

Yangiliklar
Qahramon Sariyev: "Umummilliy birdamlik Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevoridir"
Toshkent shahrida "Umummilliy birdamlik — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchi!" mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini davom ettirdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30 iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigi yangradi. Qo‘mita raisi davlat rahbarining tabrigi ko‘p millatli xalqimizni yanada birlashtiruvchi, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlovchi muhim dasturiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Nutqda yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va hamjihatlik tasodifiy holat emasligi, balki Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil davlat siyosatining amaliy natijasi ekani qayd etildi. Bugun O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv hayot kechirayotgani, ularning o‘z tili, madaniyati, milliy qadriyat va an’analarini asrab-avaylash hamda rivojlantirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, fuqarolarga millati va dinidan qat’i nazar teng huquq va imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekaniga e’tibor qaratildi. So‘nggi yillarda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar natijasida mazkur sohada yangi institutsional va huquqiy tizim shakllantirilgani, 2025-yilda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash qo‘mitasining qayta tashkil etilgani bu yo‘nalishga davlat tomonidan yuksak e’tibor qaratilayotganining yaqqol ifodasi sifatida baholandi.
Qahramon Sariyev 30-iyul sanasi qonun bilan Xalqlar do‘stligi kuni sifatida belgilangani mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini qayd etdi. Shu munosabat bilan joriy yilning 24-iyulidan boshlab mamlakatning barcha hududlarida Do‘stlik festivali doirasida xalq sayillari, konsert dasturlari, ilmiy-anjumanlar, milliy madaniy markazlar ishtirokida ko‘rgazmalar va turli ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.
Nutq davomida mazkur xalqaro konferensiya ham Do‘stlik festivalining eng muhim tadbirlaridan biri ekani, unda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik olim va ekspertlar, davlat idoralari, jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, ommaviy axborot vositalari hamda blogerlar ishtirok etayotgani anjumanning nufuzini yanada oshirayotgani qayd etildi.
Shuningdek, festival doirasida vazirlik va idoralar, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari va xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan yuzga yaqin faolning «Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
So‘zining yakunida Qahramon Sariyev konferensiya davomida ilgari suriladigan tashabbus va takliflar jamiyatda umummilliy birdamlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchni yuksaltirish, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni rivojlantirish hamda xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.