Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Sherzod Asadov: «Jurnalistika xalqlar o‘rtasida devor emas, ko‘prik bo‘lishi kerak»

Toshkentda «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforum o‘z ishini boshladi. Tadbirning ochilish qismida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov so‘zga chiqib, bugungi jurnalistika oldida turgan eng muhim vazifalar, axborot makonidagi o‘zgarishlar, sun’iy intellekt imkoniyatlari va O‘zbekistonning boy tarixiy merosini dunyoga yetkazish masalalari haqida mazmunli fikrlar bildirdi.

Sherzod Asadov, avvalo, xalqaro mediaforum ishtirokchilarini Toshkentda, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, mustaqil davlat uchun siyosiy va iqtisodiy suverenitet bilan bir qatorda, o‘z tarixi haqidagi haqiqatni o‘zi ayta olishi, o‘z ovozini dunyoga eshittira bilishi ham muhim.

— Mustaqillik bizga o‘z taqdirimizni belgilash va uning mazmun-mohiyatini jahonga yetkazish huquqini berdi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos, — dedi Sherzod Asadov.

Axborot tezligi va jurnalist mas’uliyati

Bugun axborot chegara bilmaydi. Bir voqea haqidagi xabar sanoqli soniyalarda millionlab insonlarga yetib boradi. Ammo axborot oqimi bilan birga yolg‘on xabarlar, manipulyasiyalar, dipfeyklar va axborot xurujlari ham kengayib borayotgani ta’kidlandi.

Shu bois jurnalistika oldidagi eng muhim vazifa — tezkorlik bilan birga haqqoniylik va mas’uliyatni saqlash.

Texnologiyalar qanchalik o‘zgarmasin, jurnalistikaning asosiy mezonlari — haqiqat, xolislik, vijdon va inson manfaatlari bo‘lib qoladi, — dedi Prezident matbuot kotibi.

Uning qayd etishicha, so‘z erkinligi siyosiy kon’yunkturaga bo‘ysundiriladigan vositaga aylansa, jurnalistikaning eng muhim mezonlari — xolislik va ishonchlilikka putur yetadi. Shuning uchun faktlarga tayanish, voqealarni xolis aks ettirish va jamiyatni ochiqroq qilish bugungi jurnalistikaning asosiy vazifalaridan biridir.

«Sun’iy intellekt jurnalistning o‘rnini egallay olmaydi»

Nutqda zamonaviy jurnalistikaga sun’iy intellektning kirib kelishi ham alohida tilga olindi.

Sherzod Asadovning fikricha, sun’iy intellekt jurnalistning o‘rnini egallamaydi, balki uning imkoniyatlarini kengaytiradi.

Zamonaviy jurnalist endi faqat matn muallifi emas. U storitelling, infografika, vizualizatsiya, video, montaj va raqamli kontent bilan ishlay oladigan universal media mutaxassis bo‘lishi kerak.

Biroq texnologiyalar rivoji jurnalistikaning inson omilining ahamiyatini kamaytirmaydi. Aksincha, yangi texnologiyalar sharoitida haqiqatni anglash, manbani tekshirish, xolis xulosa chiqarish va jamiyat manfaatini himoya qilish jurnalistning asosiy mas’uliyati bo‘lib qoladi.

Milliy media — davlat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prik

Prezident matbuot kotibi jurnalistning jamiyatdagi o‘rniga to‘xtalib, uni faqat axborot yetkazuvchi emas, balki xalqning dardu tashvishini eshitadigan, muammolarini ko‘taradigan va jamoatchilik ovozini davlat idoralariga yetkazadigan muhim bo‘g‘in sifatida baholadi.

— Milliy media davlat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prikka aylanib, mamlakatimizning taraqqiyotiga, inson huquqlarini himoya qilishga va kelajak yutuqlarimizni dunyoga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim kuchdir, — dedi u.

O‘zbekistonda media sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida OAV soni ham ortib borayotgani qayd etildi. 2022 yilda mamlakatda 2004 ta OAV faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ularning soni 2277 taga yetgan. Nodavlat OAV bugun respublikadagi umumiy axborot vositalarining 70 foizini tashkil etmoqda.

«Islom sivilizatsiyasi — avvalo ilm-ma’rifat sivilizatsiyasidir»

Forumning aynan Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani alohida ramziy ma’noga ega ekani ta’kidlandi.

Prezident matbuot kotibi ushbu maskan O‘zbekistonning ko‘p ming yillik ilmiy va ma’naviy merosini dunyoga tanitishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

— Islom sivilizatsiyasi — bu avvalo ilm-ma’rifat, tafakkur va taraqqiyot sivilizatsiyasidir, — dedi Sherzod Asadov.

Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalar merosi nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyatning bebaho boyligi ekani ta’kidlandi.

Ayniqsa, Xorazmiy merosi misolida tarixiy ilm-fan yutuqlarining bugungi texnologiyalar bilan uzviy bog‘liqligiga e’tibor qaratildi. Alloma nomi bilan bog‘liq «algoritm» tushunchasi bu buyuk ilmiy meros asrlar o‘tib ham zamonaviy raqamli dunyoda yashab kelayotganining yorqin namunasidir.

Shuning uchun tarixiy merosni faqat muzey va kitoblarda saqlashning o‘zi yetarli emas. Uni zamonaviy raqamli formatlarda, yosh avlodga tushunarli tilda va jahon hamjamiyatiga xolis yetkazish zarur.

«O‘zbekiston haqida o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring»

Sherzod Asadov xalqaro forum ishtirokchilariga murojaat qilib, O‘zbekistonni tayyor qoliplar orqali emas, balki mamlakatga tashrif buyurib, odamlar bilan muloqot qilib, savollar berib va mustaqil xulosa chiqarish orqali o‘rganishga chaqirdi.

— Biz sizlarni O‘zbekiston haqida shunchaki yaxshi gapirishga emas, uni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishga, odamlar bilan muloqot qilishga, savol berishga va mustaqil xulosa chiqarishga da’vat etamiz. Ochiqlik biz uchun vaqtinchalik yondashuv emas, strategik tanlovdir, — dedi u.

Shu ma’noda, jurnalistika nafaqat mamlakat haqida axborot tarqatadi, balki xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlaydi.

— Jurnalistikaning vazifasi — murakkab masalalarni siyosiylashtirish emas, balki ularni xolis yoritishdir, — dedi Sherzod Asadov.

U xalqaro mediaforumni bir martalik tadbir emas, balki tajriba va qarashlar almashiladigan, tarixiy merosni zamonaviy talqinda dunyoga yetkazishning yangi imkoniyatlarini yaratadigan uzoq muddatli professional muloqot maydoni sifatida ko‘rishini bildirdi.

Forum ishtirokchilarini birlashtirgan asosiy g‘oya esa yaqqol: tarixni bilish, uni xolis talqin qilish va zamonaviy vositalar orqali kelajak avlodga yetkazish.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.