Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Xalqaro mediaforum ishtirokchilari Samarqandda Imom Buxoriy merosi va Hadis ilmi maktabi bilan tanishdi

27-avgust kuni dunyoning qariyb 50 mamlakatidan kelgan jurnalistlar, yirik media kompaniyalar rahbarlari, prodyuserlar, olimlar va ekspertlar  uchun «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi dasturi doirasida Samarqandda maxsus ma’rifiy-madaniy dastur tashkil etildi.

Tashrifning dastlabki manzili O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keng ko‘lamda rekonstruksiya qilingan betarokror manzil – buyuk muhaddis, islom olamining eng nufuzli allomalaridan biri Imom Buxoriy majmua bo‘ldi.

Majmua bugun Imom Buxoriyning ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish, asrash va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga xizmat qilayotgan muhim ziyorat va ma’rifat markazlaridan biriga aylangan.

Mediaforum ishtirokchilariga majmuada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, uning me’moriy yechimlari, ziyoratchilar va tadqiqotchilar uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, mazkur maskanning ilmiy-ma’rifiy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Imom Buxoriy Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan va butun islom sivilizatsiyasi tarixida chuqur iz qoldirgan buyuk muhaddis sifatida e’tirof etiladi. Uning «Al-jome’ as-sahih» asari asrlar davomida hadis ilmining eng ishonchli va mo‘’tabar manbalaridan biri sifatida qadrlanib kelmoqda.

Shu ma’noda, alloma mangu qo‘nim topgan ushbu maskan nafaqat ziyoratgoh, balki tarixiy xotira, ilmiy meros va ma’rifatni birlashtirgan yirik ma’naviy markaz sifatida ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Samarqand dasturi doirasida xalqaro mediaforum ishtirokchilari Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan ham tanishdi. Mehmonlarga ta’lim muassasasining asosiy vazifalari, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari, o‘quv jarayoni hamda hadisshunoslik bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar taqdim etildi.

Hadis ilmi maktabi buyuk muhaddis ajdodlar qoldirgan boy ilmiy merosni chuqur tadqiq etish, hadis ilmi an’analarini davom ettirish va sohani zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida rivojlantirishga qaratilgan.

Bu yerda talabalar hadis va hadisshunoslik bilan bir qatorda Qur’oni karim, tafsir, fiqh, aqida, islom tarixi hamda xorijiy tillar bo‘yicha ham chuqur bilim oladi. Bu esa klassik islomiy ilmlarni zamonaviy ta’lim va tadqiqot usullari bilan uyg‘unlashtirish imkonini bermoqda.

Tashrif davomida xorijiy jurnalistlar va media mutaxassislari Samarqand zaminida asrlar davomida shakllangan ilmiy maktablar tarixi, Imom Buxoriy merosining jahon islom tafakkuridagi o‘rni hamda uni yangi avlodga yetkazish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot oldi.

Xalqaro mediaforum ishtirokchilarining Samarqandga safari O‘zbekistonning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosini jahon media hamjamiyatiga bevosita tarixiy makonlarda namoyon etish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, tashrif buyuk allomalar merosi, ilmiy an’analar va islom sivilizatsiyasining umumbashariy qadriyatlarini zamonaviy media vositalari orqali keng xalqaro auditoriyaga yetkazish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.