Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Prezident tabrigi Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda o‘qib eshittirildi

Toshkent shahrida 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali bayram tadbiri avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigi ishtirokchilarga o‘qib eshittirildi.

Prezident tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.

Davlat rahbari o‘z tabrigida Xalqlar do‘stligi kuni yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan qutlug‘ ayyom ekanini ta’kidladi. Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashab, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani, ana shunday milliy-madaniy xilma-xillik mamlakatimizning eng katta boyliklaridan biri ekani qayd etildi.

Tabrikda keyingi yillarda “Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda” degan ezgu g‘oya asosida millatlararo munosabatlar sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgani, mazkur yo‘nalishda mustahkam huquqiy baza yaratilgani hamda sohaning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda 153 ta milliy madaniy markaz va 36 ta do‘stlik jamiyati samarali faoliyat yuritib, xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani, ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari yetti tilda olib borilayotgani, teleradiokanallar orqali 12 tilda ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatilayotgani, 14 tilda gazeta va jurnallar nashr etilayotgani mamlakatimizda barcha millat va elat vakillari uchun yaratilgan keng imkoniyatlarning amaliy ifodasi sifatida e’tirof etildi.

Prezident o‘z tabrigida qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan munosabatlarni yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish hamda xalq diplomatiyasini rivojlantirish Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.

Shu bilan birga, turli millat vakillarini yanada yaqinlashtirishda san’at va madaniyatning o‘rni beqiyos ekani ta’kidlanib, mamlakatimizda professional «Do‘stlik» ansamblini tashkil etish hamda yangilangan «Alisher Navoiy» telekanalini yangi formatda faoliyat boshlatish rejalari ma’lum qilindi.

Tabrik yakunida davlat rahbari barcha yurtdoshlarni Xalqlar do‘stligi kuni bilan samimiy qutlab, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini asrab-avaylash har birimizning muqaddas burchimiz ekanini ta’kidladi. Prezident barcha vatandoshlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, farovonlik hamda Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi fidokorona mehnatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.