

Yangiliklar
«O‘zbekistonning buyuk tarixi va yorqin kelajagini bir joyda ko‘rish mumkin» — Ruminiya elchisi
Ruminiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Daniyel Chobanu boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlar Markaz ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududidagi sivilizatsion jarayonlar, islom ilm-fani va madaniyatining taraqqiyoti, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, shuningdek, Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans g‘oyasi bilan bog‘liq konsepsiyalar bilan tanishdilar.
Biroq bu tashrifning eng muhim jihati — Markaz ekspozitsiyalarini tomosha qilish emas, balki ularning xorijlik diplomat nigohida qanday taassurot uyg‘otganida.
Ruminiya elchisi Daniyel Chobanu Markazni dunyodagi eng yaxshi, qiziqarli va go‘zal muzeylardan biri sifatida baholar ekan, uni O‘zbekiston tarixining yaxlit manzarasini namoyon etuvchi noyob maskan sifatida ta’rifladi.
«Bu muzeyda bo‘lish men uchun katta mamnuniyat. Bu yerda namoyish etilayotgan eksponatlar meni chuqur taassurotlantirdi. Menimcha, bu, shubhasiz, dunyodagi eng yaxshi, eng qiziqarli va eng go‘zal muzeylardan biri», — dedi u.
Elchi uchun eng ta’sirli jihatlardan biri — tarixning izchilligi bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, Markazda O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davridan boshlab, islom sivilizatsiyasi, Temuriylar davri, Ikkinchi Renessans va bugungi Uchinchi Renessansgacha bo‘lgan taraqqiyot bosqichlari yagona tarixiy manzara sifatida namoyon etilgan.
«Ushbu muzeyni tomosha qilar ekansiz, O‘zbekistonning buyuk tarixi va boy o‘tmishiga ega bo‘lganini yaqqol ko‘rish mumkin. Bugungi O‘zbekiston ham juda go‘zal va yuksak taraqqiy etgan. Bu yerda bo‘lib, mamlakat kelajagi ham juda yorqin bo‘lishiga ishonch hosil qildim», — dedi Daniyel Chobanu.
Uning e’tiborini, ayniqsa, tarixiy ekspozitsiyalarni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirgan yondashuv tortdi. Markazda qo‘lyozmalar, noyob artefaktlar va tarixiy meros namunalari bilan bir qatorda sun’iy intellekt, virtual reallik, golografik yechimlar va interaktiv texnologiyalardan foydalanilgani tarixni oddiy tomosha qilinadigan eksponat emas, balki his etiladigan tajribaga aylantiradi.
Daniyel Chobanu O‘zbekistonga kelayotgan har bir sayyoh Markazga tashrif buyurishi kerakligini ta’kidladi.
«Men O‘zbekistonga kelayotgan har bir sayyohga ushbu muzeyga albatta tashrif buyurishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Ruminiyalik sayyohlarga ham bu yerga kelib, uni ziyorat qilishni tavsiya qilaman», — dedi u.
Elchi, shuningdek, Ruminiya va O‘zbekiston mutaxassislari o‘rtasida tajriba va bilim almashinuvini rivojlantirish uchun ham Markaz muhim platforma bo‘lishi mumkinligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ruminiyaning ayrim hududlarida musulmonlik an’analari mavjudligi ikki mamlakat o‘rtasida madaniy va ilmiy muloqot uchun qiziqarli imkoniyatlar yaratadi.
Tashrif yakunida Daniyel Chobanu o‘z taassurotini bir jumla bilan ifodaladi:
«Menimcha, bu markaz haqiqatan ham “Islom sivilizatsiyasi markazi” degan nomga munosib».
Bu baho — Markazning faqat O‘zbekiston tarixi va islom sivilizatsiyasi merosini namoyish etuvchi muzey emas, balki turli xalqlar, madaniyatlar va ilmiy maktablarni bog‘lovchi xalqaro muloqot maydoni sifatida shakllanayotganining yana bir e’tirofidir.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.