

Yangiliklar
Toshkentda Xalqaro mediaforum hal qiluvchi bosqichga kirdi
26 avgust kuni Toshkent shahrida «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumining ikkinchi kuni bo‘lib o‘tadi. Forum dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidan 300 ga yaqin jurnalist, OAV rahbarlari, ekspertlar va kreativ industriya vakillarini birlashtirdi. Asosiy tadbirlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilyapti, poytaxt oliy ta’lim muassasalarida esa xorijiy media mutaxassislarining mahorat darslari parallel ravishda tashkil etilmoqda.
Bugun Markazda «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati» mavzusidagi uchinchi yalpi sessiya bo‘lib o‘tadi. Uning dasturi Qur’on merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, xattotlik, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalariga bag‘ishlanadi.
Ishtirokchilarga «114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar», «Masjid» hujjatli filьmi, «Allohning 99 ismi» noshirlik loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» texnologik loyihasi taqdim etiladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani bartaraf etishdagi o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro munozara o‘tkaziladi hamda noyob «Dunyo Qur’oni»ni yaratish bo‘yicha xattotlar o‘rtasidagi Jahon tanlovi e’lon qilinadi.
«Tarixiy merosdan Yangi Renessans sari: islom sivilizatsiyasi g‘oyalarini ilgari surishda O‘zbekistonning o‘rni» mavzusidagi to‘rtinchi yalpi sessiya Yangi O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslari, ma’rifiy va noshirlik loyihalariga bag‘ishlanadi. Xususan, «Yangi O‘zbekiston» va «Yangi O‘zbekiston dunyo nigohida: o‘zgarishlar davri» loyihalari, shuningdek, «Shavkat Mirziyoev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi» kitobi taqdim etiladi. Sessiya zamonaviy jamiyatni ma’rifiy tashabbuslarga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro munozara bilan yakunlanadi.
Shu bilan bir vaqtda Toshkentdagi oliy ta’lim muassasalarida CNN, BBC Studios, TRT World, Report.az, Mueller & Schindler, «1001 Inventions» loyihasi, «Rossiya» Milliy markazi va boshqa xalqaro media tuzilmalar vakillari ishtirokida uchrashuv va mahorat darslari bo‘lib o‘tadi. Ularda raqamli jurnalistika, sun’iy intellekt, televizion prodakshn, noshirlik faoliyati, global auditoriya bilan ishlash hamda tarixiy-madaniy merosni ommalashtirishning zamonaviy formatlari muhokama qilinadi.
Kunning markaziy voqealaridan biri Islom sivilizatsiyasi markazida forum asosiy ishbilarmonlik dasturining tantanali yopilish marosimi bo‘ladi. Unda rasmiy shaxslar, tashkiliy qo‘mita hamda xalqaro media hamjamiyati vakillari so‘zga chiqadi, o‘tkazilgan yalpi majlislar va muhokamalar yakunlari sarhisob qilinadi.
Marosim doirasida Xalqaro mediaforumning yakuniy hujjatlari, jumladan, forum Deklaratsiyasi hamda ishtirokchilarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaatini qabul qilish rejalashtirilgan.
Deklaratsiyada ishtirokchilar Xalqaro mediaalьyans tashkil etish, «Sivilizatsiyalar ovozi» xalqaro mediatanlovini har yili o‘tkazish, jurnalistlar uchun ta’lim dasturlari va professional almashinuvlarni rivojlantirish, qo‘shma medialoyihalar ko‘lamini kengaytirish hamda jahon ommaviy axborot vositalarining Islom sivilizatsiyasi markazi bilan doimiy hamkorligini yo‘lga qo‘yishni taklif etadi.
Hujjatda, shuningdek, forum doirasida hamkorlik to‘g‘risida 20 ga yaqin memorandum imzolangani qayd etiladi va Toshkent xalqaro mediaforumini xalqaro media muloqotining muntazam o‘tkazib boriladigan doimiy maydoniga aylantirish taklif qilinadi.
Yakuniy hujjatlar qabul qilingach, mediaforum asosiy ishbilarmonlik qismining rasman yakunlangani e’lon qilinadi va yakuniy nutqlar tinglanadi.
27 avgust kuni forum dasturi Samarqand shahrida davom etadi. Ishtirokchilar Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi, Hadis ilmi maktabi, Imom al-Buxoriy nomidagi innovatsion muzey hamda shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlariga tashrif buyuradi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.