Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Colombo Times: “O‘zbekistonning Yangi Renessansi: buyuk o‘tmishni kelajak texnologiyalari bilan qayta tiklash”

O‘zbekiston buyuk ajdodlar merosini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirib, Uchinchi Renessans g‘oyasini amaliy bosqichga olib chiqmoqda. Shri-Lankaning Colombo Times nashri Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan madaniy islohotlarni tahlil qilib, Islom sivilizatsiyasi markazini mazkur uyg‘onishning eng yorqin ramzi, sun’iy intellekt esa tarixiy merosni asrash va targ‘ib qilishning yangi vositasi sifatida baholadi.

Markaziy Osiyo qalbida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega o‘zgarishlar yuz bermoqda. Bu inqilob qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar orqali amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston o‘rta asrlardagi «Oltin davr» shuhratini qayta tiklashga kirishdi. Bir vaqtlar Samarqand va Buxoro ilm-fan, she’riyat va falsafaning jahon markazlari edi. Bu uyg‘onishning eng o‘ziga xos jihati shundaki, davlat rahbari ming yillik tarixiy merosni asrash, qayta tiklash va butun dunyoga namoyon etish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan foydalanmoqda.

Oldinga intilish uchun o‘tmishga nazar

Asrlar avval Movarounnahr deb atalgan hudud insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarni yetishtirgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida ana shu buyuk merosga tez-tez murojaat qiladi. U Mirzo Ulug‘bekni nafaqat olim, balki ilmni barcha qadriyatlardan ustun qo‘ygan davlat arbobi sifatida e’tirof etadi. Prezident bugungi islohotlarni «Uchinchi Renessans» deb atab, uni O‘zbekistonning tarixdagi ikki buyuk uyg‘onish davridan keyingi navbatdagi ma’rifat va taraqqiyot bosqichi sifatida baholaydi.

Bu shunchaki o‘tmishni eslash yoki unga havas qilish emas. Bugun u davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. 2016-yilda lavozimga kirishganidan buyon Prezident Mirziyoyev uzoq yillar davomida yopiq mamlakat sifatida tanilgan O‘zbekistonni ochiqlik siyosatiga yo‘naltirdi. Xorijlik tadqiqotchilar uchun keng imkoniyatlar yaratildi, viza tartiblari yengillashtirildi va xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonning boy tarixi hamda xalqi bilan yaqindan tanishishga taklif etildi.

Xotiraga bag‘ishlangan ulkan majmua

Bu ezgu maqsadning eng yorqin timsoli joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026-yil mart oyida ochilgan mazkur majmua 40 mamlakatdan jalb etilgan 1500 dan ortiq mutaxassis mehnati samarasidir.

Markazda islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri — VII asrga mansub Usmon Mushafi saqlanmoqda. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng go‘zal yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan.

Bu oddiy muzey emas. Bu yerda tashrif buyuruvchilar faqat eksponatlarni tomosha qilmaydi, balki zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida tarix ichiga «sayohat» qiladi.

Bu loyiha keng qamrovli davlat dasturining bir qismi xolos. O‘zbekistonda 8 mingdan ortiq madaniy meros obyekti, jumladan YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan beshta yodgorlik mavjud. Ularni muhofaza qilish maqsadida maxsus Madaniy meros agentligi tashkil etilgan. Buxoro shahri YUNESKOning «Adabiyot shahri» maqomini olish uchun nomzod sifatida ilgari surilgan bo‘lsa, 2025-yilda Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasi o‘tkazildi. Bu mamlakatning qisqa vaqt ichida xalqaro madaniy maydonda erishgan yuksak nufuzini yaqqol namoyon etadi.

Sun’iy intellekt tarix xizmatida

O‘zbekiston tajribasini boshqalardan ajratib turadigan eng muhim jihat — sun’iy intellektdan iqtisodiy rivojlanish vositasi sifatida emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish mexanizmi sifatida foydalanishidir.

Mamlakat muzeylari bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Kirish tizimlari, ekspozitsiyalar va arxivlar onlayn formatga o‘tkazilmoqda. QR-kodlar, virtual sayohatlar va mobil ilovalar asrlar davomida saqlangan noyob boyliklarni smartfonga ega har bir inson uchun ochiq qilmoqda.

Noyob qo‘lyozmalar va arxiv hujjatlari raqamli formatga o‘tkazilib, kataloglashtirilmoqda. Bu ularning ilmiy tadqiqotlar uchun xizmat qilishi bilan birga, asl nusxalarni ehtiyotkorlik bilan saqlash imkonini ham beradi.

Turizm ham sun’iy intellekt bilan o‘zgarmoqda

Sun’iy intellekt turizm sohasiga ham yangi imkoniyatlar olib kirmoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, yaqin kelajakda Buxoroga tashrif buyurgan mehmonlar sun’iy intellekt asosida ishlaydigan maxsus ilovalar orqali o‘z qiziqishlariga mos tarixiy marshrutlarni tuzishi mumkin bo‘ladi.

Masalan, kimdir XV asr astronomiyasi bo‘yicha sayohatni tanlasa, yana bir kishi Buyuk Ipak yo‘li tarixi bilan tanishishi mumkin. Barcha marshrutlar tashrif buyuruvchining qiziqishlariga mos ravishda shakllantiriladi.

Bu tashabbus 2026-yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining muhim qismi hisoblanadi. Bu maqsadga erishish uchun mehmonxona infratuzilmasi kengaytirilmoqda va elektron vizalar tizimi yanada soddalashtirilmoqda.

Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik

O‘zbekiston sun’iy intellektning madaniyat sohasidagi axloqiy qoidalari bo‘yicha xalqaro muhokamalarning ham faol ishtirokchisiga aylandi.

2025-yilda YUNESKO hamda O‘zbekistonning San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida Samarqand shahrida muzeylarda sun’iy intellektdan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etildi. Unda Fransiya, YUNESKO va boshqa mamlakatlardan kelgan mutaxassislar texnologiya inson merosining o‘rnini bosmasligi, balki unga xizmat qilishi lozimligi haqida fikr almashdilar.

Shuningdek, mamlakat sun’iy intellekt axloqi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantirishga qaratilgan xalqaro mukofot ta’sis etilishiga ham hissa qo‘shdi.

Nega bu muhim?

Dunyoda aholisi eng yosh mamlakatlardan biri bo‘lgan O‘zbekiston uchun — aholining o‘rtacha yoshi 28 yoshdan kam — tarix va zamonaviy texnologiyalarning uyg‘unligi alohida ahamiyat kasb etadi.

Bu faqat tarixiy binolar yoki qadimiy qo‘lyozmalarni saqlash emas. Bu yosh avlodga o‘z yurtini bir vaqtlar insoniyatning eng yirik ilm-fan markazlaridan biriga aylantirgan tarix bilan tirik bog‘liqlikni ta’minlashdir.

Prezident Mirziyoyev rahbarligidagi islohotlar shu g‘oyaga asoslangan: madaniy meros va zamonaviy texnologiyalar bir-biriga raqib emas, balki taraqqiyot yo‘lidagi hamkor bo‘lishi mumkin.

Uchinchi Renessans o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga qay darajada erishishi vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq bir haqiqat ayon: O‘zbekiston o‘z tarixini faqat sayyohlar tomosha qilishi uchun namoyish etayotgani yo‘q. Mamlakat buyuk ajdodlar — Mirzo Ulug‘bek, Abu Ali ibn Sino va ular kabi yuzlab allomalar merosini eng zamonaviy texnologiyalar yordamida kelajak avlodlarga yetkazish, uni yangi taraqqiyot bosqichining ajralmas qismiga aylantirishni maqsad qilgan.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.