

Yangiliklar
Islom sivilizatsiyasi markazida diniy-ma’rifiy sohaning 200 nafardan ortiq vakiliga «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni topshirildi
27-avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida diniy-ma’rifiy sohaning ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 200 nafardan ortiq vakiliga «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi. Ular orasida musulmon ulamolari va boshqa diniy konfessiyalar vakillari, olimlar, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilari, Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari hamda sohaning boshqa mutaxassislari bor.
Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirov ishtirok etishdi. Marosimni O‘zbekiston Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Unda so‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan o‘zgarishlar ko‘lamini alohida ta’kidlandi.
Prezident maslahatchisi marosimda hamkasblarini tabriklab, ularga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
«Bugun diniy-ma’rifiy sohada o‘n minglab insonlar mehnat qilmoqda. Bu — mutaxassislar, olimlar, imomlar va ma’rifatparvarlardan iborat katta hamjamiyat. Barchamiz bir katta oilaning a’zolarimiz. Shuning uchun birdamlikni, o‘zaro hurmatni, jamiyat oldidagi mas’uliyatni va xizmat qilayotgan qadriyatlarimizga sadoqatni saqlash ayniqsa muhim.
Olimlarimiz va ulamolarimiz bundan keyin ham mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, hamjihatlikni ta’minlash va xalq ma’rifatini yuksaltirish yo‘lida xizmat qilishlari kerak. Bugun yaratilgan imkoniyatlarni qadrlashimiz va bizga bildirilgan ishonchni oqlashimiz zarur. Bugun yuksak davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni yana bir bor chin dildan tabriklayman. Sizlarga mustahkam sog‘lik, farovonlik va yangi muvaffaqiyatlar tilayman. Yaxshi ishlaringiz va xalqimiz hamda mamlakatimiz ravnaqi yo‘lidagi mehnatingizni Yaratganning o‘zi barakali qilsin», — dedi Muzaffar Komilov.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, jami diniy-ma’rifiy sohada qariyb 500 nafar kishi Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan esdalik nishoni bilan taqdirlangan.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.