

Yangiliklar
Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat — sivilizatsiya va taraqqiyotning eng mustahkam poydevori
Toshkent shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Umummilliy birdamlik — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchi!» mavzusidagi xalqaro konferensiya davom etmoqda.
Anjuman ishtirokchilarini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov qutlar ekan, yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, davlat va jamoat tashkilotlari, ilmiy doiralar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillariga minnatdorlik bildirdi.
"Bugungi xalqaro konferensiyaning millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va fuqarolik birdamligini mustahkamlashga bag‘ishlangani dolzarb ahamiyat kasb etadi. Zero, bu qadriyatlar har qanday davlatning barqaror taraqqiyoti, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashning eng muhim omillaridan hisoblanadi", — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Nutqda ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda inson qadrini yuksaltirish, millatlararo totuvlikni ta’minlash, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash hamda turli millat va elat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonchni qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Qayd etilganidek, davlat rahbari ushbu ezgu tamoyillarni 2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi minbaridan butun jahon hamjamiyatiga ilgari surib, bag‘rikenglik, ma’rifat va o‘zaro hurmat global tinchlik hamda barqaror taraqqiyotning eng muhim shartlaridan biri ekanini alohida ta’kidlagan. Bugun mazkur tashabbuslar nafaqat mamlakatimiz taraqqiyotining muhim tamoyili, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlayotgan amaliy siyosatga aylangani qayd etildi.
Firdavs Abduxoliqov o‘z ma’ruzasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining g‘oyaviy konsepsiyasi ham aynan shu yuksak qadriyatlarga asoslanganini ta’kidladi.
"Markaz ekspozitsiyasi O‘zbekiston hududida shakllangan uch ming yillik sivilizatsiya tarixini xalqlar, madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi uzviy muloqot, hamjihatlik va o‘zaro ta’sir nuqtai nazaridan yaxlit tizimda namoyon etadi", — dedi u.
Shuningdek, Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar, xalqaro konferensiyalar va madaniy tashabbuslar O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini jahon hamjamiyatiga keng tanitish, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Ma’ruza yakunida Markaz direktori mazkur xalqaro anjuman fikr va tajriba almashish, yangi tashabbuslarni ilgari surish hamda mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi muloqotni yanada rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘lishiga ishonch bildirdi.
"O‘zbekiston tarixi bizga buyuk haqiqatni anglatadi: sivilizatsiya va taraqqiyotning eng mustahkam asosi — tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va ma’rifatdir. Ana shu bebaho merosni asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish va butun dunyoga keng targ‘ib etish barchamizning umumiy vazifamizdir", — deya so‘zini yakunladi Firdavs Abduxoliqov.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.