Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Jomiyni Hindistonda qanday tasvirlashgan?

Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida buyuk shoir va mutafakkir Abdurahmon Jomiyning noyob portreti namoyish etilmoqda.

Asarning asosiy qismi Hindistonda, Boburiylar davrida, taxminan 1610-yilda  Akbarshoh hukmronligining so‘nggi yoki Jahongir davrining dastlabki yillarida yaratilgan. Portretda Jomiy to‘liq profil holatda, soqol, salla va uzun pushti libosda tasvirlangan. Uning yelkasidagi ustki kiyimi, qo‘lidagi kitob va vazmin qiyofasi mutafakkir siymosini ifodalaydi. Portret atrofidagi bezaklar ham alohida e’tiborga loyiq. Asarni o‘rab turgan keng hoshiyalarda gullar, yaproqlar va novdalardan iborat nafis naqshlar ishlangan. Bu bezaklar portretning asosiy qismidan keyinroq — XVIII asr o‘rtalarida Eronda, Isfahon yoki Sheroz san’at muhitida, Muhammad Boqir uslubida yaratilgani qayd etiladi. Demak, bu asarda ikki xil davr va ikki madaniy muhit izlari mujassam: portretning o‘zi XVII asr boshlarida Hindistonda yaratilgan bo‘lsa, uning hoshiyalari XVIII asrda Eron san’at muhitida ishlangan.

Jomiy Temuriylar davrining eng buyuk shoir va mutafakkirlaridan biri edi. Uning asarlari Markaziy Osiyo va Xuroson bilan cheklanib qolmay, Istanbuldan Hindistongacha bo‘lgan hududlarda keng tarqalgan. Boburiylar davrida ham Jomiy ijodiga katta qiziqish bildirilgan. Masalan, uning «Bahoriston» asari 1595-yilda Akbarshoh saroyida nafis bezatilgan qo‘lyozma sifatida ko‘chirilgan. Hindistondagi so‘fiylar ham Jomiy merosiga katta e’tibor berib, uning hayoti va ijodi haqida asarlar yozgan, ijod namunalarini tarjima qilgan.

Shu bois ushbu portretni oddiy tasvir emas, balki Jomiy merosining Markaziy Osiyodan Hindistongacha yoyilgani va uning siymosi asrlar davomida Sharq madaniy xotirasida yashab kelganining badiiy ifodasi sifatida ko‘rish mumkin.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.