Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Jahon olimlari e’tirofi: O‘zbekiston tarixi yaxlit sivilizatsiya sifatida namoyon

AQShning Prinston va Texas universitetlari professorlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishdilar. Safar davomida mehmonlar barcha galereyalarni ko‘zdan kechirib, yurtimiz hududida shakllangan ko‘p asrlik sivilizatsiya tarixi yagona ilmiy konsepsiya asosida yoritilganini yuksak baholadilar.

Ayniqsa, Ikkinchi Renessans davriga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar, Temuriylar davri ilm-fani va madaniy yuksalishini aks ettiruvchi noyob eksponatlar olimlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mehmonlar ta’kidlaganidek, mazkur maskan nafaqat tarixiy merosni namoyish etadi, balki uni zamonaviy muzeyshunoslik yondashuvlari orqali chuqur anglash va ilmiy tahlil qilish imkonini ham yaratadi.

Prinston universiteti tadqiqotchisi Said Rizo Husayniy Balxiy Markaz haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, uning qisqa vaqt ichida yirik ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy maskanga aylanganini alohida ta’kidladi.

“Men bu joyni sakkiz yil avval, qurilish ishlari davom etayotgan paytda ko‘rgan edim. Bugun esa uni to‘liq shakllangan holda ko‘rib, chin ma’noda hayratda qoldim. Bu yerga kirgan inson nafaqat alohida davrlarni, balki butun mintaqaning tarixini yaxlit holda anglash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Eng muhim jihati shundaki, islomdan avvalgi sivilizatsiyalar tarixi ham, islom davri merosi ham yagona ilmiy konsepsiya asosida uyg‘unlashtirilgan. Bu — juda katta va beqiyos ahamiyatga ega tashabbus. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidentini, mamlakat hukumatini va ana shunday noyob meros maskaniga ega bo‘lgan O‘zbekiston xalqini samimiy tabriklayman.”

Prinston universiteti Yaqin Sharq tadqiqotlari bo‘yicha dotsenti hamda universitet qoshidagi Sharmin va Bijan Mossavar-Rahmoni nomidagi Eron va Fors ko‘rfazi tadqiqotlari markazi direktori Deniyel Sheffild esa ekspozitsiyalarning ilmiy qiymati va mazmundorligiga alohida urg‘u berdi.

“Bu muzey men kutgandan ham boy va mazmunli ekan. Hatto uzoq yillardan beri shu sohada faoliyat yuritayotgan olim sifatida ham avval hech qachon ko‘rmagan eksponatlar bilan tanishdim. Bu yerda Markaziy Osiyo tarixi juda keng qamrovda yoritilgan bo‘lib, u Islom olamining boshqa hududlari hamda jahon sivilizatsiyasi tarixi bilan o‘zaro bog‘liq holda taqdim etilgan. Men, asosan, islomdan avvalgi davr tarixi bilan shug‘ullanganim uchun birinchi galereya menda alohida taassurot qoldirdi. Ilmiy adabiyotlar orqali yaxshi tanish bo‘lgan artefaktlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi.”

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoning nufuzli universitetlari va ilmiy muassasalari olimlari e’tirof etayotgan yirik ma’naviy-ma’rifiy hamda akademik muloqot maydoniga aylanib bormoqda. Turli mamlakatlardan tashrif buyurayotgan mutaxassislarning yuksak bahosi Markazning milliy merosni asrash va uni xalqaro ilmiy jamoatchilikka zamonaviy muzeyshunoslik hamda akademik yondashuvlar asosida taqdim etishdagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.