

Yangiliklar
Ozarbayjon jurnalistlari O‘zbekistonning tarixiy merosini zamonaviy formatda kashf etdi
Tarixni kitobdan o‘qish mumkin. Ammo uni ko‘rish, eshitish va his qilish — butunlay boshqa tajriba. Ozarbayjondan O‘zbekistonga kelgan 50 ga yaqin jurnalist Islom sivilizatsiyasi markazida aynan shu tajribani boshdan kechirdi. Qadimiy qo‘lyozmalar, buyuk allomalar merosi va asrlar silsilasini zamonaviy mulьtimedia texnologiyalari orqali namoyish etuvchi ekspozitsiyalar jurnalistlarning e’tiborini tortdi. Ularning taassurotlari esa ikki xalqni birlashtirib turgan tarixiy xotira bugun zamonaviy media vositalari orqali yangi auditoriyalarga yetib borayotganini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlari tobora kengayib, yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Ayniqsa, madaniy-gumanitar va axborot sohalaridagi hamkorlik ikki xalqning mushtarak tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda Ozarbayjondan O‘zbekistonga tashrif buyurgan 50 ga yaqin ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Islom sivilizatsiyasi markazida maxsus mediatur tashkil etildi.
Tashrif davomida ozarbayjonlik jurnalistlar Markazning ekspozitsiya zallari bilan tanishib, O‘zbekiston hududida qadim davrlardan shakllangan sivilizatsiyalar, islom dini va madaniyatining taraqqiyoti, ilm-fan rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan allomalar merosi, qo‘lyozmalar va noyob tarixiy ashyolar, shuningdek, zamonaviy mulьtimedia texnologiyalari asosida yaratilgan ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi. Markazda tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar vositasida namoyish etishga qaratilgan yondashuv mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Ozarbayjon Ijtimoiy teleradioeshittirishlar kompaniyasi — “ITV” muxbiri Sabina Shukurova Markazga avval ham tashrif buyurganini ta’kidlab, bu safar ham ekspozitsiyalardagi innovatsion yechimlar uning e’tiborini tortganini bildirdi. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotganini ham qayd etdi.
– Odatda tarixni kitoblardan o‘rganishga odatlanganmiz. Ammo uni jonli, kichik bir qismini interpretatsiya qilingan shaklda ko‘rish ayniqsa qiziqarlidir. Bu yodda qoladi. Chunki inson hamma narsani ko‘z bilan ko‘rgan sari yanada ko‘proq eslab qoladi. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari so‘nggi yillarda juda katta tezlik bilan rivojlanib bormoqda. Buni davlat rahbarlarimizning muntazam o‘tkazayotgan uchrashuvlarida ham, jamiyat orasida odamlarning bir-biri bilan munosabatida ham ko‘rish mumkin. O‘ylaymanki, munosabatlarimiz va aloqalarimiz yanada mustahkamlanadi, — dedi u.
Ozarbayjon Televideniyesi vakili Vusal Matlab ta’kidlashicha, ozarbayjonlik jurnalistlar O‘zbekistonga tashrifining avvalgi bosqichlarida mamlakatning innovatsiyalar va startaplar sohasidagi salohiyati bilan tanishgan bo‘lsa, Markazda zamonaviy texnologiyalar milliy va islomiy merosni asrab-avaylash, uni keng targ‘ib qilish va kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qilayotganiga guvoh bo‘ldi.
– Biz bu yerdan juda katta taassurotlar bilan ketyapmiz. Juda zamonaviy yechimlar va ijodiy yondashuv bilan islom an’analari va merosi taqdim etilgan. Juda yoqdi. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy va etnik ildizlarga tayanishi bilan birga, bugungi kundagi qardoshlik va do‘stlikning amaliy loyihalarda ham namoyon bo‘lmoqda, – dedi Vusal Matlab.
Jumladan, jurnalist O‘zbekistonning Ozarbayjonning Qorabog‘ va Sharqiy Zangezur hududlarini qayta tiklash jarayonlariga qo‘shayotgan hissasini alohida e’tirof etdi.
– Fuzuli shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi o‘rta maktab O‘zbekiston davlati tomonidan Ozarbayjon xalqiga sovg‘a sifatida qurib berilgan. Bu nafaqat ta’lim muassasasi, balki O‘zbekiston va Ozarbayjon qardoshligi va do‘stligining kelajak avlodlarga yetkaziladigan merosidir, — dedi u.
“Reality TV” telekanali boshlovchisi Namida Bingyol esa Islom sivilizatsiyasi markaziga ilk bor tashrif buyurganini aytib, Markazda tarixning turli davrlari bir butun konsepsiya asosida namoyish etilganini ta’kidladi. Namida Bingyol, ayniqsa, o‘zbek xalqining islomdan avvalgi madaniyati va hayot tarzining Markaz ekspozitsiyalarida namoyish etilganini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, Markazda mulьtimedia texnologiyalaridan foydalanilishi tarixiy voqeliklarni yanada ta’sirchan qabul qilish imkonini beradi.
– O‘zbek xalqining islomdan avvalgi madaniyati va hayot tarzi juda chiroyli taqdim etilgan. Har bir tafsilot — sarkardalar, tarix, oddiy insonlar, yerda mehnat qilayotgan odamlar haqidagi ma’lumotlar noziklik bilan ko‘rsatilgan. Kitobdan o‘qish bir narsa, kelib, uni o‘z ko‘zing bilan ko‘rish esa butunlay boshqa. Taassurotlarim juda yaxshi. Qaytganimdan so‘ng bu yerda ko‘rganlarimni yanada chiroyli shaklda taqdim etishga harakat qilaman, —dedi Namida Bingyol.
Mediatur davomida Ozarbayjon OAV vakillari Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyati, boy kitob va qo‘lyozmalar fondi, tarixiy ekspozitsiyalari hamda tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan zamonaviy xizmat va imkoniyatlar bilan ham tanishdi. Mazkur tashrif O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi axborot, madaniyat va gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash, ikki xalqning mushtarak tarixiy-madaniy merosini keng targ‘ib etish hamda o‘zaro media aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.