

Yangiliklar
Xalqaro media forumda Mega Basim nashriyoti boshqaruvi raisi muhim tashabbusni ilgari surdi
Turkiyaning Mega Basim nashriyoti boshqaruvi raisi Hasan Kondu Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilgan Xalqaro mediaforumni muhim boshlanishga qiyoslab, uning haqiqiy qiymati keyingi amaliy natijalar bilan belgilanishini aytdi.
Hasan Kondu, Mega Basim nashriyoti boshqaruvi raisi:
Bu yerda haqiqatan ham muhtasham asar, buyuk bir inshoot yaratilgan. Men bu yerdagi ishlar jarayonini boshidan beri kuzatib kelaman. Lekin natija bunchalik ko‘lamli va salobatli bo‘lishini kutmagan edim.
Men ko‘plab mamlakatlarda bo‘lganman lekin men borgan davlatlarda bunday Islom markazini uchratmaganman. Bu yerda zamonaviy texnologiyalar va tarixiy meros juda yaxshi uyg‘unlashtirilgan. Natijada o‘ziga xos va muhtasham bir asar yaratilgan.
Men Prezident Shavkat Mirziyoyevni uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan ishlari va ushbu loyihaga katta sarmoya kiritilgani bilan tabriklayman. Buning uchun u kishiga minnatdorlik bildiraman. Alloh rozi bo‘lsin.
Turkiyani misol qilib aytadigan bo‘lsam, u yerda bunday markazni qancha odam biladi? Shuning uchun bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarni targ‘ib qilish va keng jamoatchilikka tanitishga katta e’tibor qaratish kerak.
Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro media forum ham ana shu maqsad yo‘lida muhim maydon bo‘ldi. Ammo bu yerga kela oladigan jurnalistlar va media vakillari soni cheklangan. Shu sababli ular bu yerda ko‘rgan va bilganlarini to‘liq va keng auditoriyaga yetkaza olmasligi mumkin.
Shuning uchun yirik Islom markazlari, Yevropaning katta madaniy va ilmiy markazlarida bu yerdagi ekspozitsiyalarning nusxalarini namoyish etish, ko‘rgazmalarni boshqa mamlakatlarda ham tashkil qilish zarur, deb hisoblayman.
Forum juda yaxshi tashkil etilgan, samarali uchrashuv va muloqot maydoni bo‘ldi. Lekin men uni urug‘ga qiyoslayman: urug‘ ekilganidan keyin uning natijasi bo‘lishi kerak. Ya’ni, forumdan aniq amaliy natijalar kelib chiqishi muhim.
Men buni ichkaridagi nutqimda ham aytdim va yana takrorlayman: xalqlarimizning taraqqiyoti va kelajagi, avvalo, ta’limdan o‘tadi.
Bu yerda ta’lim va ilm-fan sohasida katta ishlar amalga oshirilayotganini ko‘ryapman. Kecha ham universitetdagi hamkasblar bilan suhbatlashdim. Ilm-fanning turli yo‘nalishlarida muhim ishlar olib borilmoqda. Ammo buni hali yetarli, deb hisoblamayman.
Beruniy, Ibn Sino, Ali Qushchi va Buxoriy kabi buyuk allomalarimizni yod etishning o‘zi yetarli emas. Asosiy vazifa — ularning ilmiy merosini davom ettiradigan yangi avlodni tarbiyalash. Agar bugungi yoshlar orasidan yangi Beruniy, yangi Ali Qushchi, yangi Ibn Sino va yangi Buxoriylarni yetishtirish formulasini topa olmasak, bugun amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining asl maqsadini to‘liq ro‘yobga chiqara olmaydi.
Shu bois, bugungi ishlar ana shu buyuk maqsad uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi kerak.
Men Prezidentdan yoshlar uchun alohida ilm-fan markazi tashkil etilishini istardim. Birinchi qadamlar allaqachon tashlangan. Endi yoshlarni ilm-fanga yanada keng jalb etadigan, yangi Beruniylar va Ibn Sinolarni tarbiyalaydigan shunday markaz ham tashkil etilishi kerak, deb o‘ylayman.
Ishonamanki, bu tashabbus ham albatta amalga oshiriladi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.