Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Germaniyalik ekspert: «O‘zbekiston tinchlik va barqarorlik izlayotgan mamlakatlar uchun namuna bo‘la oladi»


Ketlin Gyobelь, Germaniyaning Berlin shahrida madaniy hamkorlik yo‘nalishi direktori:

–        Biz O‘zbekiston bilan madaniyat va dinshunoslik sohalarida o‘n yildan ortiq vaqtdan beri hamkorlik qilib kelyapmiz. Shuning uchun bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar men uchun yangilik emas. Ammo O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qilingan ishlar meni chuqur ta’sirlantirmoqda.

Bugun forumda jurnalistlar nodavlat tashkiloti rahbari O‘zbekistonni «mayoq», ya’ni nur sochib, yo‘l ko‘rsatib turuvchi mamlakat sifatida ta’rifladi. Menimcha, bu juda to‘g‘ri ta’rif.

Germaniyadan kelgan inson sifatida shuni aytishim mumkinki, bugun Yevropada siyosiy vaziyat juda murakkab va beqaror. Menimcha, O‘zbekiston biz uchun yaxshi namuna bo‘la oladi. Chunki bu yerda davlat rahbari faqat iqtisodiy masalalarni birinchi o‘ringa qo‘ymayapti. Albatta, O‘zbekiston iqtisodiyot, turizm va boshqa sohalarda juda jadal rivojlanmoqda.

Biroq, menimcha, bu jarayonlarning ortida yanada kamyob va o‘ziga xos bir maqsad bor. Bu — xalqning ruhiy holati, ma’naviy farovonligi va ichki dunyosiga e’tibor qaratishdir. Bu Prezident amalga oshirayotgan ishlarida ma’naviyatga alohida o‘rin berilayotganidan dalolat beradi.

Bunday yondashuv juda kam uchraydi. Shuning uchun bugungi kabi media tadbirlarning O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani juda muhim. Chunki bu boshqa mamlakatlar uchun ham o‘rnak bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, urushlarning oldini olishga, tinchlikni saqlashga va odamlarni yana xavfsiz, osoyishta hayotga qaytarishga intilayotgan mamlakatlar uchun O‘zbekiston tajribasi yaxshi namuna bo‘la oladi.

Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi esa mana shu yondashuvning o‘ziga xos ramzi, deb o‘ylayman. Markaz o‘zining ulkan ko‘lami va betakror go‘zalligi bilan juda nufuzli maskanga aylangan. Hatto Germaniya Prezidenti Frank-Valьter Shtaynmayer ham bu yerga tashrifi chog‘ida «Men juda chuqur ta’sirlandim», degan edi. Buning o‘zi katta ahamiyatga ega.
Bu yerda yaratilgan muhit, uning go‘zalligi va ulug‘vorligi meni juda ta’sirlantirdi. Albatta, bu yerda faqat go‘zallik emas, balki ulkan bilim, hikmat va ma’naviy mazmun ham mujassam.
Menga yana bir bor O‘zbekistonga taklif qilinib, yaqinda nashr etgan kitobim — «Allohning 99 ismi» haqida so‘zlash imkoniyati berilganidan juda mamnunman.

Iyulь oyida ham shu yerda kitobim haqida taqdimot o‘tkazgan edim. O‘sha tadbirda dunyoning turli burchaklaridan juda ko‘p nufuzli va hurmatli mehmonlar ishtirok etgandi. Ular kitobdagi g‘oyalar va men bergan taqdimotni juda yaxshi qabul qilishdi. Bu safar esa kitobni media vakillariga taqdim etish uchun taklif qilinganimdan xursandman.
Menimcha, bu kitob Qur’on, hadis va buyuk faylasuflar hamda ulamolarning an’analari kabi asl islomiy manbalarni asrab-avaylash yo‘lida kichik bir qadam, desak bo‘ladi. Balki uni bir tomchiga o‘xshatish mumkin.

Bunday asl manbalar o‘z mazmuni va mohiyati bilan juda qadrli. Ularni o‘zgartirish mumkin emas. Ammo ularni zamonaviy insonga yetkazish uchun yangi shakl va yangi yondashuv kerak.

Men buni shunday tushunaman: dunyodagi har bir narsaning mazmuni va uni ifodalovchi shakli bor. Mazmunga tegish mumkin emas. Ammo shaklni zamon talabidan kelib chiqib yangilab turish zarur.
Shu sababli men bu kitobda juda zamonaviy uslubdan foydalandim. Unda uzun-uzun matnlarni o‘qib o‘tirish shart emas. Har bir mavzu qisqa va lo‘nda parchalar orqali berilgan. Kitobni o‘qish ham qiziqarli. Uning sahifalarini osongina ko‘zdan kechirib chiqish mumkin.

Shu bilan birga, keltirilgan har bir ma’lumotning manbasi ko‘rsatilgan. Agar o‘quvchi biror mavzuga qiziqib qolsa, manbaga murojaat qilib, uni mustaqil ravishda chuqurroq o‘rganishi mumkin. Ya’ni bu kitobni mustaqil ta’lim olish uchun ham qo‘llash mumkin.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.