Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Ozarbayjondan O‘zbekistonga madaniy xazina: Islom sivilizatsiyasi markaziga 150 dan ortiq kitob va noyob Qorabog‘ gilami taqdim etildi

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi asrlar davomida shakllangan madaniy yaqinlik Toshkentda yana bir bor namoyon bo‘ldi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «O‘zbekiston–Ozarbayjon: mushtarak meros, mushtarak qadriyatlar» mavzusida madaniy muloqot o‘tkazilib, Ozarbayjon tomonidan Markazga 150 dan ortiq kitob, milliy musiqa cholg‘u asboblari va ramziy ma’noga ega noyob Qorabog‘ gilami taqdim etildi.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Akif Marifli ishtirokida o‘tkazilgan taqdimot tadbirida O‘zbekiston va Ozarbayjonning umumiy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish masalalari muhokama qilindi. Uning ta’kidlashicha, ikki xalq o‘rtasidagi madaniy yaqinlik asrlar davomida shakllangan. 16 yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelayotgan Ozarbayjon madaniyat markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik rivojlanmoqda. Akif Mariflining so‘zlariga ko‘ra, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat O‘zbekiston, balki turkiy xalqlar va keng islom dunyosi uchun umumiy madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

– Ozarbayjon bilan O‘zbekiston o‘rtasida ming yilllik tarixiy do‘stligimiz bor. Bu do‘stlik Nizomiy Ganjaviydan boshlanib, Alisher Navoiy bilan davom etgan va bugun Prezidentlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik tufayli yanada yuksak darajaga ko‘tarilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi umumiy qadriyatlarimizni birlashtirib, ularni yanada boyitish va avloddan avlodga yetkazish uchun mustahkam poydevor yaratadi. Islom — bizning ma’naviy va diniy qadriyatlarimiz. Turkiylik esa bizning o‘zligimiz va g‘ururimizdir», — dedi u.

Tadbirda taqdim etilgan madaniy meros namunalari orasida «5» raqami asosida to‘qilgan noyob Qorabog‘ gilami alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Taqdimotda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, professor Tursunali Qo‘ziyev ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy muloqot masalalariga to‘xtalib, bu jarayonlar xalqlarimizning madaniy merosini yanada chuqurroq o‘rganish uchun muhim manba bo‘lishini ta’kidladi. Professor T.Qo‘ziyevning ta’kidlashicha, ikki xalq tarixidagi umumiy jihatlar ularning madaniy merosini birgalikda o‘rganish orqali yanada keng namoyon bo‘ladi.

– Shuncha yil tarix bilan shug‘ullangan inson sifatida men bugun Qorabog‘ gilamini birinchi marta ko‘rib, Ozarbayjon madaniyati haqida hali o‘rganishimiz kerak bo‘lgan qancha jihatlar borligini yana bir bor his qildim. Xalqlarimiz tarixidagi umumiy jihatlarning har birini o‘rganganimiz sari ikki xalq tarixining mushtarakligi yanada keng namoyon bo‘laveradi. Bizning boyligimiz faqat o‘zimizniki emas. U do‘stlarimiz boyligi bilan mushtarakdir, – dedi professor Tursunali Qo‘ziyev.

Shuningdek, tadbirda Islom sivilizatsiyasi markazi va Ozarbayjon madaniyat markazi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ikki xalqning umumiy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish masalalari ham muhokama qilindi.

Tadbir yakunida Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Ozarbayjon milliy-madaniy markaziga esdalik sovg‘alari ham topshirildi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy xotira, madaniy yaqinlik va umumiy qadriyatlarga tayanib, yangi avlod uchun hamkorlikning yangi maydonlarini shakllantirmoqda. Mushtarak meros o‘tmishni birlashtiradi. Mushtarak qadriyatlar esa kelajakka yo‘l ochadi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.