Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

China Today: “Pekinda Islom sivilizatsiyasi markazining Xitoy muzeylari bilan hamkorlik dasturi taqdim etildi”

Xitoyning nufuzli China Today axborot portalida Pekinda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Xitoyning yetakchi muzeylari bilan hamkorlik dasturi taqdim etilganiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi muzeyshunoslik, arxeologiya va madaniy meros sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar, ekspeditsiyalar va ta’lim loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan yangi tashabbuslar, shuningdek, Pekinda o‘tkazilgan «O‘zbekistonXitoy: sivilizatsiyalar muloqoti va umumiy meros» tadbirining asosiy natijalari haqida so‘z yuritiladi.

O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasida Islom sivilizatsiyasi markazining Xitoyning yetakchi muzeylari bilan hamkorlik bo‘yicha yangi dasturi taqdim etildi.

Pekin. O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasida «O‘zbekiston — Xitoy: sivilizatsiyalar muloqoti va umumiy meros» mavzusida madaniy-ma’rifiy hamda media tadbir o‘tkazildi. Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Xitoyning yetakchi muzeylari, ilmiy muassasalari va madaniy tashkilotlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha yangi dasturi taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda diplomatik korpus vakillari, davlat idoralari mutasaddilari, yetakchi muzeylar rahbarlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, arxeologlar, san’atshunoslar, madaniyat arboblari, ommaviy axborot vositalari hamda ikki mamlakat ekspertlar hamjamiyatining 200 dan ortiq vakili ishtirok etdi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi O‘zbekiston va Xitoyning madaniy merosni o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish sohasidagi hamkorligini yanada rivojlantirish bo‘ldi. Tomonlar qo‘shma muzey ko‘rgazmalari, arxeologik tadqiqotlar va ekspeditsiyalar tashkil etish, ilmiy-nashr loyihalarini amalga oshirish, mulьtimedia ekspozitsiyalarini yaratish, mutaxassislar almashinuvi hamda ta’lim dasturlarini rivojlantirish rejalarini taqdim etdilar.

Shuningdek, Buyuk Ipak yo‘li orqali shakllangan O‘zbekiston va Xitoy xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik aloqalarni aks ettiruvchi tarixiy va madaniy yodgorliklarni aniqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha qo‘shma ishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, uning betakror konsepsiyasi, asosiy ekspozitsiyalari, ilmiy-ma’rifiy faoliyati hamda islom sivilizatsiyasining boy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilishga qaratilgan xalqaro missiyasi haqida hikoya qiluvchi hujjatli filьm namoyish etildi.

Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farhod Arziyev, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov, shuningdek, Xitoyning yetakchi ilmiy muassasalari vakillari hamda O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi ishtirokchilari tabrik so‘zlari bilan murojaat qildilar.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar ilmiy, muzey va madaniy hamkorlikni yanada kengaytirishga qiziqish bildirib, Islom sivilizatsiyasi markazining Xitoyning yetakchi muassasalari bilan hamkorligi yangi xalqaro loyihalarni amalga oshirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar sheriklikni mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farhod Arziyev o‘z nutqida shunday dedi:

«Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar misli ko‘rilmagan darajada yuksak bosqichga ko‘tarildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikning mustahkam poydevorini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi samimiy va do‘stona munosabatlar tashkil etadi».

Elchining ta’kidlashicha, gumanitar hamkorlik va madaniy diplomatiya ikki tomonlama munosabatlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ilm-fan va madaniyat sohasidagi qo‘shma loyihalar ushbu sheriklikka yangi amaliy mazmun bag‘ishlamoqda.

Tadbirda Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi umumiy madaniy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida turli mamlakatlar muzeylari, ilmiy institutlari, arxivlari, kutubxonalari va tadqiqot markazlarini birlashtiruvchi xalqaro maydonga aylanayotgani alohida ta’kidlandi.

Xitoylik hamkorlar bilan erishilgan kelishuvlar qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar, nashriyot va ta’lim loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, zamonaviy muzey texnologiyalarini joriy etish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda.

Tadbirning muhim voqealaridan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasida ikki doimiy ekspozitsiyaning ochilishi bo‘ldi. Ulardan biri mamlakatning zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan «Yangi O‘zbekiston» fotoko‘rgazmasi, ikkinchisi esa O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Jahon jamiyati (WOSCU)ning O‘zbekiston tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan ilmiy nashrlari hamda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini namoyish etuvchi kitoblar ko‘rgazmasidir.

Mazkur tadbir Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifini yakunladi. Tashrif davomida delegatsiya mamlakatning qator yetakchi muzeylari va ilmiy muassasalari rahbariyati bilan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi. Jumladan, Gonkong Saroy muzeyi, Xitoy Milliy muzeyi, Xitoy Arxeologiya muzeyi, Gugun (Saroy) muzeyi, Shensi tarixi muzeyi hamda Xarbin muzeyiga tashriflar amalga oshirildi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bir qator memorandumlar imzolandi hamda qo‘shma ko‘rgazma, ilmiy, muzey va ta’lim loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Safarning eng muhim natijalaridan biri sifatida Xitoy muzeylari va xususiy kolleksiyalarida sug‘d sivilizatsiyasiga mansub noyob ashyolar hamda hozirgi O‘zbekiston hududi tarixi bilan bog‘liq boshqa qimmatli artefaktlar aniqlandi.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan Xitoy to‘plamlarida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosi haqida ilmiy alьbom tayyorlash, o‘zaro ko‘rgazmalar tashkil etish, muzeylar o‘rtasidagi hamkorlik va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishni nazarda tutuvchi yangi qo‘shma dasturni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Tashrif yakunlari O‘zbekiston va Xitoyning madaniy merosni o‘rganish, asrash va ommalashtirish sohasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga, uzoq muddatli qo‘shma muzey, ilmiy, ta’lim va madaniy loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.