Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistonda Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi

O‘zbekistonda buyuk allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etish davlat siyosati darajasida izchil davom etmoqda. Ana shu ezgu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyulda «Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyondasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi  Qarori qabul qilindi. Qaror Hakim Termiziyning ilmiy merosini chuqur tadqiq etish, uning asarlarini keng ommaga yetkazish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni nazarda tutadi.

Hakim Termiziy IX asrda yashab ijod qilgan buyuk muhaddis, mufassir va tasavvuf ilmining eng yirik namoyandalaridan biri hisoblanadi. Uning asarlari islom ma’naviyati, axloq, komil inson tarbiyasi va ma’rifiy qarashlarning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etib, asrlar davomida musulmon olamida yuksak e’tirof etib kelinmoqda.

Qarorga muvofiq, 2026-yil noyabr oyida Termiz shahrida «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi. Unda mahalliy va xorijiy olimlar ishtirokida allomaning ilmiy merosi, uning hadisshunoslik, tasavvuf va islom tafakkuri rivojidagi o‘rni atroflicha muhokama qilinadi. Shuningdek, allomaning «Navodirul usul» va «Bahrut tafsir» asarlari hamda uning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish belgilangan. Bu esa Hakim Termiziy merosini xalqaro ilmiy jamoatchilikka yanada kengroq tanitishga xizmat qiladi.

Qaror doirasida 2026-yil davomida Hakim Termiziyning ilmiy merosiga bag‘ishlangan turkum risolalar nashrga tayyorlanadi va chop etiladi. Yosh avlodning alloma merosini chuqur o‘rganishini rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida «Hakim Termiziy asarlari bilimdoni» tanlovi tashkil etilib, g‘oliblar munosib taqdirlanadi. Bundan tashqari, Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan «Mardlar maydoni» shiori ostida uning xotirasiga bag‘ishlangan kurash turniri yuqori saviyada o‘tkazilishi ham belgilangan. Bu tashabbus milliy qadriyatlar, ma’naviyat va sportni uyg‘un targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

Mazkur qaror buyuk ajdodlarimiz merosini asrash va uni kelajak avlodga yetkazish, shuningdek, O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasini jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Hakim Termiziyning boy ilmiy-ma’naviy merosi nafaqat milliy, balki umuminsoniy ma’naviy xazinaning ajralmas qismi sifatida yanada keng o‘rganilishi va targ‘ib qilinishi uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.