Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Avesta.tj :“Islom sivilizatsiyasi markazi buyuk merosning yangi tayanch maskani sifatida e’tirof etildi”

Toshkentda o‘tayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumning ikkinchi qismida Islom sivilizatsiyasi markazining O‘zbekiston tarixi va madaniy merosini jahon auditoriyasiga yetkazishdagi ahamiyati muhokama qilindi. Avesta.tj xabar berishicha, 46 dan ortiq mamlakatdan kelgan media vakillari tarixiy merosni zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib qilish, xalqaro madaniy va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratgan.

Forumda Markaz tarix, ilm-fan va ma’rifatni birlashtiruvchi muhim makon sifatida baholanib, uning Euronews, CNN, BBC, TRT kabi xalqaro media tashkilotlari bilan hamkorligi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar alohida qayd etildi. Ishtirokchilar bunday hamkorlik O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini xalqaro auditoriyaga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumning ikkinchi qismi Toshkentda «O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — buyuk merosning yangi tayanch maskani» mavzusida o‘tkazilmoqda. Unda dunyoning 46 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan nufuzli ommaviy axborot vositalari, telekanallar, axborot agentliklari rahbarlari va vakillari, jurnalistlar, prodyuserlar, media va madaniyat sohasi ekspertlari ishtirok etmoqda.

Forum ishtirokchilari ta’kidlaganidek, tarixni zamonaviy o‘rganish nafaqat fakt va artefaktlarni saqlashni, balki ularni yangi nuqtai nazardan anglashni ham talab etadi. Bunda tarixiy va madaniy meros haqidagi bilimlarni tarqatish, xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasida xalqaro muloqotni shakllantirishda zamonaviy medianing roliga alohida e’tibor qaratilmoqda.

So‘zga chiqqanlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tarix va kelajakni, milliy xotira, ilm-fan va ma’rifatni birlashtiruvchi makon sifatida taqdim etdilar. Ta’kidlanganidek, Markaz faoliyati O‘zbekistonning insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini jahon hamjamiyatiga namoyon etishga qaratilgan.

Ishtirokchilar tarixiy merosni yangi avlodlar uchun yanada ommabop qilish zarurligiga ham alohida urg‘u berdilar. Ularning fikricha, tarix faqat muzey eksponati sifatida qolib ketmasligi, madaniy meros esa zamonaviy ijtimoiy va intellektual muloqotning ajralmas qismiga aylanishi kerak.

Forumning asosiy mavzularidan biri jaholat, stereotiplar va islom dini haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlarga qarshi ma’rifatning roli bo‘ldi. Ishtirokchilar Islom sivilizatsiyasi tarixi va uning matematika, astronomiya, tibbiyot, falsafa, adabiyot, me’morlik va ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasini obyektiv hamda ilmiy asosda yoritish zarurligini ta’kidladilar.

Shu munosabat bilan media vakillari Islom sivilizatsiyasi haqidagi bilimlarni keng targ‘ib qilish maqsadida telekanallar, axborot agentliklari, radiostansiyalar, internet nashrlari, jurnalistlar, blogerlar va kontent yaratuvchilarning sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqirdilar.

Forumda qayd etilganidek, zamonaviy medianing vazifasi nafaqat axborot yetkazish, balki xalqaro madaniy va ilmiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishdan ham iborat. Bunday hamkorlikning amaliy natijalari sifatida yangi hujjatli filьmlar, televizion dasturlar, xalqaro axborot agentliklarining maxsus loyihalarini yaratish, shuningdek, muzeylar, olimlar va jurnalistlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish qayd etildi.

So‘zga chiqqanlar Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro media kompaniyalar va tashkilotlar bilan hamkorligiga ham to‘xtaldilar. Xususan, Euronews telekanali bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi islohotlar, ma’naviy-ma’rifiy o‘zgarishlar va Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan 100 dan ortiq turli media materiallar tayyorlanib, xalqaro auditoriyaga taqdim etilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, CNN bilan O‘zbekistonning tarixiy merosi, mamlakatning zamonaviy taraqqiyoti va Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan qator maxsus loyihalar amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.

Britaniyalik kinoprodyuser Salim Ahmad bilan hamkorlik alohida qayd etildi. Ushbu hamkorlik doirasida Gollivud aktyori Ben Kingsli ishtirokida O‘zbekiston tarixi va buyuk ajdodlar merosiga bag‘ishlangan filmlar turkumi yaratilgan.

Forumda BBC Studios vakili Sergey Stanovkinga ham minnatdorlik bildirildi. Uning BBC bilan hamkorlikda tayyorlangan filьmlar, reportajlar va boshqa videomateriallarni yaratishdagi hissasi yuqori baholandi.

Ishtirokchilar Rossiyaning «Masterskaya» telekanali bilan hamkorlikni ham e’tirof etdilar. Ushbu hamkorlik doirasida O‘zbekiston tarixi, mamlakatning madaniy merosi va buyuk tarixiy shaxslariga bag‘ishlangan hujjatli filьmlar tayyorlangan.

So‘zga chiqqanlar TRT bilan hamkorlikka alohida to‘xtaldilar. 2025 va 2026 yillarda Ramazon oylari davomida O‘zbekistondagi islohotlar, mamlakatning madaniy merosi, buyuk ajdodlarning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan qariyb 100 ta mavzuli dastur hamkorlikda tayyorlanib, efirga uzatilgan.

Xalqaro tashkilotlar va xorijiy nashriyotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan nashriyot loyihalariga ham katta e’tibor qaratildi. Xususan, Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya hamda birinchi Islom sivilizatsiyasi forumi doirasida turli kitob va alьbomlar taqdim etilgan.

Ular orasida IRCICA rahbari Mahmud Erol Qilichning «Shavkat Mirziyoyev – ma’rifatparvar yo‘lboshchi» kitobi, ISESCO bilan hamkorlikda «Ummat» turkumi doirasida tayyorlangan «Al-Jomi’ as-Sahih» nashri, shuningdek, britaniyalik publitsist va yozuvchi Kalum Maklaudning Belgrave nashriyoti bilan hamkorlikda chop etilgan «Samarqandga yo‘l» kitobi bor.

Bundan tashqari, Avstriyaning Mueller & Schindler nashriyoti bilan hamkorlikda faksimile nashrlar tayyorlanib, chop etildi.

Turkiyaning Mega Basım nashriyot uyi bilan hamkorlik doirasida O‘zbekistonning madaniy merosiga bag‘ishlangan qariyb 80 ta kitob-alьbom nashr etildi. Shuningdek, mamlakat tarixidagi buyuk shaxslarga bag‘ishlangan keng qamrovli sovg‘a nashri ham tayyorlandi.

Forumda O‘zbekistonning davlat muassasalari va tashkilotlari vakillari, shuningdek, media sohasi bilan bog‘liq professional hamjamiyatlar ishtirok etmoqda.

Ishtirokchilarning ta’kidlashicha, ommaviy axborot vositalari, ilmiy va madaniy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish O‘zbekiston tarixi, madaniyati va ma’naviy merosini jahon hamjamiyatiga kengroq namoyon etish imkonini beradi.

Forum doirasida ishtirokchilar Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalari, uning ilmiy va ma’rifiy loyihalari bilan tanishish, shuningdek, Samarqandning tarixiy merosi, Imom Buxoriy merosi va O‘zbekistonning madaniy muhitini yaqindan o‘rganish imkoniga ega bo‘ladilar.

Forumning maqsadlaridan biri tarixiy materiallarni namoyish etish bilangina cheklanib qolmasdan, O‘zbekiston merosini yanada chuqur o‘rganish va ommalashtirishga xizmat qiladigan yangi g‘oyalar, mavzular va xalqaro loyihalarni shakllantirishdan iborat ekani qayd etildi.

Bu yondashuv tarixiy merosni kelgusi taraqqiyot uchun bilim va ilhom manbai sifatida anglashni nazarda tutuvchi Uchinchi Renessans g‘oyasi bilan uzviy bog‘liq ekani ta’kidlandi.

Forum ishtirokchilari xalqaro hamkorlik va O‘zbekistonning ochiqlik siyosatining ahamiyatini ham alohida qayd etdilar. Xorijiy OAV vakillari O‘zbekiston va boshqa davlatlar o‘rtasida yangi ma’rifiy va madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yishdagi hamkorlar sifatida baholandi.

So‘zga chiqqanlar yakunida tinchlik, adolat, ma’rifat va bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surishda ishtirok etayotgan jurnalistlar, madaniyat namoyandalari, media va xalqaro tashkilotlar vakillariga minnatdorlik bildirildi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.