Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Ibn Sinodan Ulug‘bekkacha: Toshkentda islom sivilizatsiyasi merosiga bag‘ishlangan markalar taqdim etildi

Toshkentda «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforum doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishiga bag‘ishlangan maxsus pochta markalari taqdimoti va ularni xotira shtempeli bilan so‘ndirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimni «O‘zbekiston pochtasi» vakili Sanjar Nizomov olib bordi.

Mazkur pochta markalari O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 17-martdagi 49-sonli buyrug‘i asosida 19-mart kuni muomalaga kiritilgan. Turkum 23 ta pochta markasidan iborat kichik varaq shaklida chop etilgan. Markalar turkumi bilan birga maxsus sovg‘a alьbomi, suvenir alьbom, pochta konverti va xotira shtempeli ham tayyorlangan.

Pochta markalarida O‘zbekiston sivilizatsiyasi va jahon ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz — Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad al-Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa tarixiy siymolar obrazlari aks ettirilgan.

Shuningdek, markalarda VII–XVI asrlarga oid noyob artefaktlar, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga mansub madaniy meros namunalari o‘z ifodasini topgan. Kichik varaqlarda esa O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining logotipi joylashtirilgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov, «Euronews» bosh direktori va tahririyat direktori Klaus Shtruns, Müller & Schindler nashriyoti prezidenti Kramer Sharlotta, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, «CNN International» mintaqaviy direktori Imron Ahmad, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov, «Karak Project» loyiha tashkiloti rahbari va bosh me’mori Abduqahhor Turdiyev ishtirok etdi.

Marosimning eng muhim qismida maxsus pochta markalari ishtirokchilar tomonidan xotira shtempeli bilan so‘ndirildi. Ushbu an’anaviy marosim pochta markasining muomalaga kiritilganini ramziy tarzda muhrlash bilan birga, tarixiy voqeaning xotirasini saqlashga xizmat qiladi.

Ta’kidlanganidek, pochta markalari oddiy pochta vositasi bo‘libgina qolmay, mamlakatning tarixi, madaniyati, ilmiy merosi va milliy qadriyatlarini dunyoga tanitishda o‘ziga xos diplomatik vosita vazifasini ham bajaradi. Shu ma’noda, Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan ushbu markalar O‘zbekistonning ko‘p asrlik ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro jamoatchilikka yetkazishning yana bir o‘ziga xos shaklidir.

Maxsus pochta markalarida buyuk allomalar va tarixiy artefaktlarning aks ettirilishi esa bir marka orqali butun bir sivilizatsiya tarixini hikoya qilish imkonini beradi. Ularning har biri O‘zbekiston zaminida shakllangan ilm-fan, madaniyat va tafakkur maktabining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini yodga soladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga pochta markalari turkumi, birinchi kungi dastxat va maxsus bezaklar joylashtirilgan sovg‘a alьbomlari taqdim etildi. Mehmonlar bilan tarixiy marosim xotirasi uchun umumiy suratga tushildi.

Shu tariqa, xalqaro mediaforum doirasida o‘tkazilgan mazkur marosim O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini nafaqat muzey va ilmiy tadqiqotlar, balki pochta san’ati orqali ham jahonga namoyish etishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida tarixda qoladi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.