Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

CNN, Euronews, BBC, TRT World kabi dunyoning yetakchi OAVlari bir maydonda: Toshkentda global mediaforum ochiladi

Bugun, 25 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tadi. Unda qariyb 50 davlatdan 300 nafarga yaqin media va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etmoqda. Ular orasida yirik xalqaro telekanallar va axborot agentliklari rahbarlari hamda vakillari, jurnalistlar, noshirlar, kinematograflar, olimlar, tadqiqotchilar va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari bor.

Forumning rasmiy ochilish marosimi soat 09:30 da Islom sivilizatsiyasi markazining Grand-konferens-zalida boshlanadi. Ishtirokchilarga «Jahon jamoatchiligining Islom sivilizatsiyasi markaziga nigohi» maxsus filьmi namoyish etiladi. Tadbirda rasmiy shaxslarning qutlov so‘zlari bilan chiqish qilishi kutilmoqda.

Ochilish marosimining markaziy chiqishlaridan biri Euronews bosh va tahririy direktori Klaus Shtrunsning «Yangi yaqinlik: Yevropa va Markaziy Osiyoni madaniyat, media va g‘oyalar orqali birlashtirish — Islom sivilizatsiyasi markazi global axborot makonida» mavzusidagi maxsus ma’ruzasi bo‘ladi.

CNN International Commercial ijrochi vitse-prezidenti Fil Nelson ham forum ishtirokchilariga video murojaat yo‘llaydi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov esa «Islom sivilizatsiyasi markazi — yangi turdagi madaniy-ma’rifiy mediaplatforma» mavzusida maxsus ma’ruza qiladi.

«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — buyuk merosning yangi tayanch nuqtasi» mavzusidagi birinchi yalpi sessiyaga CNN vakili Paula Xenkoks va Islom sivilizatsiyasi markazi media bo‘limi rahbari O‘ktam Usmonov moderatorlik qiladi.

Sessiya doirasida «Pochta markasidagi meros: buyuk tarixiy shaxslar va Islom sivilizatsiyasi markazi» alьbomining taqdimoti bo‘lib o‘tadi. CNN International Commercial mintaqaviy vakili Imran Ahmad «CNN O‘zbekistonni kashf etmoqda: islom sivilizatsiyasi merosi asosiy yo‘nalishga aylanganida» mavzusida maxsus ma’ruza qiladi.

Alohida blok zamonaviy media, kino va raqamli texnologiyalar orqali tarixiy va ilmiy merosni xalqaro auditoriya uchun yanada ochiq va ommabop qilish masalalariga bag‘ishlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi direktori Qobuljon Ahmedov yangi mulьtimedia formatlarini taqdim etadi. Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov esa O‘zbekiston tarixini katta ekranga qaytarishda kinematografiyaning o‘rni haqida so‘z yuritadi.

Eng ko‘p kutilgan taqdimotlardan biri «Dunyoni o‘zgartirganlar: islom sivilizatsiyasining buyuk shaxslari katta ekranda» loyihasi bo‘ladi. 1001 Inventions xalqaro loyihasi asoschisi Ahmed Salim va rejissyor Shohruh Rasulov «Ma’rifat aks-sadosi» loyihasi hamda «Oskar» mukofoti sovrindori Ben Kingsli ishtirokidagi filmdan maxsus parchani taqdim etadi.

BBC Studios’ning Yevroosiyodagi tijorat vakolatxonasi rahbari Sergey Stanovkin islom sivilizatsiyasini global media makonida pozitsiyalash mavzusida ma’ruza qiladi.

Sessiya «Meros sadolari: islom sivilizatsiyasi jahon media makonida qanday yangramoqda?» mavzusidagi ochiq xalqaro munozara bilan davom etadi. Unda Mali, Ozarbayjon, Misr, Niger, Turkiya, Yaman va O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari rahbarlari hamda vakillari ishtirok etadi.

Forum ishi «Buyuk tarixiy shaxslar: islom merosini ommalashtirishning yangi mediaformatlari» mavzusidagi yalpi sessiya bilan davom etadi. Unga «Mening yurtim» telekanali loyihalar koordinatori Baxtiyor To‘raxonov va Sergey Stanovkin moderatorlik qiladi.

Ishtirokchilarga O‘zbekiston tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan qator hujjatli loyihalar, jumladan, «Movarounnahr sivilizatsiyasi», «Islom sivilizatsiyasi markazi. Yangi koinot», «Imom Buxoriy» filmlari va boshqa loyihalar taqdim etiladi. Dasturdan Italiyaning VIKO telekompaniyasi va TRT Avaz vakillarining video chiqishlari ham o‘rin olgan.

Yangi raqamli formatlarga alohida e’tibor qaratiladi. NeoVex vakillari «Raqamli avatar: islom sivilizatsiyasi qahramonlari yangi avlod bilan muloqotda» va «O‘zbekiston 360°: jonli meros platformasi» loyihalarini taqdim etadi.

Firdavs Abduxoliqov va Turkiyaning Mega Basim nashriyoti boshqaruvi raisi Hasanbey Kondu «O‘zbekiston tarixidagi buyuk shaxslar Sharq miniatyuralarida» kitob-alьbomini taqdim etadi.

«Rossiya» Milliy markazi bosh direktorining o‘rinbosari Anastasiya Zvyagina Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritadi. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja esa yoshlar auditoriyasi uchun tarixni zamonaviy vizual shakllarda taqdim etish usullariga bag‘ishlangan loyihani tanishtiradi.

Italiyalik tadqiqotchi va Leonardo da Vinchi merosi bo‘yicha mutaxassis Mario Taddei Sharq va G‘arb o‘rtasidagi intellektual aloqalar hamda islom ilmiy tafakkurining Yevropa Uyg‘onish davriga ta’siriga bag‘ishlangan kitob loyihasini taqdim etadi. Kulturalis nashriyoti prezidenti Sharlotta Kramer esa ispaniyalik sayyoh Rui Gonsales de Klavixo nigohi orqali Amir Temur davri Samarqandi haqida so‘zlab beradi.

Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, SMI-ASIA nashriyoti, TRT World va «Qazaqstan» telekanali loyihalari ham taqdim etiladi. Ular hujjatli kino, raqamli kontent hamda Markaziy Osiyo madaniy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma xalqaro loyihalardagi yangi yondashuvlarga bag‘ishlangan.

Ishbilarmonlik dasturi «Islom sivilizatsiyasining buyuk shaxslari yangi talqinda: XXI asr auditoriyasini qanday qiziqtirish mumkin?» mavzusidagi xalqaro munozara bilan yakunlanadi. Unda Quvayt, Ozarbayjon, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston OAVlari rahbarlari va muharrirlari ishtirok etadi.

Kechqurun Islom sivilizatsiyasi markazida tantanali qabul marosimi va maxsus madaniy dastur bo‘lib o‘tadi. Birinchi kunning kulьminatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazi fasadida namoyish etiladigan keng ko‘lamli mulьtimediali mepping-shou bo‘ladi. Shuningdek, ishtirokchilarga Markazning immersiv loyihalariga bag‘ishlangan taqdimot roligi namoyish etiladi. Dasturning mulьtimedia qismi ustida «Sila sveta» kompaniyasining ijodiy guruhi ishlamoqda.

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi 28 avgustga qadar davom etadi. Toshkentdagi dasturdan so‘ng ishtirokchilar Samarqandga yo‘l oladi. U yerda forum dasturi O‘zbekistonning tarixiy-madaniy va ma’naviy meros obyektlariga bag‘ishlanadi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.