Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi va Jurnalistika universiteti hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi

 

2026-yil 24-28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» mavzusida Xalqaro mediaforum oldidan “Islom sivilizatsiyasi va zamonaviy media: yosh jurnalistlar nigohida” mavzusida tadbir tashkil etildi. 

O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijiy jurnalistlar, yetakchi media kompaniyalar rahbarlari, axborot agentliklari, telekanallar, xalqaro nashrlar va raqamli platformalar vakillari, shuningdek, yosh jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoda barcha sohalar kabi xolis va tezkor axborotga bo‘lgan talab keskin oshmoqda. Bu o‘z navbatida jurnalistlar va OAV xodimlaridan yuksak bilim, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishni talab etmoqda. Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda bu mas’uliyat yanada kuchaymoqda.

Ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi, davlat va nodavlat davriy bosma nashrlar, teleradiostudiyalar, tahririyat-matbaa komplekslarining miqdor va sifat jihatidan o‘sishi, fuqarolik jamiyati institutlari, reklama agentliklari, axborot xizmatlari, media kommunikatsiya, internet jurnalistikasining shakllanishi raqobatbardosh, yangicha shart-sharoitlarda ishlay oladigan jurnalist kadrlarni tayyorlash zaruratini taqozo etmoqda. Ayni shu maqsadlardan kelib chiqib tashkil etilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti sohada malakali kadrlarni tayyorlash, yosh jurnalistlarning bilim va malakasini oshirishda yetakchi ta’lim maskanlaridan biri hisoblanadi.

Bugun Yangi O‘zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ortga qaytmas islohotlar mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ayniqsa davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining yangi ilmiy, madaniy, ta’limiy va texnologik tashabbuslarini jahonga namoyon etishda media olamining zamonaviy texnologiyalarini tatbiq etish muhim ahamiyatga egadir. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi merosini jahon jamoatchiligini jalb etgan holda xalqaro media maydonida targ‘ib qilishda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining imkoniyatlaridan ham foydalanish yaxshi natija berishi mumkin.

Shu maqsadda, ushbu tadbirda Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsilar universiteti o‘rtasida hamkorlik Kelishuvi imzolandi. Hujjat yosh jurnalistlar uchun qo‘shma ilmiy-ta’limiy dasturni amalga oshirishni nazarda tutadi. U ta’limiy tadbirlar, tadqiqotlar, mahorat darslari va O‘zbekiston tarixi, madaniyati hamda ilmiy merosiga bag‘ishlangan media loyihalarni birlashtiradi.

Bugungi zamonda jurnalistlar vatanimiz tarixini bilishi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazi va universitet o‘zaro hamkorlikda “Gid-jurnalistikasi” o‘quv kursini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu fan asosiy darslardan tashqari emas, asosiy o‘quv dasturidan joy olishi muhimdir.

Ushbu kelishuv orqali Milliy, madaniyat va san’at tarixi va sayohat jurnalistika ta’lim yo‘nalishlari talabalarining malaka amaliyotlarini markazda o‘tashlarini tashkil etish hamda ixtisoslikdan kelib chiqqan xolda sayyor darslarni maxsus ajratilgan auditoriyada tashkillashtirish, universitetning tanlab olingan iqtidorli talabalarini Markazning ilmiy, ma’rifiy va tashkiliy faoliyatiga tizimli ravishda jalb etish; xalqaro miqyosda faoliyat yurita oladigan, xorijiy tillarni mukammal biluvchi yosh mutaxassislar salohiyatini rivojlantirish; ta’lim, amaliyot va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash nazarda tutilgan.

Kelishuv vasosida universitetning iqtidorli, tashabbuskor va mas’uliyatli talabalaridan iborat 50 nafar doimiy faoliyat yurituvchi maxsus talabalar jamoasi tanlab olinadi va o‘quv kursi shakllantiriladi. Tanlab olingan talabalar Islom sivilizatsiyasi markazi va universitet mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan maxsus o‘quv dasturi asosida o‘qitiladi. O‘quv jarayonlari Islom sivilizatsiya markazi binosida, ajratilgan maxsus auditoriyalarda o‘tkaziladi. Maxsus dasturda xorijiy tillarni (arab, ingliz, fransuz, nemis va boshqa tillar) o‘rganishga ustuvorlik beriladi. Shu bois nomzodlar xorijiy tilni bilish darajasiga qarab tanlanadi. Tanlab olingan 50 nafar talabaga Islom sivilizatsiya markazining maxsus stipendiyasi berilishi nazarda tutilgan bo‘lib, bunda talabaning iqtidori, intizomi va bilimga chanqoqligi hisobga olinadi. 

Bir so‘z bilan aytganda, hamkorlik talabalarga televizion, hujjatli, nashriyot va raqamli loyihalarni tayyorlashda ishtirok etish, muzey kolleksiyalari va tarixiy manbalar bilan ishlash, shuningdek, milliy va xalqaro media hamjamiyatining yetakchi vakillari tajribasini o‘zlashtirish imkonini beradi.

MAX_6802.JPG

Tadbir doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovga O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining faxriy professori unvoni topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, tadbir 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi dasturi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Forumda qariyb 50 davlatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafar vakili ishtirok etmoqda. Forumning markaziy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hisoblanadi.

 

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.