

Yangiliklar
Klaus Shtruns: Toshkent mediaforumi doimiy global muloqot maydoniga aylanishi mumkin
Klaus Shtruns, Euronews bosh ijrochi direktori va tahririyat direktori
Ushbu xalqaro mediaforumda ishtirok etish men uchun katta sharaf. Qisqa vaqt ichidayoq juda ko‘p yangi taassurotlar va bilimlarga ega bo‘ldim. Menimcha, bunday forumning eng muhim jihati — turli mamlakatlardan kelgan jurnalistlar, media vakillari va ekspertlarni bir maydonda birlashtirib, tarix, madaniyat va zamonaviy taraqqiyot haqida ochiq muloqot uchun imkoniyat yaratayotganidir.
Bu forumni muntazam davom ettirish, uni yildan-yilga yangi mavzular va yangi ishtirokchilar bilan boyitish katta ahamiyatga ega. Shu tariqa, Islom sivilizatsiyasining boy tarixi, uning bugungi ahamiyati va kelajakdagi o‘rni xalqaro auditoriyaga yanada keng va zamonaviy shaklda yetkazilishi mumkin.
Albatta, bu jarayonda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining o‘rni alohida. Bunday markazni barpo etishning o‘zi katta g‘oya va keng ko‘lamli qarashni talab qiladi. Ammo g‘oyaning o‘zi yetarli emas — uni amalga oshirish muhim. Prezident, uning jamoasi va ushbu loyihada ishtirok etgan barcha mutaxassislar juda qisqa vaqt ichida shunday yirik va ahamiyatli markazni barpo etgani menda katta taassurot qoldirdi. Bugun bu markaz nafaqat o‘ziga xos me’moriy inshoot, balki O‘zbekistonning boy ilmiy, madaniy va sivilizatsion merosini namoyon etadigan muhim ma’rifiy makondir. U o‘tmishni o‘rganish bilan birga, tarixiy merosni bugungi taraqqiyot va kelajak haqidagi qarashlar bilan bog‘lash imkonini ham beradi.
Menimcha, xalqaro media uchun eng katta imkoniyatlardan biri ham aynan shu bog‘liqlikni — O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, uning bugungi rivojlanishi va kelajakka intilishini dunyo auditoriyasiga ko‘rsatishdir. Buyuk Ipak yo‘li, tarixiy shaharlar va ularning asrlar davomidagi taraqqiyotidan tortib, bugungi yangilanish jarayonlarigacha bo‘lgan tarix xalqaro auditoriya uchun katta qiziqish uyg‘otishi mumkin.
Men buni o‘tmishni qalbda saqlagan holda kelajakni barpo etish deb ta’riflagan bo‘lardim. Aynan shu yondashuv O‘zbekistonga bo‘lgan xalqaro qiziqishni yanada oshirishi mumkin. Odamlarni nafaqat mamlakatning boy tarixi, balki bugungi energiyasi, yosh avlodning intilishi va yangi g‘oyalarni amalga oshirishga bo‘lgan yondashuvi ham o‘ziga jalb etadi.
Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli juda muhim. Jurnalistikaning vazifasi auditoriyaga nima deb o‘ylash kerakligini aytish emas, balki voqelikni xolis ko‘rsatish, muhim axborotni yetkazish va insonlarga o‘z fikrini mustaqil shakllantirish imkonini berishdir.
Jurnalistika nafaqat sodir bo‘layotgan voqealarni yoritadi, balki turli fikr va qarashlar almashinuvi uchun platforma ham yaratadi. Ana shunday ochiq muloqot yangi g‘oyalarni shakllantirishga, o‘zaro anglashuvni kuchaytirishga va jamiyatni yanada muvaffaqiyatli kelajak sari olib borishga xizmat qiladi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.