

Yangiliklar
Toshkentda dunyoning yetakchi OAV vakillari ishtirok etadigan Xalqaro mediaforum dasturi taqdim etildi
Toshkent shahrida, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi arafasida mahalliy va xorijiy jurnalistlar uchun brifing bo‘lib o‘tdi.
Brifingda forum Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilishi hamda qariyb 50 mamlakatdan 300 nafar media va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirishi ma’lum qilindi. Ishtirokchilar orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
Ommaviy axborot vositalari vakillariga forum dasturining asosiy yo‘nalishlari, yalpi sessiyalar, xalqaro medialoyihalar, hujjatli filьmlar, noshirlik tashabbuslari va raqamli yechimlar haqida ma’lumot berildi.
24-avgust kuni qator professional va ta’limiy tadbirlar ham tashkil etildi. Toshkentdagi oliy ta’lim muassasalarida hujjatli kino, televideniye, zamonaviy media va raqamli texnologiyalar sohasi ustalari bilan ijodiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Shu kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti yosh jurnalistlar uchun mediaplatforma yaratish bo‘yicha qo‘shma dasturni imzoladi. Loyiha mamlakatning madaniy va tarixiy merosini o‘rganish va ommalashtirish, shuningdek, yosh jurnalistlarni zamonaviy mediakontent yaratish jarayoniga jalb etishga qaratilgan. Shuningdek, Sevimli telekanaliga mediatur tashkil etildi.
Kun dasturi «Oskar» mukofoti sovrindori Ben Kingsli ishtirokidagi «Ma’rifat aks-sadosi» filьmi taqdimoti bilan yakunlandi. Loyiha islom sivilizatsiyasi merosi, mintaqaning buyuk ilm-fan va madaniyat namoyandalari, ularning kashfiyotlari hamda bilimlar taraqqiyotiga ko‘rsatgan ta’siriga bag‘ishlangan.
Mediaforumning asosiy dasturi 25-avgust kuni Islom sivilizatsiyasi markazida boshlanadi. Uni mamlakat rahbariyati vakillari va xorijiy mehmonlar ishtirokidagi tantanali ochilish marosimi boshlab beradi.
Forumning dastlabki xalqaro spikerlaridan biri Euronews bosh direktori va tahririyat direktori Klaus Shtruns bo‘ladi. U «Yangi yaqinlik: Yevropa va Markaziy Osiyoni madaniyat, media va g‘oyalar orqali birlashtirish — Islom sivilizatsiyasi markazi global axborot makonida» mavzusida maxsus ma’ruza taqdim etadi.
Forum dasturida CNN International Commercial, Euronews, BBC Studios, TRT World, Oman TV, Oman Observer, Tunisning TAP axborot agentligi, Yamanning Saba axborot agentligi va boshqa xalqaro OAV vakillarining ishtiroki ko‘zda tutilgan.
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Tadbirning markaziy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hisoblanadi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.