

Yangiliklar
Mediaforum ishtirokchilari Samarqandning boy merosi bilan tanishmoqda
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforum ishtirokchilari Toshkentdagi tadbirlardan so‘ng Samarqand shahriga yetib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash, buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Mediaforum doirasidagi Samarqand safari ham ana shu ezgu maqsadlarni xorijiy media va ekspertlar vakillariga keng namoyon etishga xizmat qiladi.
Mehmonlar Samarqandning asrlar davomida shakllangan noyob tarixiy va ilmiy muhiti bilan yaqindan tanishadi. Tashrif dasturidan Imom Buxoriy majmuasi va Hadis maktabi, Go‘ri Amir, Bibixonim, Registon maydoni, Ulug‘bek rasadxonasi hamda boshqa tarixiy maskanlar o‘rin olgan.
Xususan, Imom Buxoriy majmuasi va Hadis maktabiga tashrif davomida ishtirokchilar buyuk muhaddisning ilmiy-ma’naviy merosi, hadis ilmining rivojida Movarounnahr ulamolarining tutgan o‘rni haqida ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
Registon va Ulug‘bek rasadxonasi esa mehmonlarga Temuriylar davrida ilm-fan, ta’lim, me’morchilik va madaniyat yuksak taraqqiy etganini yaqqol namoyon etadi. Go‘ri Amir va Bibixonim kabi me’moriy obidalar orqali Samarqandning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘ziga xos o‘rni yana bir bor namoyon bo‘ladi.
Samarqanddagi ushbu madaniy-ma’rifiy dastur xorijlik jurnalist va ekspertlarga O‘zbekistonning boy tarixiy merosini bevosita ko‘rish, buyuk allomalar va mutafakkirlar qoldirgan ilmiy xazina bilan tanishish hamda yurtimizning sivilizatsiyalar taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini xalqaro auditoriyaga keng yoritish imkonini beradi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.