

Yangiliklar
Yevropa diplomatlari Islom sivilizatsiyasi markazini madaniyatlar muloqotining muhim maydoni deb baholadi
Finlyandiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi Mariya Ogren hamda Portugaliya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Sara Ferru Ribeyru O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishdi. Diplomatlar Markazni O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini xalqaro jamoatchilikka taqdim etish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish va xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim ilmiy-ma’rifiy muassasa sifatida baholadilar.
Finlyandiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi Mariya Ogren va Portugaliya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Sara Ferru Ribeyru O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdi.
Tashrif davomida diplomatlarga Markazning ekspozitsiya konsepsiyasi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, O‘zbekiston zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalarning ilmiy merosi, nodir qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar hamda zamonaviy multimedia va interaktiv texnologiyalar asosida yaratilgan muzey yechimlari taqdim etildi.
Mehmonlar Markazning O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixiy va madaniy merosini zamonaviy muzeyshunoslik yondashuvlari orqali namoyish etishga qaratilgan konsepsiyasi hamda uning xalqaro madaniy diplomatiyadagi ahamiyatini yuqori baholadilar.
Finlyandiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi Mariya Ogren Markaz xalqlarning tarixiy xotirasi va madaniy merosini asrab-avaylash hamda uni kelajak avlodlarga yetkazishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
«Markaz menda juda katta taassurot qoldirdi. Har bir xalq o‘z tarixini bilishi va mamlakat kelajagini aynan shu tarix, madaniyat hamda an’analari asosida qurishi juda muhim. Bu yerda ana shu g‘oya muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Ayniqsa, O‘zbekistonning qadimiy tarixi aks ettirilgan ekspozitsiyalar alohida taassurot uyg‘otdi. Finlyandiyada ham ko‘chmanchilik an’analari mavjud bo‘lgani sababli ayrim jihatlarda xalqlarimiz tarixi o‘rtasida o‘xshashliklarni his qildim. Ishonamanki, bunday madaniy markazlar xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish, ularning tarixi va madaniyatini chuqurroq anglash hamda o‘zaro hurmatni mustahkamlashga xizmat qiladi», — dedi u.
Portugaliya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Sara Ferru Ribeyru Markazni turli sivilizatsiyalar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim ma’rifiy maydon sifatida baholadi.
«Bu yerga tashrif buyurish imkoniyati uchun minnatdorlik bildiraman. Ayniqsa, Yevropa mamlakatlaridan kelgan insonlar uchun islom sivilizatsiyasini madaniyat orqali anglash juda muhim. Chunki aynan madaniyat xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi va o‘zaro tushunishni mustahkamlaydi. Meni muzeydagi mozaika san’ati, qadimiy zargarlik namunalari va Usmon Mus'hafi saqlanayotgan zal juda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, ushbu zaldagi pushti marmar ustunlar Portugaliyadan keltirilganini bilish men uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Markazda qo‘llanilgan raqamli texnologiyalar ekspozitsiyalarni yoshlar uchun yanada jozibador qilgan. Shu bois har bir insonga, ayniqsa, yoshlarga ushbu Markazga tashrif buyurishni tavsiya etaman», — dedi elchi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.