

Yangiliklar
Al Watan: "Kitoblarda o‘qiganlarimizni O‘zbekistonda hayotda ko‘rdik"
Saudiyaning «Al Watan» gazetasida chop etilgan doktor Usmon Mahmud as-Siniyning maqolasida O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining eng ulug‘ markazlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Muallif yurtimizga qilgan safari davomida kitoblarda o‘qigan Movarounnahr, Shosh, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Xorazm va Termiz haqidagi tarixiy bilimlar haqiqiy hayot bilan uyg‘unlashganini ta’kidlaydi. Uning fikricha, O‘zbekiston boy ilmiy-ma’rifiy merosi, buyuk allomalari va asrlar davomida saqlanib kelayotgan madaniy an’analari bilan o‘tmish va bugunni bog‘lovchi, butun islom olamini birlashtiruvchi bebaho sivilizatsion makondir.
Rasm yoki jonli manzarani ko‘rib, musiqa tinglab yoki matn mutolaa qilib hayratga tushish — insonga xos fazilatdir. Bu hayratimizni boshqalar bilan bo‘lishish esa insoniyligimizni namoyon etadigan o‘ziga xos xususiyatdir. Ammo hayotimizni doimiy va serqirra hayrat bilan boyita olish — globallashuv davridagi eng mushkul, hatto deyarli imkonsiz vazifalardan biriga aylangan.
Chunki bugungi kunda narsalar bir-biriga o‘xshab bormoqda, muqobillari ko‘paymoqda, o‘ziga xoslik va betakrorlik esa tobora kamaymoqda. Shu bilan birga, raqamli aloqa asrida biz ulkan axborot oqimi ichida yashamoqdamiz. Bu axborotlar o‘zining qiymati, ko‘lami, tartibsizligi va ba’zan hatto bir-biriga zidligi bilan insonni o‘rab olgan.
Bu, shuningdek, tasvirlar oqimi davridir. Bugun sun’iy intellekt yordamida go‘yo hamma narsa sodir bo‘lgan, sodir bo‘layotgan yoki kelajakda sodir bo‘ladigandek ko‘rinadi. Bu yerda boshqalarning o‘z nigohi va didi bilan ko‘rganlari, siz uchun ko‘rsatmoqchi bo‘lganlari yoki ularning shaxsiy va texnik imkoniyatlari ruxsat bergan darajadagi manzaralar bir-biriga aralashib ketadi. Natijada inson ko‘z oldidan behisob tasvirlar o‘tadi, ammo oxir-oqibat haqiqiy manzarani ko‘rmagandek bo‘ladi.
Bu holatni abbosiylar davri shoiri Di’bil al-Xuzo’iy bundan 1200 yildan ortiq vaqt avval bashorat qilgandek shunday degan edi:
«Ko‘zlarimni ochganimda juda ko‘p narsalarga nazar tashlayman, ammo hech kimni ko‘rmayman.»
Men bu yerda narsalarni ilk bor ko‘rayotgan bolaning hayrati yoki olimlar va faylasuflarning bilimdan tug‘iladigan hayrati haqida so‘z yuritayotganim yo‘q. Men nazarda tutayotgan hayrat — o‘zligimizni qayta kashf etish hayratidir. Bu — ongimizdagi bilimlar, xotiralar va fikrlarni qayta anglashdir. Chunki ular uzoq vaqt takrorlanishi va odat tusiga kirishi natijasida qotib qolgan tushunchalarga, barcha narsani aytadigandek tuyuladigan, ammo aslida biz uchun aniq bir ma’noni anglatmaydigan umumiy iboralarga aylanib qolgan.
Biz ularning yonidan ularni ko‘rmagandek o‘tib ketamiz. Ular bilan yashaymiz, ammo his-tuyg‘ularimiz ularga nisbatan o‘z ta’sirchanligini yo‘qotgani uchun ular endi qalbimizga avvalgidek ta’sir qilmaydi.
Biz bu hayratni Markaziy Osiyo respublikalariga tashrif buyurganimizda yanada chuqurroq his qilamiz. Shunda anglaymizki, bu hududlar haqidagi bilimlarimiz asosan islom fathlari haqidagi adabiyotlar orqali shakllangan ekan. Avvalo, tarix va adabiyot kitoblari, ayrim tarjimai hollar hamda shu mintaqalarda yashagan, ta’lim olgan yoki ilmda yuksak mavqega erishgan ulamolar haqidagi ma’lumotlar orqali biz Shosh diyori, Movarounnahr, Sayhun va Jayhun daryolari, Farg‘ona, Xorazm va Buxoro kabi nomlarni ongimizga singdirganmiz.
Bu nomlar va ular bilan bog‘liq voqealar ma’rifat xaritamizda mustahkam o‘rin olgan. Ilk musulmon tarixchilari islom fathlari haqida asarlar yoza boshlagan davrdan buyon shakllangan tasavvur deyarli o‘zgarmay keldi. Bizga al-Voqidiyning «Al-Mag‘oziy» (hijriy 207-yilda vafot etgan), al-Balazuriyning «Futuh al-buldon» (hijriy 279-yilda vafot etgan), at-Tabariyning «Tarix ar-rusul val-muluk» (hijriy 310-yilda vafot etgan) kabi asarlari va boshqa ko‘plab manbalar yetib keldi.
Biroq Bag‘dodning qulashi va mo‘g‘ullarning Markaziy Osiyoga bostirib kirishi ortidan bu mintaqa uzoq vaqt e’tibordan chetda qoldi. Keyinchalik esa Sovet Ittifoqi tarkibiga kirib, kommunistik tuzum doirasiga o‘raldi va faqat 1991-yilda mustaqillikka erishdi.
Agar bugun arab dunyosidagi ko‘pchilikdan «-ston» davlatlari — O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tatariston yoki Turkiston haqida nimalarni bilishini so‘rasangiz, ularning bugungi kun haqidagi ma’lumotlari juda kam ekanini ko‘rasiz. Holbuki, Buxoro, Shosh, Farg‘ona, Sayhun, Jayhun va Xorazm haqida tarixiy merosimizda saqlangan ma’lumotlar nihoyatda boy. Afsuski, tarixiy tasavvur bilan bugungi voqelik o‘rtasida deyarli to‘liq uzilish yuzaga kelgan.
O‘zbekistonda inson tarix haqidagi xotiralarini shunchaki eslamaydi, balki ularni bevosita yashaydi. Bu yerda siz xayoliy vaqt mashinasi orqali o‘tmish yoki kelajakka sayohat qilayotgandek ham emassiz, qadimgi tarix voqealarini shunchaki tasavvur ham qilmaysiz. Aksincha, ongingizda saqlangan bilimlar, ularning qahramonlari va voqealari siz o‘zingizni haqiqatan ham ichida topgan jismoniy muhit bilan uyg‘unlashib ketadi.
Bu uyg‘unlik moddiy madaniyat — tarixiy yodgorliklar, muhtasham binolar va me’moriy obidalar orqali, shuningdek, nomoddiy madaniyat — avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’analar, insonlarning hayot tarzi va madaniy merosni yashab kelayotganliklari orqali namoyon bo‘ladi. Ular nafaqat bu madaniyatni asrab keladilar, balki uning ta’sirini his etib, o‘zlari ham unga ta’sir ko‘rsatib yashaydilar.
Avvallari bu yerdagi islom sivilizatsiyasi yodgorliklari haqidagi bilimlarimiz ko‘proq «yod olgan, ammo anglamagan» odamning bilimiga o‘xshar edi. Endi esa ongimizdagi ma’lumotlar o‘zining haqiqiy o‘rnini topa boshladi. Ular geografik, insoniy va sivilizatsion manzarada, bugungi voqelikdan tortib 1400 yildan ziyod tarixiy davrgacha bo‘lgan uzviy bog‘liqlikda namoyon bo‘lmoqda.
Shu tariqa, tarix bilan madaniyat, ongimizning eng chuqur qatlamlarida saqlangan tasavvurlar bilan zamonaviy hayot o‘rtasidagi bog‘liqlik yana qayta tiklanadi.
Oyog‘ingiz Toshkent zaminiga qadam qo‘ygan zahoti, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan, Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) tashabbusi hamda uning bosh direktori doktor Salim Muhammad al-Molik rahbarligida ikki kun davom etgan Islom sivilizatsiyasi anjumani o‘tkazilganini ko‘rasiz. Ana shunda anglaysizki, siz aynan qadimgi Shosh diyoridasiz. Bu diyorga hijriy 95 yilda Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy hajjoj ibn Yusuf yuborgan qo‘shin boshida kirib kelgan edi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida esa hijriy 25 yilda Usmon ibn Affon davrida ko‘chirilgan mushafni ko‘rasiz. Rivoyatlarga ko‘ra, bu aynan hazrati Usmon shahid qilingan paytda qiroat qilayotgan mushafdir.
Shundan so‘ng Samarqandga yetib kelasiz. Bu yerda hijriy 256-yilda vafot etgan Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hamda hijriy 333-yilda vafot etgan, «Ahli sunna imomi» va moturidiya ta’limoti asoschisi sifatida tanilgan Abu Mansur al-Moturidiyga bag‘ishlangan ikki ilmiy anjuman o‘tkazildi.
Samarqanddagi ulkan Imom Buxoriy majmuasiga kirishingiz bilanoq uning noyob me’morchiligi sizni maftun etadi. Devorlar, gumbazlar va eshiklardagi nafis naqshlar hamda rang-barang mozaykalar geometrik va o‘simliksimon bezaklarning hayratomuz uyg‘unligini namoyon etadi. Bu go‘zallik qarshisida inson beixtiyor to‘xtab qoladi; go‘yo barcha his-tuyg‘ulari ko‘zga aylanib, har bir mayda jihatni diqqat bilan kuzata boshlaydi.
Keyin esa Samarqandning qadimiy qismi bo‘ylab sayr qilasiz. Bu haqiqiy tirik muzey bo‘lib, betakror me’moriy durdonalarni bag‘riga olgan. Shu yerda Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning amakivachchalari, Movarounnahr fathlarida ishtirok etgan va hijriy 57 yilda Samarqandda shahid bo‘lgan Qusam ibn Abbos maqbarasi joylashgan. Undan uncha uzoq bo‘lmagan yerda esa hijriy 807-yilda vafot etgan buyuk sarkarda Amir Temur maqbarasi qad rostlab turibdi.
Shuningdek, Registon maydonidagi mashhur madrasalar majmuasi ham diqqatga sazovor. Bu yerda hijriy 821 (milodiy 1418) yildan boshlab astronomiya, matematika, kimyo va falsafa kabi fanlar o‘qitilgan va bu an’ana 1920-yildagi Rossiya bosqiniga qadar davom etgan.
So‘ng yo‘l Buxoroga — Imom Buxoriy tug‘ilgan shaharga olib boradi. Keyin esa Xorazmga, bugungi Xivaga yo‘l olasiz. Bu diyordan mashhur matematik, astronom va geograf Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy yetishib chiqqan. Bugun butun dunyoda, ayniqsa dasturchilar tilidan tushmaydigan «algoritm» atamasi aynan uning nomi bilan bog‘liq ekanini esa ko‘pchilik anglab yetmaydi. Shuningdek, bu yerda hijriy 538-yilda mashhur tafsirchi Az-Zamaxshariy vafot etgan.
Sayohat nihoyasida esa Termiz shahriga yetib kelasiz. Bu shahar Abdulmalik ibn Marvon davrida fath etilgan. Shu zaminda hijriy 279-yilda vafot etgan, «As-Sunan» asari muallifi Muhammad ibn Iso at-Termiziy tavallud topgan. Uning ilmiy merosiga bag‘ishlab aynan shu yerda yirik xalqaro ilmiy anjuman ham tashkil etilgan.
Biz avval Andijon, Namangan, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarini faqat Toif shahrida birga o‘qigan yoki qo‘shni bo‘lib yashagan ayrim do‘stlarimizning vatani sifatida bilar edik. Xuddi Buxoro, Samarqand, Toshkent, Turkiston va Qoshg‘ar kabi bu shaharlar ham ongimizda shunchaki joy nomlari sifatida gavdalanardi.
Ammo bu yurtlarga kelganingizda yana bir bor hayrat og‘ushiga tushasiz. Chunki bu shaharlarning barchasi tarixda ko‘p bor tilga olingan mashhur Farg‘ona vodiysi bag‘rida joylashganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz. Bu vodiy haqida Umaviylar va Abbosiylar davri tarixi manbalarida, shuningdek, xalifalar va sarkardalar saroyidagi ijtimoiy hayotga oid rivoyatlarda ko‘plab ma’lumotlar uchraydi.
Farg‘onaning shuhrati keyingi asrlarda ham davom etdi. Hatto mashhur arab adibi Jurji Zaydon Islom tarixi haqidagi romanlar turkumi doirasida o‘zining mashhur «Farg‘ona kelini» («Arus Farg‘ona») romanini ham aynan shu o‘lkaga bag‘ishlagan. Buning barchasi tarix sahifalarida o‘qigan nomlaringiz haqiqiy hayotda ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘layotganini his ettirib, insonni yana bir bor chuqur hayratga soladi.
Markaziy Osiyodagi «-ston» davlatlari bilan arab dunyosi o‘rtasida islom bu yurtlarga yoyilganidan keyin ikki alohida madaniyatning o‘zaro ta’siri, ya’ni madaniy almashinuv emas, balki yagona islomiy madaniy va sivilizatsion makon shakllangan edi. Garchi turli sulolalar va davlatlar vujudga kelgan bo‘lsa-da, madaniy hayot yaxlit va o‘zaro teng ishtirok etuvchi tizim sifatida rivojlangan.
O‘sha davrda ulamolar ilm talabida yurtma-yurt safar qilar, turli o‘lkalardan talabalar ularning huzuriga kelar edilar. Ular yozgan asarlar esa siyosiy yoki madaniy to‘siqlarsiz butun islom olami bo‘ylab tarqalardi.
Buning yorqin misollaridan biri — Imom Buxoriydir. U ilm izlab Buxorodan chiqib, minglab kilometr masofani bosib o‘tib Makka va Madinaga borgan, u yerda qariyb olti yil yashab, mashhur ulamolardan ta’lim olgan. Keyin Basrada istiqomat qilgan, Kufa, Vosit va Bag‘dodga sakkiz marta borib, u yerda Imom Ahmad ibn Hanbal bilan uchrashgan. Shuningdek, Damashq, Qaysariya, Askalon, Xuroson, Nishopur, Marv, Hirot, Misr va boshqa ko‘plab shaharlarga safar qilgan.
Imom Buxoriy o‘z safarlari haqida shunday degan:
«Shom, Misr va Jaziraga ikki marta bordim, Basraga to‘rt marta safar qildim, Hijozda olti yil yashadim. Kufa va Bag‘dodga necha marta kirganimning hisobini ham bilmayman».
Keyinchalik u Nishopurga qaytdi va hayotining so‘nggi yillarini Samarqand yaqinida o‘tkazib, shu yerda vafot etdi. Turli mamlakatlardan kelgan ko‘plab shogirdlar undan ta’lim oldilar. Uning asarlari qo‘lyozma holda asrlar davomida Sharqdan G‘arbgacha tarqaldi.
Shu bois o‘sha davrni ikki madaniyat o‘rtasidagi munosabat sifatida emas, balki yagona madaniy makon sifatida baholash to‘g‘riroq bo‘ladi.
Zamonaviy davrda ham Markaziy Osiyo bilan arab dunyosi o‘rtasida haqiqiy madaniy almashinuv emas, aksincha, ma’lum ma’noda madaniy uzilish yuz berdi. Biroq islomning ilk asrlarida shakllangan madaniy muhit arab va islom merosi tarkibida asrlar davomida turli hududlarda yashab keldi.
Ayni paytda, qadimda ham, bugun ham O‘zbekiston misolida bir jamiyatning o‘zi ichida turli madaniy qarashlar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir va bahs-munozarani kuzatish mumkin. Buni ikki misol orqali ko‘rish mumkin.
Birinchi misol — muzeylarda saqlanayotgan qadimgi san’at va arxeologik yodgorliklardir. Tosh davridan tortib islomning dastlabki asrlarigacha bo‘lgan davrga oid inson va hayvon haykallari, Budda haykallari va boshqa tasvirlar uchraydi. Keyinchalik esa bu an’ana yo‘qolib, uning o‘rnini miniatyuralar, geometrik va o‘simliksimon naqshlar, bezaklar hamda mozaykalar egallaydi.
Ikkinchi misol esa mahalliy aholi madaniyati bilan islom madaniyati o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni namoyon etadi. Bu holat Buxorodagi Somoniylar maqbarasi me’morchiligida yaqqol ko‘rinadi. Maqbara Ahmad ibn Asad vafotidan (hijriy 278-yil / milodiy 892-yil), ya’ni Islom bu yurtlarga kirib kelganidan qariyb ikki asr o‘tgach qurilgan.
O‘sha davrda qabr ustiga maqbara qurish shariatga muvofiq deb hisoblanmas edi. Ammo Ismoil Somoniy ushbu an’anaviy taqiqni buzib, maqbara bunyod ettirdi.
Yanada qiziq jihati shundaki, ushbu inshoot me’morchiligi islomdan avvalgi sug‘d me’morchiligi an’analari asosida shakllangan. Unda to‘rt ravoqli gumbaz tuzilishi qo‘llanilgan, gumbaz bezaklari esa Sug‘d o‘lkasida muqaddas sanalgan quyosh ramzini ifoda etadi. Bu ramzlar Islom tarqalishidan avval Farg‘onada mavjud bo‘lgan «chiquvchi quyosh» ibodatxonalari bilan hamohangdir.
Shunday qilib, Somoniylar maqbarasi nafaqat noyob me’moriy yodgorlik, balki mahalliy madaniy meros bilan islom sivilizatsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir, uyg‘unlashuv va madaniy muloqotning ham yorqin namunasidir.
Zamonaviy davrga kelib esa, Markaziy Osiyo respublikalariga Rossiyaning bostirib kirishi va barcha Sovet Sotsialistik respublikalarida islom aqidasi o‘rniga kommunistik mafkurani joriy etishi natijasida madaniy qarama-qarshilik va bahs-munozaraning yangi bosqichi boshlandi.
Mustaqillikka erishilganidan keyin esa islom sivilizatsiyasi bilan faxrlanuvchilar hamda Rossiya yoki G‘arb tajribasiga ko‘proq moyil bo‘lgan islohotchilar o‘rtasida turli qarashlar shakllandi. Biroq barcha avlod vakillari orasida islom sivilizatsiyasiga mansublik hissi va uning buyuk allomalari bilan faxrlanish tuyg‘usi ustunligicha qolmoqda.
Shuningdek, islom fathlari davrida Arabiston yarim orolidan chiqqan ko‘plab arab qabilalari ushbu hududlarga kelib joylashgani, ularning ayrim vakillari shu yerda shahid bo‘lgani, boshqalari esa hukmronlik qilib, mahalliy aholi bilan qarindoshlik rishtalarini o‘rnatganini ham anglaysiz.
Buning yorqin dalillaridan biri — hadis ilmidagi mashhur «Sihoh» va «Sunan» kitoblari mualliflarining nasabidir. To‘qqiz mashhur hadis to‘plami mualliflaridan olti nafari arab qabilalariga mansub bo‘lgan:
- Muslim ibn Hajjoj an-Nishopuriy (vafoti hijriy 261-yil) — «Sahih Muslim» muallifi, Banu Qushayr qabilasidan.
- Abu Dovud Sulaymon ibn al-Ash’as as-Sijistoniy (vafoti hijriy 275-yil) — «Sunan» muallifi, Azd qabilasidan.
- Muhammad ibn Iso at-Termiziy — «Sunan» muallifi, Banu Sulaym qabilasidan.
- Abdulloh ad-Dorimiy as-Samarqandiy (vafoti hijriy 255-yil) — «Sunan» muallifi, Tamim qabilasining Banu Dorim tarmog‘idan.
Bulardan tashqari, Ahmad ibn Hanbal Shaybon qabilasidan, Molik ibn Anas Asbah qabilasidan, Imom Buxoriy esa Qahtoniylarning Mazhij qabilasi tarkibidagi Banu Ju’fiyning mavlosi bo‘lgan. Ibn Moja Banu Rabia mavlosi hisoblangan bo‘lsa, Ahmad ibn Shuayb an-Nasaiy esa hozirgi Turkmaniston hududidagi Nasa shahridan chiqqan.
Shu sababli Islom sivilizatsiyasi anjumanida ko‘ngilli sifatida ishtirok etgan universitet talabalari — Abdulaziz Xayrulloh, Imron, Madina va Jaloliddin kabi yoshlarning Saudiya Arabistonidan kelgan mehmonlarni arab tilida:
«Marhaban bikum, asotizatanā va ābāanā, duyuf al-Imom al-Buxoriy» — «Xush kelibsiz, ustozlarimiz va otalarimiz, Imom Buxoriyning aziz mehmonlari!»
deb samimiy qarshi olishlarining ma’no-mohiyatini yanada chuqurroq anglaysiz. Bu so‘zlarda nafaqat mehmondo‘stlik, balki umumiy tarix, yagona sivilizatsiya va mushtarak ma’naviy merosga bo‘lgan chuqur ehtirom ham mujassam.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.