

Yangiliklar
Nara hokimi: «O‘zbekiston o‘z tarixi bilan birga kelajagini ham namoyish etmoqda»
Yaponiyaning qadimiy tarixiy markazlaridan biri — Nara shahri hokimi Nakagava Motobonu O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, mamlakatning ko‘p asrlik madaniy merosi, noyob qo‘lyozmalari va zamonaviy taraqqiyot yo‘nalishlarini bir makonda mujassam etgan ekspozitsiyalar bilan tanishdi. Tashrif O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarining yangi ifodasi bo‘ldi.
Tashrif davomida Markaz muzeyi ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirgan Nakagava Motobonuning ta’kidlashicha, ushbu majmua O‘zbekistonning tarixiy xotirasi, milliy qadriyatlari va zamonaviy taraqqiyot maqsadlarini yagona konsepsiya asosida birlashtirgan noyob madaniy-ma’rifiy maskandir.
— Nara shahri to‘rt yil avval Samarqand bilan birodar shaharga aylangan. Mamlakatlarimizni 1300 yillik Ipak yo‘li tarixi bog‘lab turadi. Yangi barpo etilgan ushbu Markazga ilk bor tashrif buyurdim. Bu yerda O‘zbekistonning nafaqat uzoq tarixini, balki buguni va kelajagini ham ko‘rish mumkin. Har gal O‘zbekistonga kelganimda mamlakatingiz jadal rivojlanib, o‘zgarib borayotganiga guvoh bo‘laman. Markazda milliy qadriyatlarni asragan holda zamonaviy taraqqiyot sari intilish ruhi yaqqol namoyon bo‘lgan. Bu yerga tashrif buyurib, O‘zbekiston kelajakda qanday yuksak marralarni ko‘zlayotganini yanada yaqindan his qildim, — dedi Yaponiyaning Nara shahri hokimi.
Nara va Samarqand o‘rtasidagi birodar shahar munosabatlari O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Har ikki shahar ham qadimiy davlatchilik, me’morchilik, ilm-fan va madaniy almashinuv an’analari bilan jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘rin tutadi.
Nara VIII asrda Yaponiyaning siyosiy va madaniy markazi bo‘lgan bo‘lsa, Samarqand asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lining muhim chorrahalaridan biri sifatida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, ilm-fan va madaniyat almashinuviga xizmat qilgan.
Shu nuqtai nazardan, Nara hokimining Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni zamonaviy madaniy diplomatiya, muzeylar hamkorligi va xalqlararo muloqot orqali rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Tashrif yakunida Nakagava Motobonu Markazda boy tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar asosida namoyish etish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ularni kelajak avlodlarga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.
U Islom sivilizatsiyasi markazini O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixini xalqaro auditoriyaga zamonaviy, ilmiy va ta’sirchan shaklda taqdim etayotgan muhim madaniy platforma sifatida e’tirof etdi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.