Mustaqillikning ma’rifiy qudrati

O‘ttiz besh yil — tarix uchun katta muddat emas. Ammo xalq va davlat taqdirida bu davr butun bir taraqqiyot bosqichini ifodalashi mumkin. O‘zbekiston mustaqilligining 35 yillik sharafli yo‘liga nazar tashlar ekanmiz, mamlakatimizda nafaqat iqtisodiy va ijtimoiy hayot, balki milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani tiklash, ajdodlar merosini o‘rganish va uni dunyoga tanitish borasida ham ulkan o‘zgarishlar yuz berganini ko‘ramiz.
Ayniqsa, keyingi 10 yil mobaynida madaniy merosga munosabat yangi mazmun kasb etdi. Tarixiy yodgorlikni saqlash, qo‘lyozmani tadqiq etish yoki muzey eksponatini namoyish qilishning o‘zi endi yetarli emas. Asosiy maqsad — xalqimizning asrlar davomida jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini ilmiy asosda ko‘rsatish, uni zamonaviy usullarda targ‘ib etish va eng muhimi, kelajak avlodga haqqoniy yetkazishdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodalaridan biridir.
Merosni saqlashdan — dunyoga tanitishgacha…
Markazning vazifasi faqat bir muzey ekspozitsiyasini shakllantirishdan iborat emas. U muzey, ilm-fan, ta’lim, raqamli texnologiyalar va xalqaro hamkorlikni birlashtirgan zamonaviy ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida shakllanmoqda.
Bu yerda islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va madaniy merosini chuqur o‘rganish, buyuk allomalarimiz hayoti va asarlarini tadqiq etish, noyob qo‘lyozmalar, tarixiy ashyolar va san’at namunalarini aniqlash, ularni ilmiy muomalaga kiritish hamda keng jamoatchilikka zamonaviy vositalar orqali taqdim qilish ustuvor vazifalardan sanaladi.
Bunday katta maqsadni faqat mamlakat doirasida amalga oshirish mumkin emas. Chunki O‘zbekiston tarixi va ajdodlarimiz merosiga oid minglab qo‘lyozma, san’at asari, arxeologik topilma va boshqa nodir ashyolar bugun dunyoning turli muzeylari, kutubxonalari hamda xususiy kolleksiyalarida saqlanmoqda. Shu bois Markaz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri xalqaro hamkorlikka aylandi.
Prezidentimiz topshiriqlari asosida Markaz faoliyatini xorijiy davlatlarda keng targ‘ib etish, yetakchi muzey va ilmiy muassasalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, ularning fondlarida O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq manbalarni izlash va o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bu safarlarning har biri ortida ilmiy tadqiqot, yangi manbalarni aniqlash, muzeylar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, qo‘shma ko‘rgazmalar, nashrlar va ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish kabi aniq maqsadlar turibdi.
Xitoy: muzeylar o‘rtasida yangi ko‘prik
Joriy yilning 19–25 iyul kunlari Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga safari ana shunday keng ko‘lamli ishlarning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi.
Gonkong, Pekin va Sian shaharlarini qamrab olgan safar davomida Xitoyning yetakchi muzeylari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va madaniy tashkilotlari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Bunda bir raqamning o‘ziyoq hamkorlik ko‘lamini tasavvur qilish imkonini beradi: bugun Xitoyda 7 mingdan ortiq muzey faoliyat ko‘rsatadi va ular har yili 600 milliondan ziyod tashrif buyuruvchini qabul qiladi. Demak, mazkur mamlakat bilan muzey sohasidagi hamkorlik O‘zbekiston madaniy merosini nafaqat Xitoy, balki butun Osiyo jamoatchiligiga kengroq tanitish uchun katta imkoniyatdir.
Safar davomida Gonkong Saroy muzeyi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. U madaniy merosni muhofaza qilish, restavratsiya, qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar, muzey mutaxassislarining malakasini oshirish va tajriba almashish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Shensi tarix muzeyi, Gugun — Saroy muzeyi, Xitoy Milliy muzeyi, Imperator Sin Shi Xuandi maqbara-muzeyi va Xitoy Tarix akademiyasi huzuridagi Milliy arxeologiya muzeyi bilan ham amaliy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Eng muhimi, bu muzokaralar faqat niyatlar bayoni bilan cheklanib qolmadi. 2027-yilda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan qo‘shma xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etish, kitob-alьbomlar nashr qilish, ilmiy konferensiyalar o‘tkazish, eksponatlarning raqamli nusxalarini almashish va mutaxassislar stajirovkalarini tashkil qilish borasida kelishuvlarga erishildi.
Arxeologiya, restavratsiya, muzeyshunoslik va raqamlashtirish sohalaridagi hamkorlik esa munosabatlarni yanada amaliy mazmun bilan boyitadi.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bosh maqsadi xalqimiz yaratgan buyuk sivilizatsiyalar, ularning jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi va boy ilmiy-ma’naviy merosini butun dunyoga namoyish etishdan iborat. Davlatimiz rahbarining topshiriqlari asosida ekspozitsiyalarda nafaqat islom sivilizatsiyasi, balki islomgacha bo‘lgan So‘g‘d, Baqtriya, Choch va Xorazm kabi qadimgi sivilizatsiyalar ham munosib o‘rin olgan, — dedi Firdavs Abduxoliqov. - O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy aloqalar bir necha ming yillik tarixga ega ekani barchamizga yaxshi ma’lum. Buyuk ipak yo‘li xalqlar o‘rtasidagi ilm-fan va madaniyat almashinuvida muhim o‘rin tutgan. Ishonamizki, xitoylik muzeylar rahbarlari, olim va mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishi tariximizning sirli sahifalarini ochishimiz uchun yo‘l ochadi.
Markaz haqida dunyo bilishi kerak
Xalqaro hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining o‘zi haqida xorij jamoatchiligiga keng axborot berishdir.
Gonkongda o‘tkazilgan xalqaro taqdimotda Markazning ilmiy konsepsiyasi, ekspozitsiya yo‘nalishlari va xalqaro loyihalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tadbirda davlat idoralari, muzey va ilmiy muassasalar, diplomatik korpus hamda xalqaro ekspertlar vakillarining ishtirok etgani Markazga bo‘lgan qiziqishning tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Chunki O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faqat mamlakatimiz uchun mo‘ljallangan madaniy obyekt emas. U Markaziy Osiyo xalqlarining jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini xalqaro maydonda namoyish etadigan nufuzli ma’rifat maskani bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Xizmat safari doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Gonkong saroy muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifimiz biz uchun muhim tajriba bo‘ldi. Mamlakatingizda madaniy merosni muhofaza qilish va uni zamonaviy usullarda taqdim etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar katta qiziqish uyg‘otdi. Bugungi kelishuv hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonaman, — dedi doktor Luis Nge.
Ikki ming yillik «armiya» bilan yuzma-yuz
Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilayotgan xizmat safqari doirasida dunyodagi mashhur muzey majmualaridan biri – Imperator Sin Shi Xuandi maqbara-muzeyida ham bo‘ldik.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida madaniy merosni o‘rganish, asrash va targ‘ib etish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, muzeylar o‘rtasida qo‘shma ilmiy va ko‘rgazma loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Muzey rahbariyati mehmonlarga miloddan avvalgi III asrda Sin sulolasi asoschisi, Xitoyning birinchi imperatori Sin Shi Xuandi farmoni bilan yaratilgan mashhur Terrakota armiyasi haqida batafsil ma’lumot berdi. Majmua tarkibida 8100 dan ortiq terrakota askarlari, otlar va harbiy arava haykallari saqlanadi. Ushbu noyob yodgorliklar imperator vafotidan keyin ham uning qudratini ramziy jihatdan davom ettirish maqsadida barpo etilgan.
Asrlar davomida yer ostida saqlanib kelgan mazkur haykallar 1974-yilda mahalliy dehqonlar tomonidan tasodifan aniqlangan bo‘lib, keyinchalik insoniyat tarixidagi eng muhim arxeologik kashfiyotlardan biri sifatida e’tirof etildi. Bugungi kunda mazkur majmua YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Uchrashuvda Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati, uning asosiy vazifalari hamda jahonning nufuzli muzeylari va ilmiy muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorlik loyihalari haqida ma’lumot berdi.
Muzey kuratori, professor Li Gang Imperator Sin Shi Xuandi maqbara-muzeyining tarixi, Terrakota armiyasining yaratilishi hamda uning jahon madaniy merosidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Muzeyimizda 8100 dan ortiq noyob terrakota askarlari saqlanadi. Ushbu majmua YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. O‘zbekiston va Xitoy madaniy merosni o‘rganish va asrash sohasida mustahkam hamkorlik qilib kelmoqda. Biz O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan ilmiy va muzey sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan mamnunmiz, – dedi professor Li Gang.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori, akademik Farhod Maqsudov ham ikki xalq tarixi chuqur ildizlarga ega ekanini, ushbu boy merosni ilmiy jihatdan o‘rganishda olimlar o‘rtasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Firdavs Abduxoliqov tomonidan Imperator Sin Shi Xuandi maqbara-muzeyi rahbariyatiga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan nashr etilgan kitob-albomlar tantanali ravishda taqdim etildi.
Dunyo muzeylarida O‘zbekiston madaniy merosi
Xalqaro safarlarning eng mas’uliyatli yo‘nalishlaridan biri xorijiy muzey va xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid madaniy boyliklarni aniqlashdir.
Xitoy safari davomida muzey fondlari va xususiy to‘plamlardagi Sug‘d sivilizatsiyasi hamda O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq qator nodir ashyolar o‘rganildi. Ularning kelib chiqishi, ilmiy qimmati, saqlanish holati va kelgusida qo‘shma ko‘rgazmalarda namoyish etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Endi ularni xalqaro ekspertlar ishtirokida chuqur ilmiy ekspertizadan o‘tkazish, kataloglashtirish, kelib chiqish tarixini o‘rganish va Markaz ekspozitsiyasi uchun ahamiyatli bo‘lgan namunalar bo‘yicha tegishli imkoniyatlarni ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Bugun dunyoning turli nuqtalarida saqlanayotgan O‘zbekistonga oid madaniy boyliklarni izlash, ular haqida yagona ilmiy ma’lumotlar bazasini shakllantirish, raqamli nusxalarini olish va ilmiy muomalaga kiritish katta ahamiyatga ega.
Masalan Xitoy Milliy muzeyida saqlanayotgan So‘g‘d karvonboshisining toshtobuti sayyohlarning e’tiborini jalb qiluvchi asosiy eksponatlardan biri sanaladi. Xitoyning tan sulolasi davriga tegishli bo‘lgan bu toshtobutda VI-VII asrlarda yashagan, Xitoy bilan muntazam savdo aloqalarida faol ishtirok etgan sug‘d savdogari dafn qilingan. O‘tgan asrning o‘rtalarida topilgan bu topilma o‘z davrida juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Ushbu tosh tobut Xitoyga xos bo‘lmagan uslubda ishlangan va bezatilgani olimlarning e’tiborini tortgan. Keyinchalik, undagi uslub, bezaklar, belgiilar aynan sug‘diylar madaniyatigaa oidligi o‘z isbotini topgan. Mazkur artefakt ming yillar muqaddam ham Markaziy Osiyo va Xitoy xaldqlari o‘rtaisdag savdo va madaniy aloqalar muntazam yo‘lga qo‘yilganidan darak beradi.
Xitoy muzeylarida saqlanayotgan qadimgi Sug‘d madaniyatiga oid kiyimlar va mato parchalari, sopol va metall idishlar, qadimiy haykalchalar, hujjatlar va qo‘lyozmalar hali bizga noma’lum bo‘lgan qanchadan-qancha sirlarni o‘z bag‘riga yashirib yotibdi.
Kelgusida hamkorlikdagi loyihalar doirasida ko‘plab yangiliklar, kashfiyotlar yuzaga chiqishiga shubha yo‘q.
Ilmiy muloqot ham hamkorlikning bir qismi
Markazning xalqaro nufuzi faqat muzeylar bilan imzolangan hujjatlar yoki taqdimotlar bilan o‘lchanmaydi. Uning olim va mutaxassislari xalqaro ilmiy maydonda qanchalik faol ishtirok etayotgani ham muhim mezondir.
26–29 iyul kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida ICESCOning mintaqaviy vakolatxonasi hamda Istiqbolni rejalashtirish va sun’iy intellekt markazi hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro anjuman bunga misoldir.
Yigirmadan ortiq ICESCOga a’zo davlatlar vakillari qatnashgan tadbir strategik istiqbolni rejalashtirish, davlat boshqaruviga zamonaviy prognozlash usullarini joriy etish va global o‘zgarishlarga tayyor turish masalalariga bag‘ishlandi.
Ushbu anjumanda Markaz nomidan “Sun’iy intellekt davrida islom sivilizatsiyasi: merosni asrash, raqamli transformatsiya va xalqaro hamkorlik” mavzusida ma’ruza qilish imkoniga ega bo‘ldim.
Bugun madaniy merosni muhofaza qilish deganda faqat qo‘lyozmani maxsus haroratda saqlash yoki eksponatni muzey vitrinasiga joylashni tushunish kamlik qiladi.
Noyob qo‘lyozmalarning xalqaro bozorlarda bo‘laklarga ajratib sotilishi, ijtimoiy tarmoqlarda tarixga oid noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishi, turli mafkuraviy talqinlar va islomofobiya kabi muammolar madaniy meros sohasi oldiga mutlaqo yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Ularni bir davlat yoki bir muzeyning o‘zi hal qila olmaydi. Bu — xalqaro hamkorlik, huquqiy himoya, ilmiy ekspertiza, raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni birlashtirishni talab qiladigan umumiy mas’uliyatdir.
Ayniqsa, sun’iy intellekt imkoniyatlari yaqin kelajakda qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, katta hajmdagi matnlarni tahlil qilish, restavratsiya jarayonlariga ko‘maklashish va qadimiy asarlarni turli tillarga tarjima qilishda muhim vositaga aylanishi mumkin.
Lekin bir tamoyil o‘zgarmasligi kerak: texnologiya olimning o‘rnini egallamaydi. U olimning ishonchli yordamchisi bo‘lishi lozim.
Mazkur safar kunlarida Icheri shahar yodgorlik majmuasi, Nizomiy Ganjaviy nomidagi Ozarbayjon davlat adabiyot muzeyi, Haydar Aliyev markazidagi uchrshuvlar ham nihoyatda samarali, mazmunli kechdi.
Xususan Icheri shahardagi Adabiyot muzeyida ikki xalqning adabiy aloqalariga oid ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin.
O‘zbekiston va Ozarbayjon davlat rahbarlarining tashabbusi bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari kundan-kunga rivojlanib bormoqda, - dedi Adabiyot muzeyi direktori, akademik Rafail Husaynov. – Ayniqsa, Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy singari buyuk shoirlarimiz ana shu do‘stlikning tamal toshini mustahkamlab ketishgan. Bugun ularning merosi nafaqat turkiy xalqlar, balki jahon adabiyotining bebaho javohirlari sanaladi. Biz ana shunday buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib etishda juda ko‘p harakat qilishimiz, yangi loyihalarni ishga solishimiz lozim. O‘ylaymizki, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazida bu boradagi ishlarni malga oshirish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud.
Mustaqillik bergan imkoniyat
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida bu jarayonlarga nazar tashlar ekanmiz, bir muhim haqiqatni yanada teran anglaymiz: milliy merosni asrash ham mustaqillikning eng katta ma’naviy ne’matlaridan biridir. Mustaqil davlatgina o‘z tarixiga o‘z nuqtai nazaridan qaraydi. O‘z allomalarini o‘zi tadqiq etadi. O‘z merosini o‘zi qadrlaydi va uni jahonga munosib tarzda taqdim etadi.
Yangi O‘zbekistonda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu ma’nodagi katta g‘oyaning amaliy ifodasidir. Bu Markaz — faqat bino emas. U tarix bilan bugunni, O‘zbekiston bilan dunyoni, ajdodlar merosi bilan kelajak avlodni bog‘laydigan ma’rifiy ko‘prikdir.
Har bir xorijiy tashrif, har bir yangi hamkor, muzey fondidan topilgan har bir tarixiy ashyo, ilmiy anjumanda yangragan har bir ma’ruza shu katta maqsadning bir bo‘lagidir.
Xorijiy muzeylar bilan tuzilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish, dunyo kolleksiyalaridagi O‘zbekistonga oid boyliklarni izlashni davom ettirish, ularni raqamlashtirish, ilmiy kataloglar yaratish, qo‘shma ko‘rgazma va tadqiqotlarni ko‘paytirish zarur.
Zero, madaniy meros — o‘tmish haqidagi xotiragina emas. U davlatning dunyodagi ma’naviy qiyofasini belgilaydigan ulkan kuchdir.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa bugun Yangi O‘zbekistonning ana shunday ezgu g‘oya va tashabbuslarini xalqaro maydonga olib chiqayotgan maskanga aylanmoqda.
Ishonchimiz komilki, bugun qo‘yilayotgan qadamlar, amalga oshirilayotgan xalqaro tashriflar, ilmiy ekspeditsiyalar va muloqotlar yaqin yillarda yanada salmoqli natijalar beradi. Yangi topilmalar, yangi ilmiy tadqiqotlar va yangi hamkorliklar orqali xalqimizning buyuk sivilizatsion merosi dunyoga yanada teran va haqqoniy tanitiladi.
Bu esa mustaqillikning 35 yilligiga eng munosib ma’rifiy tuhfalardan biri bo‘ladi.
Rustam JABBOROV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi


