Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazida yangi kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida shoir, jurnalist, «Kelajak bunyodkori» medali sohibi Shahriyor Shavkatning «Hirotga, bobomning huzuriga» nomli safarnoma-kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda adabiyotshunoslar, olimlar, yozuvchi va shoirlar, talabalar hamda kitobxonlar ishtirok etdi. Uchrashuv davomida kitobning yaratilish tarixi, uning mazmun-mohiyati va yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Muallif ta’kidlashicha, kitob, avvalo, yosh avlodga bag‘ishlangan bo‘lib, ularda Hazrat Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abu Rayhon Beruniy, Shoh Mashrab kabi buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy va ma’naviy merosga muhabbat hamda qiziqish uyg‘otishni maqsad qiladi.

«Keksa avlod Navoiyni yaxshi biladi. Ammo yoshlar orasida bu qiziqishni yanada kuchaytirish zarur. Men ishonamanki, “Hirotga, bobomning huzuriga” kitobi tengdoshlarimga yetib borsa, ularda buyuk allomalarimiz merosiga samimiy muhabbat va hurmat uyg‘onadi. Bu kitob ana shu yo‘ldagi ilk qadamlarimizdan biridir», — dedi Shahriyor Shavkat.

Shuningdek, muallif kitob taqdimotining aynan Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi chuqur ramziy ma’no kasb etishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy va ilmiy meros islom ma’rifati hamda ilm-fani bilan chambarchas bog‘liqdir.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori  Suvon Meli asarda Afg‘onistonda yashovchi o‘zbeklarning hayoti, ona tiliga sadoqati, milliy qadriyatlari va buyuk ajdodlar merosiga bo‘lgan yuksak ehtiromi samimiy va hayotiy tasvirlanganini alohida ta’kidladi.

«Bu kitobni o‘qigan inson, eng avvalo, o‘zbekligidan faxrlanadi. Asar yoshlarda milliy g‘urur, o‘zlikni anglash va ajdodlarimiz merosiga hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Bugungi murakkab zamonda xalqning jipsligi va milliy o‘zligini saqlab qolishi har qachongidan ham muhim. Shu jihatdan bu kitob har bir yosh mutolaa qilishi lozim bo‘lgan asarlardan biri, deb hisoblayman», — dedi u.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ular bu yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, noyob qo‘lyozmalar fondi, elektron kitoblar bazasi hamda ilmiy tadqiqotlar uchun mavjud imkoniyatlarni ko‘zdan kechirib, kutubxona ilm-fan va ma’naviyatni rivojlantirishga xizmat qiladigan zamonaviy ma’rifat maskani ekanini e’tirof etdilar.

Tadbir ishtirokchilari kutubxona nafaqat kitoblar saqlanadigan maskan, balki olimlar, tadqiqotchilar va yoshlar uchun ilmiy izlanishlar, ma’naviy-ma’rifiy muloqot va intellektual hamkorlik muhitini shakllantiruvchi muhim ilmiy-ma’rifiy markaz sifatida alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.