Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida G‘aznaviylar davriga oid nodir bronza medalyon namoyish etilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan ushbu bronza medalyon G‘aznaviylar davrining muhim tarixiy yodgorliklaridan biri bo‘lib, unda sulola hukmdori Abu Shujo Farruxzod bin Mas’udning nomi, unvonlari va davrga oid muhim ma’lumotlar aks etgan.

Medal Xurosonning G‘azna shahrida hozirgi Afg‘oniston hududida ishlangan. U G‘aznaviylar hukmdori Abu Shujo Farruxzod bin Mas’udga tegishli bo‘lib, uning hukmronlik yillari 1052–1059 yillarga to‘g‘ri keladi. Medalьondagi hijriy 444 yil — milodiy 1052–1053 yil sanasi esa uning muayyan tarixiy davr bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Eksponatning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri uning har ikki tomonidagi kufiy xatidagi yozuvlardir. Old tomonda hukmdorning nomi va unvonlari keltirilgan:

«Adl / al-amir as-sa’id al-malik / nosir xalifat Alloh Abu Shujo’ Farruxzod / bin Nosir Din Alloh»


Medalyon chetida esa uning G‘aznada 444 yilda zarb etilgani haqidagi yozuv joylashgan. Orqa tomonda islomiy e’tiqodning asosiy ramzlaridan biri bo‘lgan shahodat kalimasi — «La ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh» hamda Abbosiylar xalifasi al-Qoim biamrillohning nomi aks ettirilgan. Medalьon chetida esa Qur’oni karimning Tavba surasi, 33-oyati keltirilgan. Shu jihatdan eksponatda siyosiy hokimiyat va diniy-e’tiqodiy qarashlarni ifodalovchi yozuvlar bir butun kompozitsiyada uyg‘unlashganini ko‘rish mumkin.

Medalyon quyma usulda tayyorlangan bronzadan ishlangan va uning sirti zarhallangan. Yuqori qismida qadimiy teshik va osma ilmoq izlari mavjud. Bu uning muayyan davrda osib qo‘yilgan yoki taqilgan buyum sifatida ham ishlatilgan bo‘lishi mumkinligidan dalolat beruvchi muhim belgi hisoblanadi. Asrlar davomida saqlangani natijasida uning yuzasida ishqalanish va korroziya izlari ham paydo bo‘lgan. Bu belgilar eksponatning uzoq va murakkab tarixiy yo‘lini ko‘rsatadi.

Diametri atigi 7,4 santimetr bo‘lgan ushbu medalyon o‘z hajmiga nisbatan nihoyatda katta tarixiy axborotni o‘zida mujassam etgan. Unda:
— hukmdorning ismi va unvonlari;
— G‘aznaviylar davriga oid ma’lumot;
— 444 hijriy yil sanasi;
— G‘azna shahri nomi;
— Abbosiylar xalifasi nomi;
— shahodat kalimasi;
— Qur’on oyati kabi muhim ma’lumotlar jamlangan.

Shu bois bunday artefaktlar nafaqat moddiy madaniyat namunasi, balki o‘sha davrning siyosiy tarixi, diniy hayoti, epigrafikasi va san’atini o‘rganishda muhim manba sifatida ham ahamiyat kasb etadi.

Bugun G‘aznaviylar davriga oid mazkur nodir medalyon Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin olgan. Asrlar avval metallga bitilgan hukmdor nomi bugun muzey ekspozitsiyasida yana bir bor tarix tiliga aylanmoqda. 7,4 santimetrlik bu medalyon oddiy ashyo emas. Unda G‘azna, G‘aznaviylar, hukmdorlik an’analari va o‘sha davrning ma’naviy dunyosi haqidagi tarixiy xotira mujassam.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.