Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi jahon mediasiga buyuk merosning yangi tayanch nuqtasi sifatida taqdim etildi

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumining birinchi yalpi sessiyasi 25 avgust kuni «O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — buyuk merosning yangi tayanch nuqtasi» mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. Uning dasturidan CNN, BBC Studios, 1001 Inventions xalqaro loyihasi, O‘zbekiston davlat va media tuzilmalari vakillarining chiqishlari, shuningdek, ochiq xalqaro munozara o‘rin olgan.

Sessiya Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning «Islom sivilizatsiyasi markazi — yangi turdagi madaniy-ma’rifiy mediaplatforma» mavzusidagi maxsus ma’ruzasi bilan ochildi. Ishtirokchilarga Markaz haqidagi taqdimot roligi ham namoyish etildi.

Sessiya moderatorlaridan biri CNN vakili Paula Xenkoks bo‘ldi. Sessiya doirasida CNN International Commercial ijrochi vitse-prezidenti Fil Nelьsonning maxsus video qutlovi namoyish etildi. Kompaniyaning mintaqaviy vakili Imran Ahmad esa «CNN O‘zbekistonni kashf etmoqda: islom sivilizatsiyasi merosi asosiy yo‘nalishga aylanganida» mavzusida ma’ruza qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi direktori o‘rinbosari Jahongir Abdurahmonov «Madaniy merosning yangi tili: tarix, ilm-fan va turizmning mulьtimedia formatlari» mavzusida chiqish qildi.

1001 Inventions loyihasi asoschisi Ahmed Salim va rejissyor Shohruh Rasulov «Dunyoni o‘zgartirganlar: islom sivilizatsiyasining buyuk shaxslari katta ekranda» loyihasini taqdim etdi. Shu blok doirasida «Ma’rifat aks-sadosi» taqdimoti ham o‘tkazilib, «Oskar» mukofoti sovrindori Ben Kingsli ishtirokidagi filьmdan maxsus parcha namoyish etildi.

_MGL7476.JPG

BBC Studios’ning Yevroosiyodagi tijorat vakolatxonasi rahbari Sergey Stanovkin «Meros chegaralaridan tashqarida: islom sivilizatsiyasini global media makonida pozitsiyalash» mavzusida ma’ruza qildi. Shundan so‘ng «Meros sadolari: islom sivilizatsiyasi jahon media makonida qanday yangramoqda?» mavzusida ochiq xalqaro munozara bo‘lib o‘tdi.

Muhokamada Mali, Ozarbayjon, Misr, Niger, Turkiya, Yaman, Tunis va O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari hamda professional uyushmalari vakillari ishtirok etishdi. Ular orasida AMAP, Saba va TAP axborot agentliklari, Anadolu Ajansı, Yeni Müsavat / Musavat mediaguruhi hamda Afro-Osiyo media ittifoqi rahbarlari va vakillari bor.

Forumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi. Unda qariyb 50 davlatdan 300 nafar media va ekspertlar hamjamiyati vakillari — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriyalar mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.