

Yangiliklar
The Times Kuwait: Toshkent forumi global media hamjamiyatini Islom sivilizatsiyasi haqidagi yangi muloqot markaziga birlashtirmoqda
Kuvaytning The Times Kuwait nashri Toshkentda o‘tayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumini keng yoritib, uni Islom sivilizatsiyasi merosini zamonaviy media vositalari orqali jahon auditoriyasiga yetkazishga qaratilgan muhim muloqot maydoni sifatida baholadi. Nashr forum doirasida tarixiy merosni asrash bilan bir qatorda, uni yosh avlodga zamonaviy va ta’sirchan formatlarda yetkazish, sun’iy intellekt, ijtimoiy tarmoqlar, podkastlar va hujjatli filmlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilinganini ta’kidladi.
Islom sivilizatsiyasi tarixi tobora ko‘proq smartfonlar, ijtimoiy tarmoqlar, striming platformalari va sun’iy intellekt orqali axborot olayotgan avlodga qanday yetkazilishi mumkin?
Ayni savol 2026-yil 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqandda o‘tkazilayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumining asosiy mavzusini tashkil etmoqda. Forumda jurnalistlar, teleradiokompaniyalar vakillari, kinematografistlar, olimlar, nashriyotlar hamda raqamli media mutaxassislari zamonaviy media vositalari orqali Islom sivilizatsiyasini jahon auditoriyasiga qanday taqdim etish masalalarini muhokama qilmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgan forum o‘nlab mamlakatlardan media sohasi mutaxassislari va ekspertlarni bir joyga to‘pladi. Undagi asosiy e’tibor nafaqat Islom merosini asrab-avaylash, balki uning tarixini aniq, mas’uliyatli va yosh avlodga yaqin bo‘lgan zamonaviy formatlarda hikoya qilish masalasiga qaratilmoqda.
Muhokamalar an’anaviy jurnalistika doirasidan chiqib, hujjatli filmlar, televideniye, kitoblar, podkastlar, ijtimoiy tarmoqlar, sun’iy intellekt va immersiv texnologiyalarni Islom sivilizatsiyasining ilmiy, intellektual va madaniy merosini keng auditoriyaga yetkazish vositasi sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Media sohasidagi dolzarb vazifaga bag‘ishlangan forum
Forum auditoriya tarix bilan an’anaviy kitoblar va muassasalar orqali emas, tobora ko‘proq raqamli platformalar orqali tanishayotgan bir paytda o‘tkazilmoqda. Shu bois ishtirokchilar jurnalistlar va media tashkilotlari qo‘lyozmalar, me’moriy yodgorliklar, ilmiy kashfiyotlar va tarixiy shaxslarning hayotini aniqlikni yo‘qotmagan holda qanday ta’sirchan hikoyalarga aylantirishi mumkinligini muhokama qilmoqda.
Muhokamalarda ilgari surilayotgan asosiy g‘oyalardan biri — merosni asrash ishning faqat boshlanishi ekani. Asosiy vazifa esa ushbu meros ortida turgan bilim va inson tajribasini asrlar o‘tib yashayotgan avlod uchun ham mazmunli va tushunarli qilishdir.
Islom sivilizatsiyasi turli davrlarda ilm-fan rivojiga hissa qo‘shgan olimlar, tabiblar, matematiklar, astronomlar, faylasuflar, me’morlar, adiblar va mutafakkirlarni yetishtirgan. Ularning mehnati asrlar va mintaqalar osha bilimlarning yaratilishi hamda tarqalishiga xizmat qilgan.
Forumda ana shu tarixiy voqealar va shaxslar haqidagi hikoyalarni akademik doiralardan chiqarib, ommaviy media kun tartibiga olib kirish masalasi ko‘tarilmoqda. Yosh auditoriya uchun qisqa videolar, podkastlar, hujjatli filьmlar, interaktiv ko‘rgazmalar va ijtimoiy tarmoqlardagi hikoyalar katta imkoniyat sifatida baholanmoqda.
Islom sivilizatsiyasining to‘liq manzarasini taqdim etish
Forumning yana bir muhim mavzusi — Islom sivilizatsiyasini, avvalo, zamonaviy siyosat, nizo yoki xavfsizlik masalalari orqali emas, balki keng intellektual va madaniy jarayon sifatida namoyon etish zaruratidir.
Uning merosi matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, adabiyot, me’morlik, ta’lim va ilmiy izlanishlar kabi sohalardagi ulkan hissani qamrab oladi. Ishtirokchilarning ta’kidlashicha, maqsad o‘tmishni ideallashtirish emas, balki uning murakkabligi va insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan tarixiy hissasini to‘liqroq ko‘rsatishdan iborat.
Shu nuqtai nazardan, forum media vositalarini tarixiy tadqiqotlar va zamonaviy auditoriya o‘rtasidagi ko‘prik sifatida ko‘rmoqda.
O‘zbekiston xalqaro media maydonidagi rolini kengaytirishga intilmoqda
Forumni ochib bergan O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov ushbu anjumanni katta ramziy ahamiyatga ega voqea sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, forum insoniyatga umumiy daxldor bo‘lgan ko‘p asrlik merosni jahonga kengroq namoyon etishga qaratilgan.
Ushbu merosni asrash va uni jahon jamoatchiligiga yetkazish mas’uliyat va ishonchni talab qilishini ta’kidlagan Asadov forumni fikr almashish hamda Islom sivilizatsiyasini zamonaviy yondashuvlar asosida taqdim etish maydoni sifatida qayd etdi.
O‘zbekistonning madaniy merosi sohasida tanilgan mutaxassis, ayni paytda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Fridunovich Abduxoliqov ham forumda ishtirok etdi.
Abduxoliqov qariyb 50 mamlakatdan 300 ga yaqin media mutaxassislari, olimlar, madaniyat namoyandalari va raqamli media sohasi ekspertlarini birlashtirgan yalpi majlisda so‘zga chiqdi.
Uning asosiy fikri shundan iborat bo‘ldiki, Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy muzey yoki tarixiy ashyolar saqlanadigan maskan emas, balki zamonaviy madaniy, ta’limiy va media platforma sifatida faoliyat yuritishi kerak.
Euronews bosh ijrochi direktori va bosh muharriri Klaus Shtruns O‘zbekistonning Islom va Islom sivilizatsiyasi tarqalishidagi tarixiy rolini alohida ta’kidlab, mamlakatni Yaqin Sharq va Xitoyni bog‘lovchi ko‘prik sifatida ta’rifladi.
Shtruns xalqaro media Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixini yetarlicha yoritmayotganini qayd etib, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi hamkorlikda O‘zbekistonning o‘rniga urg‘u berdi. Uning fikrlari Markaziy Osiyoning tarixiy va madaniy merosiga xalqaro media e’tiborini yanada kuchaytirish zarurligi haqidagi forumning umumiy maqsadiga hamohang bo‘ldi.
Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusning asosiy platformasi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi forum uchun institutsional baza vazifasini bajarmoqda va u tarixiy ashyolarni saqlaydigan maskan sifatidagina emas, balki keng qamrovli ilmiy-madaniy platforma sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Markaz o‘z tarkibida turli kolleksiyalar, qo‘lyozmalar, ilmiy tadqiqotlar, ta’lim dasturlari va zamonaviy ekspozitsiya texnologiyalarini birlashtiradi. Shuningdek, qo‘lyozmalar va tarixiy artefaktlarni saqlash hamda raqamlashtirish, me’moriy an’analarni hujjatlashtirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Markazning joylashuvi ham katta ahamiyatga ega. Toshkent, Samarqand va Buxoro Islom ilmi va ma’rifatining rivoji hamda tarqalishida muhim o‘rin tutgan shaharlar hisoblanadi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqovning ta’kidlashicha, bugun Islom sivilizatsiyasini jamoatchilikka yetkazish uchun faqat tarixiy tadqiqotlarning o‘zi yetarli emas, uni zamonaviy vositalar orqali ham taqdim etish zarur.
U tarixiy xotirani mustahkamlash, Islom qadriyatlarini xalqaro auditoriyaga yetkazish va Islom haqidagi, uning ta’biri bilan aytganda, buzib ko‘rsatilgan tasavvurlarga qarshi turish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi. Abduxoliqov markaz faqat merosni asrash muassasasi emas, balki Islomni zamonaviy usullar asosida namoyon etish va o‘rgatish platformasi ekanini ta’kidladi.
Xalqaro media hamkorlik
Xalqaro media hamkorlik ham forumning asosiy mavzularidan biri bo‘lmoqda. Markaz xalqaro media tashkilotlari va muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, Islom merosi va O‘zbekiston haqidagi hikoyalarni jahon auditoriyasiga yetkazish maqsadida bu hamkorlikni yanada kengaytirishga intilmoqda.
Xalqaro teleradiokompaniyalar va media tashkilotlari bilan hamkorlik doirasida tarixiy shaxslar, madaniy meros va O‘zbekiston taraqqiyotiga bag‘ishlangan hujjatli filьmlar, televizion dasturlar, reportajlar, kitoblar va raqamli loyihalarni ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
Shu tariqa, forum media hamkorlikni oddiy axborot yoritish vositasi sifatida emas, balki Islom sivilizatsiyasi haqida uzoq muddatli xalqaro kontent yaratish imkoniyati sifatida ko‘rmoqda.
O‘tmishni kelajak uchun mazmunli qilish
Forumda so‘zga chiqqan The Times Kuwait bosh muharriri Toriq Yusuf al-Shumaymiriy Islom sivilizatsiyasiga tarixning yopiq bir sahifasi sifatida qaramaslik kerakligini ta’kidladi.
«Ehtimol, biz yo‘l qo‘yishimiz mumkin bo‘lgan eng katta xato — Islom sivilizatsiyasini biz bilan sodir bo‘lgan narsa sifatida qabul qilishdir. Aslida u hanuz bizga murojaat qilib kelmoqda», — dedi al-Shumaymiriy.
U jurnalistlar va media mutaxassislarining tarixiy bilimlarni kelajak avlod uchun mazmunli qilish borasidagi mas’uliyatiga urg‘u berdi.
«Jurnalistlar va media mutaxassislari sifatida bizning vazifamiz faqat o‘tmishni saqlab qolish emas, balki kelajakni shakllantiradigan avlod uchun o‘tmishni mazmunli qilishdir», — dedi u.
Uning fikrlari forumning asosiy vazifalaridan birini yaqqol ifodaladi: tarixning haqqoniyligini saqlagan holda uni zamonaviy usullarda yetkazish yo‘llarini topish.
«Bizning vazifamiz tarix yetishmasligi emas, uni qanday hikoya qilishda»
Xuddi shu masala The Times Kuwait ijrochi bosh muharriri Riven D'Souza ishtirokida «Islom sivilizatsiyasining buyuk shaxslarini qayta tasavvur qilish: XXI asr auditoriyasini qanday jalb etish mumkin?» mavzusidagi muhokamada ham ko‘tarildi.
D'Souza Islom sivilizatsiyasi o‘z davri va hududidan ancha uzoqlarga tarqalgan g‘oyalarga ega bo‘lgan olimlar, tabiblar, matematiklar, faylasuflar, astronomlar, me’morlar, adiblar va mutafakkirlarni yetishtirganini qayd etdi.
Biroq u bu shaxslarning hikoyalari bugungi auditoriyaga qiziq va tushunarli tarzda yetkazilayaptimi, degan savolni o‘rtaga tashladi.
«Bizning vazifamiz tarix yetishmasligi emas. Bizning vazifamiz — bu tarixni qanday hikoya qilishimizda», — dedi D'Souza.
U tarixiy shaxslarning yutuqlari va sanalarini sanab o‘tish bilan cheklanib qolmasdan, ularning ortida turgan inson qissalari — qiziqishlari, maqsadlari, qiyinchiliklari, kashfiyotlari va safarlarini ochib berish zarurligini ta’kidladi.
Uning fikricha, bunday yondashuv asrlar oldin yashagan shaxslarni zamonaviy auditoriya uchun yanada yaqin va tushunarli qiladi.
Texnologiya imkoniyatlarni kengaytirmoqda
Texnologiyalar bu borada yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. Sun’iy intellekt katta hajmdagi qo‘lyozmalar kolleksiyalarini raqamlashtirish va tizimlashtirishga yordam berishi mumkin. Virtual va kengaytirilgan reallik texnologiyalari tarixiy muhitlarni qayta tiklash imkonini beradi.
Hujjatli filьmlar arxiv materiallarini zamonaviy ishlab chiqarish usullari bilan uyg‘unlashtirishi, ijtimoiy tarmoqlar esa tarixiy hikoyalarni millionlab auditoriyaga yetkazishi mumkin.
Biroq ishtirokchilar texnologiya jurnalistikaning o‘rnini bosa olmasligini ta’kidladi. Tadqiqot, faktlarni tekshirish, tarixiy ekspertiza va mas’uliyatli hikoya qilish hamisha muhim bo‘lib qoladi.
Maqsad tarixni shunchaki qiziqarli qilish emas, balki uni aniqlik va haqqoniylikni yo‘qotmagan holda keng auditoriya uchun tushunarli va qulay shaklga keltirishdir.
Yosh jurnalistlar muloqotga qo‘shilmoqda
Forumda media sohasining yangi avlodiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti yosh jurnalistlar uchun ilmiy-ta’limiy dastur doirasida hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Dastur O‘zbekiston tarixi, madaniyati va ilmiy merosiga bag‘ishlangan ta’lim, tadqiqot, o‘quv kurslari va media loyihalarini o‘z ichiga oladi.
Bu tashabbus kelajakda madaniy meros haqida hikoya qiladigan jurnalistlar bir vaqtning o‘zida ham tarixiy tadqiqotlarni, ham zamonaviy auditoriya axborot iste’mol qiladigan raqamli texnologiyalarni yaxshi tushunishi kerakligini anglashdan kelib chiqadi.
O‘tmishni asrashdan kelajak bilan muloqotga
Toshkent forumi, eng avvalo, Islom sivilizatsiyasi haqidagi hikoyalarni yetkazish usullarini o‘zgartirishni maqsad qilmoqda. Endi masala faqat qo‘lyozmalar, yodgorliklar va artefaktlarni asrash bilan cheklanmaydi. Asosiy vazifa — ularda mujassam bo‘lgan bilim va hikoyalarni yangi avlod uchun dolzarb va mazmunli qilish.
Islom sivilizatsiyasi ilm, qiziqish, muloqot, safarlar va g‘oyalar almashinuvi asosida shakllangan. Bugun esa ana shu g‘oyalarni tarixiy materiallar saqlanadigan muassasalar doirasidan ancha uzoqdagi auditoriyalarga zamonaviy media vositalari orqali yetkazish imkoni mavjud.
Forum ishtirokchilari uchun vazifa aniq: merosni hikoyalarga, tarixni inson tajribasiga, bilimni esa kelajak bilan muloqotga aylantirish.
Shu jihatdan, Toshkentdagi ushbu anjuman oddiy media muhokamasidan ko‘ra kengroq ahamiyatga ega. U insoniyatning eng yirik intellektual va madaniy meroslaridan biri kelajak avlodlar tomonidan qanday anglanishi va qabul qilinishini belgilashga qaratilgan muhim sa’y-harakatdir.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.