

Yangiliklar
“O‘zbekiston qo‘lyozma merosida tarixiy shaxslar” kitob-albomini chop etish ishlari boshlandi
O‘zbekistonning boy tarixiy, badiiy va intellektual merosini asrash, o‘rganish va keng targ‘ib etishga qaratilgan ishlar yangi bosqichda davom etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq etish va targ‘ib qilish, qo‘lyozma merosimizni chuqur o‘rganish hamda uni kelajak avlodga yetkazish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Ana shu e’tibor va tashabbuslar doirasida O‘zbekiston qo‘lyozma merosining noyob namunalarini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan yana bir muhim nashr — “O‘zbekiston qo‘lyozma merosida tarixiy shaxslar” kitob-albomining yangilangan va to‘ldirilgan nashrini chop etish ishlari boshlandi.
Ayni damda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Turkiyaning Istanbul shahridagi “Mega Basım” nashriyotida bo‘lib turibdi. U yerda kitob-albomni nashrga tayyorlash va chop etish bilan bog‘liq jarayonlar amalga oshirilmoqda.
Besh yillik ilmiy izlanishlar samarasi bo‘lgan mazkur kitob-alьbom XIII–XVIII asrlarda yaratilgan noyob Sharq miniatyuralarini o‘zida jamlagan. Unda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan hukmdorlar, davlat arboblari, shoirlar, olimlar va rassomlarning qiyofalari aks etgan miniatyuralar o‘rin olgan.
Kitobda Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Husayn Boyqaro, Ibn Sino kabi buyuk ajdodlarimizning tasvirlari bilan bir qatorda, turli muzey va kutubxonalardan izlab topilgan boshqa tarixiy shaxslarning noyob qiyofalari ham jamlangan.
Loyiha ustida ishlash jarayonida dunyoning turli mamlakatlaridagi muzey, kutubxona va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan keng hamkorlik qilindi. Besh yil davomida mamlakatimiz va xorijdagi 45 dan ortiq mamlakatning 200 dan ziyod muzey, kutubxona va ilmiy muassasalari bilan aloqalar o‘rnatilib, 50 dan ortiq ilmiy-tadqiqot safarlari amalga oshirildi.
Natijada XIII–XVIII asrlarga oid 185 ta miniatyura aniqlanib, ular dunyoning 50 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi, kutubxonasi va muzeylarida saqlanayotgan manbalar asosida o‘rganildi. Ular orasida Vashingtondagi Frir galereyasi, Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyi, Britaniya kutubxonasi, Fransiya Milliy kutubxonasi, Kembrij universiteti kutubxonasi, To‘pqopi saroyi kutubxonasi va boshqa nufuzli muassasalar bor.
Kitob-alьbomni yaratishda “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumi doirasida amalga oshirilgan ko‘p yillik ilmiy izlanishlar va xalqaro hamkorliklar ham muhim asos bo‘ldi. Bugungi kunga qadar mazkur turkum doirasida 80 ta kitob-alьbom tayyorlangan bo‘lib, ularning salmoqli qismi O‘zbekiston qo‘lyozma merosiga bag‘ishlangan.
Yangi nashr avvalgi namuna asosida qayta ko‘rib chiqilib, mahalliy va xorijiy ekspertlarning taklif va tavsiyalari inobatga olingan holda yangi ma’lumotlar, tahliliy materiallar bilan boyitildi. Xorijiy muzey va kutubxonalarda saqlanayotgan 20 dan ortiq yangi tarixiy shaxslar tasviri ham kitob-alьbomga kiritildi.
Kitob-alьbom o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan. Ayni paytda uni chop etish ishlari Istanbuldagi “Mega Basım” nashriyotida boshlab yuborilgan.
Mazkur nashr orqali O‘zbekistonning boy qo‘lyozma merosi, Sharq miniatyura san’ati va tarixiy shaxslar obrazlariga oid noyob manbalar xalqaro ilmiy va madaniy jamoatchilikka yanada keng taqdim etiladi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.