Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistonning 150 yillik tarixga ega muzeyi yangi ekspozitsiya bilan qayta ochildi

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida mamlakatning eng qadimiy va nufuzli muzeylaridan biri — O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ikki yillik keng qamrovli rekonstruksiya va modernizatsiya ishlaridan keyin tantanali ravishda qayta ochildi. 150 yillik tarixga ega muassasa yangi ekspozitsiyasi orqali ming yillik sivilizatsiya tarixi hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yagona ilmiy konsepsiya asosida birlashtirgan yangi madaniy-ma’rifiy markaz sifatida faoliyatini boshladi.

Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, olimlar, muzeyshunoslar, madaniyat sohasi mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

150 yillik tarixga ega muzey O‘zbekiston hududidagi eng yirik tarixiy-ma’rifiy muassasalardan biri hisoblanadi. Yangilangan ekspozitsiya mamlakat tarixini eng qadimgi tosh davridan tortib Yangi O‘zbekiston taraqqiyotigacha bo‘lgan uzluksiz jarayon sifatida ilmiy yondashuv asosida namoyon etadi.

Ekspozitsiyada tosh va bronza davri yodgorliklari, ilk davlatchilik shakllanishi, Qadimgi Xorazm, Qang, Dovon va Kushon davlatlariga oid arxeologik topilmalar, Dalvarzintepa oltin xazinasi namunalari, Buyuk ipak yo‘li tarixi, buddaviylik madaniyatiga oid eksponatlar, Birinchi Renessans davri, Amir Temur va temuriylar merosi, o‘zbek xonliklari tarixi, Rossiya imperiyasi va sovet mustamlakachiligi davri, jadidchilik harakati, mustaqillik yillari hamda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot bosqichlari izchil tarzda yoritilgan.

Yangilangan ekspozitsiyaning muhim xususiyatlaridan biri interaktiv ekranlar, multimedia installyasiyalari, tarixiy rekonstruksiyalar va audiovizual yechimlar tashrif buyuruvchilarga tarixiy jarayonlarni zamonaviy formatda qabul qilish imkonini yaratadi.

Ekspozitsiyaning yakuniy qismi mustaqillik yillarida amalga oshirilgan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan bo‘lib, ayniqsa 2016–2026 yillarda mamlakatda olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va Uchinchi Renessans g‘oyasi alohida yoritilgan.

Muzey direktori Jannat Ismoilovaning ta’kidlashicha, yangilangan ekspozitsiyani yaratish jarayonida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi olimlari, oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari, dizaynerlar va muzey xodimlari birgalikda mehnat qilgan.

– Ikki yillik katta rekonstruksiya ishlaridan keyin muzey eshiklarini yana tashrifchilar uchun ochdik. Bugun mehmonlarning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib, mehnatimiz zoye ketmaganini his qildik. Ekspozitsiyani shakllantirishda har bir tarixiy davrni tashrifchilar uchun sodda, tushunarli va ta’sirchan tarzda yoritishga harakat qildik, — dedi muzey direktori.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatda muzey sohasiga qaratilayotgan e’tibor mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.

– Bu yil muzeylar sohasi uchun juda muhim yil bo‘ldi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi, Imom Buxoriy majmuasining foydalanishga topshirilishi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining yangilanishi mamlakatimizda madaniy merosni asrash va targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir. Bugun yangi muzeylar barpo etilmoqda, mavjudlari esa jahon andozalari darajasida qayta yaratilmoqda, — dedi Jannat Ismoilova.

Tadbir ishtirokchilari ham muzeyda amalga oshirilgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Aktrisa Tamara Hazratqulova muzey yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

– Tarixsiz kelajak bo‘lmaydi. Bugun muzeyga shuncha inson qiziqish bilan kelayotganini ko‘rib juda quvondim. Ilgari xorijda muzeylarga navbatlar bo‘lishini ko‘rib hayron qolardim. Endi o‘zimizda ham odamlar muzeyga intilib kelayotganini ko‘rib, faxrlandim. Bu juda katta yutuq. Yoshlar tarixni kitobdan emas, shu yerga kelib o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, ta’siri butunlay boshqacha bo‘ladi, — dedi aktrisa.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori, tarix fanlari doktori Saidakbar A’zamxo‘jayev esa muzey ekspozitsiyasida mamlakat tarixining barcha muhim bosqichlari zamonaviy texnologiyalar asosida yoritilganini alohida ta’kidladi.

– Bugun muzeyda Birinchi, Ikkinchi va Uchinchi Renessans g‘oyalari yaxlit tarzda namoyon etilgan. Ayniqsa, zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida tarixiy voqealarning jonli tasvirlanishi yoshlarda katta qiziqish uyg‘otadi. Kitobda o‘qigan tarix bilan muzeyda asl eksponatlarni ko‘rish o‘rtasida katta farq bor, — dedi professor.

Olimning ta’kidlashicha, keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida muzeylar faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar mamlakat madaniy hayotida yangi bosqichni boshlab berdi.

– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi, Imom Buxoriy majmuasi, mamlakatimizdagi yangi muzeylar va yangilangan ekspozitsiyalar — bularning barchasi milliy merosni asrash va dunyoga tanitishga xizmat qilmoqda. Bugun xorijlik sayyohlar ham muzeylarimizga katta qiziqish bildirmoqda. Bu esa O‘zbekistonning madaniy nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi, — dedi Saidakbar A’zamxo‘jayev.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu muzeyning qayta tantanali ochilishi Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida mamlakat madaniy hayotida muhim voqealardan biri sanalib, xalqimizga yana bir munosib tuhfa bo‘ldi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.