

Yangiliklar
Tarixiy merosdan — jahon muloqoti sari: xalqaro mediaforum O‘zbekiston va dunyoga nima berdi?
Qariyb 50 davlatdan 300 nafarga yaqin media, ilm-fan va kreativ industriya vakillari Toshkent va Samarqandda jam bo‘lib, O‘zbekiston hamda islom sivilizatsiyasining tarixi, madaniyati va intellektual merosi haqida zamonaviy dunyoga qanday tarzda so‘zlab berish masalasini muhokama qildi. Biroq besh kunlik forumning eng muhim natijasi o‘tkazilgan tadbirlar soni emas, balki uzoq muddatli xalqaro hamkorlikka asos solingani bo‘ldi. Yangi filmlar, kitoblar, raqamli loyihalar, ta’lim dasturlari va media tashabbuslar O‘zbekiston haqida dunyoga yangicha hikoya qilish imkonini beradi.
25–29 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan, mamlakat davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi bo‘lib o‘tdi.
Forum dunyoning yetakchi xalqaro telekanallari, axborot agentliklari, nashriyotlar va media kompaniyalar rahbarlari hamda vakillari, jurnalistlar, hujjatli filьm ijodkorlari, prodyuserlar, olimlar, muzey mutaxassislari va raqamli texnologiyalar sohasidagi ekspertlarni bir maydonda birlashtirdi. CNN va Euronews forumning bosh media hamkorlari bo‘ldi. Shuningdek, BBC Studios, TRT World, Oman TV, Report.az, The London Post va boshqa xalqaro media tuzilmalari vakillari ham ishtirok etdi.
Forumning markaziy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ldi. Aynan shu yerda ishtirokchilar tarixiy meros zamonaviy xalqaro media muloqoti uchun qanday asos bo‘lishi mumkinligini amalda ko‘rdilar.
Forumning rasmiy ochilish marosimi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta konferensiya zalida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi, Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari Sherzod Asadov tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi. U zamonaviy media hamjamiyati oldida turgan asosiy vazifalarni belgilab berdi: O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosi haqida jahon auditoriyasiga xolis va zamonaviy uslubda so‘zlab berish, yangi texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shu bilan birga jurnalistikaning yuksak kasbiy mas’uliyatini saqlash.
Mavzuning mantiqiy davomi sifatida Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov forum ishtirokchilariga Markaz faoliyatini taqdim etdi. U Markazni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasi, tarixiy va intellektual merosni o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib qilish uchun yaratilgan noyob makon sifatida ta’rifladi.
Markaz faqat muzey yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida emas, balki muzey ishi, ilm-fan, ta’lim, televideniye, hujjatli kino, kitob nashri, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni o‘zaro birlashtiruvchi xalqaro madaniy-ma’rifiy media platforma sifatida ham shakllanmoqda.
Aynan shu konsepsiya forumning markaziy g‘oyalaridan biriga aylandi: meros faqat asrab-avaylanishi emas, balki yashashda davom etishi, yangi hikoyalar, filьmlar, kitoblar, tadqiqotlar va zamonaviy raqamli loyihalar uchun manba bo‘lishi kerak.
Euronews bosh ijrochi direktori va tahririyat direktori Klaus Shtruns madaniy merosni global axborot kun tartibining bir qismiga aylantirish bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon qildi va Xalqaro mediaforumni Toshkentda har yili o‘tkazishni taklif etdi.
CNN vakillari ham O‘zbekistonga alohida e’tibor qaratdi. CNN International Commercial ijrochi vitse-prezidenti Fil Nelьson Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikning ahamiyati va O‘zbekiston merosini CNN’ning global media maydonida birgalikda targ‘ib qilish istiqbollarini qayd etdi. CNN mintaqaviy vakili Imron Ahmad esa xalqaro auditoriyaning mamlakat tarixi, uning buyuk olim va mutafakkirlari, madaniyati hamda bugungi o‘zgarishlariga qiziqishi juda yuqori ekanini ta’kidladi.
Bu g‘oya forumda taqdim etilgan loyihalar orqali amaliy mazmun kasb etdi.
Kinorejissyor Shohruh Rasulov «Dunyoni o‘zgartirganlar» loyihasi hamda «Oskar» mukofoti sohibi Ben Kingsli ishtirokidagi «Ma’rifat aks-sadosi» filьmi fragmentini namoyish qildi. 1001 Inventions xalqaro loyihasi asoschisi Ahmad Salim esa zamonaviy media vositalari orqali islom sivilizatsiyasi yutuqlarini yangicha tarzda taqdim etish imkoniyatlari haqida so‘zladi.
«O‘zbekfilm» kinokonserni vakili Baxodir Adilov «Movarounnahr sivilizatsiyasi», «Imom al-Buxoriy», «Islom sivilizatsiyasi markazi. Yangi koinot» kabi hujjatli loyihalarni taqdim etdi. Ushbu ishlar tarixiy materialni zamonaviy kino tili orqali keng auditoriyaga yetkazishga xizmat qiladi.
Raqamli yo‘nalishda Almos Faxriddinov va NeoVex direktori Sirojiddin Ubaydullayev «Raqamli avatar: islom sivilizatsiyasi qahramonlari yangi avlod bilan suhbatlashadi» hamda «O‘zbekiston 360°: merosning jonli platformasi» loyihalarini taqdim qildi.
Qadimiy qo‘lyozmalar va xattotlik san’atiga ham alohida e’tibor qaratildi. Mueller & Schindler nashriyoti vitse-prezidenti Aleksandr Vilьgelьm «114 Qur’on: islom xattotligining 114 durdonasi» xalqaro loyihasini, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov esa «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» loyihasini taqdim etdi.
«Sberbank»ning Ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish ofisi ijrochi direktori Vladimir Kox va professor, Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi Zohidullo Munavvarov «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasini taqdim qildi.
Nashriyot yo‘nalishida Firdavs Abduxoliqov va Mega Basim nashriyoti boshqaruv raisi Hasan Kondu «Sharq miniatyurasida O‘zbekiston tarixidagi buyuk shaxslar» nomli noyob illyustratsiyali nashrni taqdim etdi. Professor Mario Taddei, Kulturalis nashriyoti prezidenti Sharlotta Kramer va boshqa mutaxassislar xalqaro nashriyotchilik hamda ilmiy-tadqiqot tashabbuslari bilan tanishtirdi.
Shu tariqa, bir forum doirasida qadimiy qo‘lyozma va sun’iy intellekt, Sharq miniatyurasi va zamonaviy nashriyotchilik, o‘tmishning buyuk olimlari va raqamli texnologiyalar, muzey va jahon televideniyesi bir nuqtada tutashdi.
Biroq ushbu ishlarning eng muhim auditoriyalaridan biri yosh avlod bo‘ldi.
Toshkent va Samarqanddagi 20 ta oliy ta’lim muassasasida qariyb 40 ta maxorat darsi, ijodiy uchrashuv va taqdimotlar o‘tkazilib, ularga 5 mingdan ortiq talaba jalb qilindi. Yoshlar oldida CNN vakili Imron Ahmad, BBC Studios vakili Sergey Stanovkin, TRT World vakili Umesh Kumar Vohra, Report.az vakili Fuad Xuseynaliyev, The London Post vakili Raza Said, Mario Taddei, Hasanbey Kondu, Sharlotta Kramer, Robert Fransev va boshqa xalqaro ekspertlar chiqish qildi.
Islom sivilizatsiyasi markazi uchun mazkur yo‘nalishdagi ishlar doimiy tus oladi. Markaz O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlikda yosh jurnalistlar orasida mamlakat madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan qo‘shma dasturni yo‘lga qo‘ymoqda. Eng iqtidorli talabalar uchun stipendiyalar va kasbiy amaliyot imkoniyatlari ko‘zda tutilgan.
Forumning yana bir muhim natijasi — muhokamalardan aniq kelishuvlarga o‘tilgani bo‘ldi.
Forum doirasida 20 ga yaqin kelishuv va memorandum imzolandi. Yakuniy deklaratsiyada kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Ular orasida Xalqaro mediaalьyans tashkil etish, «Sivilizatsiyalar ovozi» xalqaro media tanlovini o‘tkazish, jurnalistlar uchun ta’lim dasturlari va kasbiy almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, kontentni birgalikda ishlab chiqarish hamda Markazning dunyoning yetakchi OAVlari bilan doimiy hamkorligini ta’minlash kabi tashabbuslar mavjud.
Ishtirokchilar, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi negizida «Islom sivilizatsiyasi ovozi» xalqaro media klubini tuzish va Xalqaro mediaforumni Toshkentda har yili o‘tkazishni taklif qildi.
Bugungi kunda xorijiy media hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, mamlakatdagi islohotlar hamda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan 100 dan ortiq media loyiha amalga oshirildi. Keyingi bosqichda yana 50 ga yaqin qo‘shma xalqaro media loyihani boshlash rejalashtirilmoqda.
Dasturning muhim qismlaridan biri Samarqand bilan bog‘liq bo‘ldi.
Xorijlik jurnalistlar, OAV rahbarlari, prodyuserlar va ekspertlar Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Xalqaro hadisshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Buxoriy nomidagi innovatsion muzey va Samarqandning mashhur tarixiy obidalarini ziyorat qildi.
Ko‘plab mehmonlar uchun bu avval kitoblar, filmlar va maqolalar orqali tanish bo‘lgan merosni ilk bor o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniyati bo‘ldi.
Samarqand amalda ochiq suratga olish maydoniga aylandi.
Jurnalistlar intervьyular oldi, reportajlar suratga oldi va telekanallar, axborot agentliklari, hujjatli filmlar hamda raqamli platformalar uchun materiallar tayyorladi.
Forumga uning ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llangan Murojaat alohida mazmun va ahamiyat bag‘ishladi.
Qariyb 50 davlatdan kelgan media va ekspertlar hamjamiyati vakillari O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasi minbaridan ilgari surilgan «Jaholatga qarshi ma’rifat» tamoyili bugungi kunda nihoyatda dolzarb ekanini ta’kidladi.
Bugun dunyoda mojarolar, diniy toqatsizlik va islomofobiya kuchayib borayotgan bir sharoitda islom sivilizatsiyasi haqida xolis va tushunarli tarzda so‘zlab berish nafaqat tarixiy xotirani saqlash masalasiga aylanmoqda. Bu turli madaniyat va e’tiqod vakillarining bir-birini yaxshiroq tushunishiga ko‘maklashishdek ulkan vazifaning bir qismi hamdir.
Forumning eng muhim natijasi shundaki, islom sivilizatsiyasi merosi haqida yangicha muloqot olib borish g‘oyasi atrofida media vakillari, olimlar, kinematografistlar, noshirlar, raqamli texnologiyalar mutaxassislari va yosh jurnalistlarni birlashtiruvchi xalqaro tarmoq shakllana boshladi. Bu tarmoq forum yakunlanganidan keyin ham faoliyatini davom ettirib, qo‘shma loyihalar, filьmlar, kitoblar, tadqiqotlar va raqamli mahsulotlar yaratishi kutilmoqda.
Qadimiy qo‘lyozmalardan — sun’iy intellekt sari, o‘tmishning buyuk olimlaridan — zamonaviy kino sari, muzey zallaridan — jahon telekanallariga, universitet auditoriyalaridan — global axborot kun tartibiga. Forum shuni ko‘rsatdiki, meros — bu faqat o‘tmishdan bizga qolgan boylik emas. U kelajakni shakllantirishga qodir ulkan intellektual va ijodiy resursdir.
Shu ma’noda, bugun O‘zbekiston dunyoga o‘zining buyuk tarixi haqida so‘zlab berishdan ko‘ra kengroq ishni amalga oshirmoqda. Mamlakat o‘z merosini yangi xalqaro muloqot uchun ochib, bu borada o‘ziga xos namuna ko‘rsatmoqda. Dunyoning yetakchi media tuzilmalari, olimlar va kreativ industriya vakillari bilan birgalikda Markaziy Osiyo hamda islom sivilizatsiyasi merosini butun dunyodagi millionlab insonlarga yetkazish va tushunarli qilish imkonini beradigan yangi til, yangi formatlar va yangi hikoyalar yaratilmoqda.
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi bu katta harakatning yakuni emas, balki boshlang‘ich nuqtasi bo‘ldi — o‘tmish merosidan kelajak bilimlari, ma’nolari va imkoniyatlari sari yo‘l ochildi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.