

Yangiliklar
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi merosi atrofida jahon ommaviy axborot vositalarini birlashtiradi
Toshkent va Samarqandda o‘tkaziladigan Xalqaro mediaforum meros, ilm-fan va texnologiyalar borasida global muloqot maydoniga aylanadi.
2026-yil 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» mavzusida Xalqaro mediaforum bo‘lib o‘tadi. Mazkur xalqaro forumda 50 ga yaqin mamlakatdan 300 nafar yetakchi media kompaniyalar rahbarlari, axborot agentliklari, telekanallar, xalqaro nashrlar va raqamli platformalar vakillari, shuningdek, hujjatli filьm ijodkorlari, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya va sun’iy intellekt sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Prezident Adminstratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilmoqda. Tadbirda Forumning bosh media hamkorlari sifatida Euronews va CNN xalqaro telekanlari ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.
Forum O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Uning asosiy maqsadi — mustaqillik yillarida mamlakatimiz erishgan yutuqlar, ayniqsa, so‘nggi 10 yil ichida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar natijasini hamda yurtimizda tarixiy merosni asrab-avaylash, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining yangi ilmiy, madaniy, ta’limiy va texnologik tashabbuslarini jahonga namoyon etishdan iborat.
Forumning markaziy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur yirik majmua noyob muzey kolleksiyalari, qadimiy qo‘lyozmalar, ilmiy tadqiqotlar va yangi avlod texnologiyalarini birlashtirib, islom olami merosini o‘rganish va xalqaro miqyosda namoyish etish imkonini beradi. Forumning asosiy g‘oyasi sifatida tarix va ma’naviy merosni jahon auditoriyasi bilan zamonaviy televideniye, kino, adabiyot, raqamli platformalar, sun’iy intellekt va muzeylarning immersiv texnologiyalari tilida targ‘ib qilish ko‘zda tutilmoqda.
Spikerlar orasida jahonning yetakchi medialari vakillari va faxriy mehmonlari qatorida Euronews bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtruns, CNN International mintaqaviy direktori Imran Ahmad, BBC vakili va Dars Consulting direktori Sergey Stanovkin borligi forumning ahamiyatini oshiradi.
Dasturdan, shuningdek, Al Jazeera, TRT World va TRT Avaz loyihalari taqdimotlari hamda CNN International Commercial ijrochi vitse-prezidenti Fil Nelьsonning video murojaati o‘rin olgan.
Forumda Besh plenar sessiyadan iborat bo‘lib, unda «O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi: yangi tarixlar, yangi formatlar, yangi auditoriya»; «Islom sivilizatsiyasi dunyoni o‘zgartirgan buyuk siymolari. Kino, kitob va raqamli muhitdagi buyuk tarjimai hollar»; «Muqaddas Qur’on: asrlar va sivilizatsiyalarni birlashtiruvchi meros»; «Yangi O‘zbekiston: tashabbuslar, islohotlar va zamonaviy davrning hujjatli solnomasi»; «Yangi ufqlar: xalqaro loyihalar, mediaformatlar va madaniy tashabbuslar» kabi mavzular muhokama qilinadi.
Islom sivilizatsiyasining jahon ilmi va madaniyati — matematika, astronomiya, tibbiyot, falsafa, adabiyot, me’morlik va san’at rivojiga qo‘shgan hissasi muhokamalar markazida turadi.
Forumda 50 dan ortiq ma’ruza va taqdimot namoyish etiladi.
Ishtirokchilar Muhammad al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Mansur Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va boshqa buyuk mutafakkirlar merosi haqida zamonaviy vositalar orqali qanday hikoya qilish mumkinligini muhokama qiladilar.
Alohida plenar sessiya Yangi O‘zbekiston islohotlari, Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro tashabbuslari va ularning hujjatli, nashriyot hamda media loyihalarida aks etishiga bag‘ishlanadi. Ishtirokchilar zamonaviy O‘zbekistonning xalqaro imijini shakllantirishda jurnalistika, kinematografiya va madaniy tashabbuslarning o‘rni haqida fikr almashadilar.
Forumda Usmon Mus'hafi, Katta Langar Qur’onining faksimile nashri, «114 Qur’on» xalqaro loyihasi hamda «O‘zbekiston Qur’onlari» ilmiy-illyustrativ nashri, «O‘zbekiston tarixidagi buyuk shaxslar sharq miniatyurasida» kitob-alьbomi taqdimoti, «Tarixni yoshlar uchun qanday qiziqarli qilish mumkin? Islom sivilizatsiyasini kelajak avlodlar uchun vizual taqdim etishning afzalliklari» bilan bog‘liq loyihalar taqdim etiladi. Texnologik blok doirasida arab yozuvidagi qo‘lyozma matnlarni tanish va ularni raqamli shaklda o‘qish uchun mo‘ljallangan intellektual modelь — INKSIGHT AI taqdimoti o‘tkaziladi. Loyiha sun’iy intellektdan qadimiy yozma manbalarni raqamlashtirishda qanday foydalanish mumkinligini namoyish etadi.
Forum maydonlarida o‘nlab xalqaro va milliy loyihalar — hujjatli filьmlar, televizion dasturlar, kitob va alьbomlar, virtual ko‘rgazmalar, raqamli platformalar, interaktiv ta’limiy mahsulotlar, mulьtimedia ekspozitsiyalari, shuningdek, VR, AR va sun’iy intellekt texnologiyalari asosidagi yechimlar taqdim etiladi. Ular orasida 1001 Inventions xalqaro loyihasi, tarixiy shaxslarning raqamli avatarlari, xorijiy media kompaniyalarning hujjatli va televizion loyihalari bor.
Islom sivilizatsiyasi markazi fasadida keng ko‘lamli mulьtimediali mepping-shou namoyish etiladi. Unda me’morlik, musiqa, yorug‘lik, animatsiya va raqamli san’at yagona tarixiy hikoyaga birlashadi.
Qur’on zalida esa O‘zbekistonning ma’naviy-ma’rifiy an’analariga bag‘ishlangan maxsus mulьtimedia dasturi namoyish etiladi.
Bundan tashqari, forum doirasida «Oskar» mukofoti sovrindori Ben Kingslining O‘zbekiston tarixi, uning buyuk siymolari va mintaqaning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan mualliflik filьmining premьerasi bo‘lib o‘tadi.
Forum davomida jahon media vakillari o‘zbekistonlik sohaga qiziquvchi yoshlari bilan ham uchrashadi. Jumladan, Toshkentdagi 15 ta oliy ta’lim muassasasida maxsus sessiyalar, ma’ruzalar, taqdimotlar va mahorat darslari o‘tkaziladi. Talabalar, magistrantlar, yosh olimlar va o‘qituvchilar oldida xorijlik jurnalistlar, media menejerlar, hujjatli filьm rejissyorlari, rejissyorlar va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari chiqish qiladi.
Ta’lim dasturi xalqaro jurnalistika, televideniye, hujjatli kino, strategik kommunikatsiyalar, xalqaro PR, madaniy diplomatiya va raqamli kontent ishlab chiqarish yo‘nalishlarini qamrab oladi. Media, ta’lim va muzey faoliyatida sun’iy intellekt, virtual va kengaytirilgan reallik texnologiyalaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi.
Yosh jurnalistlar, diplomatlar, IT mutaxassislari, prodyuserlar va kreativ industriya vakillari amaliy laboratoriyalar, ekspertlar muhokamalari va xorijlik mutaxassislar bilan professional uchrashuvlarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladilar.
Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsilar universiteti o‘rtasida memorandum imzolanadi. Hujjat yosh jurnalistlar uchun qo‘shma ilmiy-ta’limiy dasturni amalga oshirishni nazarda tutadi. U ta’limiy tadbirlar, tadqiqotlar, mahorat darslari va O‘zbekiston tarixi, madaniyati hamda ilmiy merosiga bag‘ishlangan media loyihalarni birlashtiradi.
Hamkorlik talabalarga televizion, hujjatli, nashriyot va raqamli loyihalarni tayyorlashda ishtirok etish, muzey kolleksiyalari va tarixiy manbalar bilan ishlash, shuningdek, milliy va xalqaro media hamjamiyatining yetakchi vakillari tajribasini o‘zlashtirish imkonini beradi. Bugungi zamonda jurnalistlar vatanimiz tarixini bilishi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazi va universitet o‘zaro hamkorlikda “Gid-jurnalistikasi” o‘quv kursini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu fan asosiy darslardan tashqari emas, asosiy o‘quv dasturidan joy olishi muhimdir.
Samarqand — jonli tarix makoni
Xalqaro dasturning alohida bir kuni Samarqandda o‘tkaziladi. Xorijlik jurnalistlar va suratga olish guruhlari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qayta barpo etilgan Imom Buxoriy memorial majmuasiga tashrif buyuradilar. Undagi keng ko‘lamli qurilish ishlari 2026-yil bahorida yakunlangan. 45 gektar maydonda 10 ming kishiga mo‘ljallangan masjid, ma’muriy va ziyorat obyektlari, shuningdek, zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan jihozlangan, to‘qqizta tematik pavilьondan iborat Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey barpo etilgan.
Dasturdan Hadisshunoslik xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif ham o‘rin oladi. Ishtirokchilar Samarqandning tarixiy-madaniy obyektlari, jumladan, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bilan tanishadilar.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.