namunasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘sish va diversifikatsiyani, ijtimoiy ko‘rsatkichlar aholi turmush darajasining yaxshilanishini ko‘rsatmoqda. Institutsional islohotlar esa davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bugun O‘zbekiston yopiq tizimdan ochiq, raqobatbardosh va mintaqaviy hamkorlikka tayanuvchi davlatga aylanib, aniq natijalarga asoslangan islohotlar yo‘lidan izchil ilgarilamoqda.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.