Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev — Sharqdagi yangi Uyg‘onish davri yetakchisi

Shvetsiyadagi Agenda Nexus — Tadqiqot va siyosat instituti O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarni tahlil qilib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda tarixiy meros, inson kapitali, modernizatsiya va xalqaro ochiqlik uyg‘unlashgan yangi taraqqiyot modeli shakllanayotganini ta’kidladi. Institut O‘zbekistonning bugungi o‘zgarishlarini «Sharqdagi yangi Uyg‘onish davri» sifatida baholab, mamlakatning kelgusi o‘n yilligi uchun belgilangan yettita ustuvor dastur uning zamonaviy, farovon va xalqaro maydondagi ta’siri tobora ortib borayotgan davlatga aylanish maqsadini ifoda etishini qayd etdi.

O‘n yillik o‘zgarishlar meros, inson salohiyatini rivojlantirish, ochiqlik va global intilishlar uyg‘unlashgan zamonaviy davlatni barpo etmoqda

O‘zbekistonning 35 yillik mustaqilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat taraqqiyotining navbatdagi bosqichi uchun yettita milliy dasturni taqdim etdi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, texnologiyalar, ekologik barqarorlik, qonun ustuvorligi, mahallalar salohiyatini oshirish va xalqaro diplomatiyani qamrab olgan ushbu dasturlar O‘zbekiston iqtisodiyoti, jamiyati, xalqaro mavqei va kelajakka bo‘lgan intilishlarini tubdan o‘zgartirgan o‘n yillik keng ko‘lamli islohotlarga tayanadi.

Toshkentdan turib o‘zgarishlarga guvoh bo‘lish

2026-yil 23–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumda ishtirok etish men uchun katta sharaf bo‘ldi. Shvetsiya va Agenda Nexus nomidan ishtirok etar ekanman, dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan jurnalistlar, tadqiqotchilar, media sohasi mutaxassislari, yozuvchilar va ekspertlar bilan birga madaniyat, bilim, kommunikatsiya hamda tobora o‘zaro bog‘lanib borayotgan dunyoda O‘zbekistonning ortib borayotgan roli haqida fikr almashish imkoniga ega bo‘ldim.

Forumning o‘tkazilgan vaqti ham alohida ahamiyatga ega edi. O‘zbekiston o‘z mustaqilligining 35 yilligini nishonlash arafasida turgan bir paytda, qariyb 50 mamlakatdan 300 ga yaqin jurnalist, media rahbarlari, olimlar, tadqiqotchilar, prodyuserlar va boshqa soha mutaxassislari bir joyga to‘plandi. Ishtirokchilarning keng qamrovi va xalqaro tarkibi forumni 2026-yildagi eng yirik va e’tiborga molik global media tadbirlaridan biriga aylantirdi.

Biroq eng muhimi ishtirokchilar soni emas edi. Muhim jihat — O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga nimani ko‘rsatishni istaganidir: o‘zining qadimiy sivilizatsiyasi va zamonaviy taraqqiyot maqsadlarini bir-biri bilan bog‘lashga tobora ko‘proq ishonch hosil qilayotgan mamlakatni.

Aynan ana shu uyg‘unlik Yangi O‘zbekiston konsepsiyasining markaziy g‘oyalaridan biriga aylandi.

Mirziyoyev va Sharqdagi yangi Uyg‘onish davri

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016-yildan buyon O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning asosiy siyosiy me’mori bo‘lib kelmoqda.

Agenda Nexus avval ham ushbu o‘zgarishlarni ta’lim, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, xalqaro aloqalarni kengaytirish, madaniy diplomatiya, barqaror taraqqiyot hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘zgarib borayotgan qiyofasi nuqtai nazaridan tahlil qilgan.

Ushbu jarayonlarni yaxlit holda ko‘rib chiqqanda, gap shunchaki alohida islohotlar majmui haqida emasligi ayon bo‘ladi. Ular bir-biri bilan uzviy bog‘langan va mamlakatning kelajak taraqqiyot yo‘nalishini belgilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni anglatadi.

Ular milliy yangilanishga qaratilgan sa’y-harakatni anglatadi.

O‘zbekistonning o‘zi ham so‘nggi yillarda «Uchinchi Renessans» konsepsiyasidan tobora ko‘proq foydalanmoqda. Bu g‘oya Al-Xorazmiy, Al-Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarning intellektual merosini ta’lim, ilm-fan, texnologiya va bilimga tayangan yangi avlod bilan bog‘lashga qaratilgan.

Shu nuqtai nazardan, Mirziyoyev rahbarligini «Sharq Uyg‘onish davri» konsepsiyasi orqali tushunish mumkin. Bu o‘tmishga qaytish emas, balki tarixiy ishonch va g‘ururni modernizatsiya uchun poydevor sifatida ishlatishga bo‘lgan intilishdir.

Bu — nihoyatda katta maqsadlarni ko‘zlagan siyosiy loyihadir. Uning yakuniy muvaffaqiyati islohotlarning amalda qanday tatbiq etilishi, institutlarning salohiyati, hisobdorlik va ijobiy o‘zgarishlar oddiy fuqarolar hayotiga qay darajada yetib borishiga bog‘liq bo‘ladi. Biroq o‘zgarishlarning yo‘nalishi va ko‘lamini endi inkor etish tobora qiyinlashmoqda.

O‘zbekistonni o‘zgartirgan o‘n yillik

Bu o‘zgarishlarni aniq ko‘rsatkichlarda ham ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini ochdi, valyuta, soliq, bojxona va investitsiya tizimlarining muhim yo‘nalishlarini liberallashtirdi, mintaqaviy munosabatlarni mustahkamladi, xalqaro hamkorlikni kengaytirdi hamda infratuzilma va inson kapitaliga katta miqdorda sarmoya kiritdi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda real yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2024-yildagi 6,7 foizdan 2025-yilda 7,7 foizga yetgan. O‘zbekiston hukumati ma’lum qilishicha, ilgari yiliga taxminan 2–3 milliard dollar miqdorida bo‘lgan xorijiy investitsiyalar hajmi keskin oshgan. Shuningdek, mamlakat avval belgilangan 160 milliard dollarlik YIM maqsadiga rejadan oldin erishishni kutmoqda.

Ta’lim sohasi ushbu o‘zgarishlarning ijtimoiy jihatini yaqqol namoyon etadi. Maktabgacha ta’lim bilan qamrov 78 foizga yetdi, so‘nggi o‘n yil ichida maktablarda qariyb 1,5 millionta qo‘shimcha o‘quv o‘rni yaratildi, oliy ta’limda tahsil olayotgan talabalar soni esa qariyb 1,6 million nafarga yetdi. Ularning yarmidan ko‘pi xotin-qizlardir.

Bu strategik jihatdan muhim. Zamonaviy iqtisodiyotni faqat binolar va investitsiyalar orqali barpo etib bo‘lmaydi. Uning eng muhim infratuzilmasi — inson kapitali.

Keyingi o‘n yillik uchun yetti dastur

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Prezident Mirziyoev kelgusi o‘n yillikni «milliy yuksalish» davri deb e’lon qildi va yettita milliy dasturni taqdim etdi.

Birinchi dastur bilim va ko‘nikmalarni milliy taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishni nazarda tutadi. O‘zbekiston olti yoshli bolalar uchun umumiy tayyorlov ta’limini joriy etish, barcha maktablarda xalqaro baholash tizimlarini kengaytirish, kasbiy ta’limni rivojlantirish hamda kamida o‘nta universitetni dunyoning eng yaxshi 1000 ta oliy ta’lim muassasasi qatoriga kiritishni maqsad qilgan.

Ikkinchi dastur taraqqiyot markaziga salomatlik va uzoq umr ko‘rish masalalarini qo‘yadi. Unda sog‘liqni saqlashga yo‘naltiriladigan davlat xarajatlarini YaIMning 5 foiziga yetkazish va milliy tibbiy sug‘urta tizimini kengaytirish rejalashtirilgan.

Uchinchi dastur yuqori texnologiyalar va yuqori mehnat unumdorligiga asoslangan iqtisodiyotga o‘tishni maqsad qiladi. Kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, 2030 yilga borib 300 milliard dollarlik iqtisodiyotga erishish, yuqori daromadli sanoat tarmoqlarida 2 millionta ish o‘rni yaratish, shuningdek, startaplar, venchur kapitali va sun’iy intellekt ekotizimlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

To‘rtinchi dastur suv resurslari va ekologik barqarorlik masalalariga bag‘ishlangan. U qishloq xo‘jaligi yerlarida suvni tejaydigan texnologiyalarni keng va universal joriy etish, shaharlarda yashil hududlarni kengaytirishni nazarda tutadi.

Beshinchi dastur sud mustaqilligi va qonun ustuvorligiga qaratilgan. Unda fuqarolar va biznes subyektlarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish choralari ko‘zda tutilgan.

Oltinchi dastur an’anaviy mahallaga mahalliy byudjetlarni shakllantirish, investitsiyalar jalb qilish, infratuzilmani rivojlantirish va jamoalar taraqqiyotini ta’minlashda yanada katta vakolat berishni nazarda tutadi.

Yettinchi dastur esa O‘zbekistonning xalqaro maydonda tinchlik, do‘stlik, bag‘rikenglik va muvozanatli diplomatiya tarafdori bo‘lgan mamlakat sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Ushbu dasturlarning barchasi birgalikda oddiy taraqqiyot vazifalari ro‘yxatidan ko‘ra kengroq mazmunga ega. Ular inson kapitali, iqtisodiy modernizatsiya, ijtimoiy farovonlik, ekologik barqarorlik, adolat, mahalliy aholining faol ishtiroki va tashqi siyosatni o‘zaro bog‘laydigan taraqqiyot modelini belgilab beradi.

Meros va taraqqiyot uyg‘unligi

Ehtimol, O‘zbekistonda shakllanayotgan yangi qiyofani Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazidagidan ko‘ra yaqqolroq ko‘rsatadigan joy kam.

Markaz muhim bir g‘oyani ifodalaydi: modernizatsiya tarixdan voz kechishni talab qilmaydi.

O‘zbekiston Yevroosiyodagi eng boy intellektual va madaniy meroslardan biriga ega. Asosiy vazifa esa ushbu merosni asosan muzeylar va tarixiy yodgorliklarda saqlanadigan qadriyat emas, balki bilim, muloqot, ta’lim va xalqaro hamkorlikning jonli manbaiga aylantirishdan iborat.

Xalqaro mediaforum bu salohiyatni yaqqol namoyon etdi. Forum doirasidagi muhokamalarda xalqaro media tashkilotlari, tadqiqotchilar, kinorejissyorlar, nashriyot vakillari, texnologiya mutaxassislari hamda madaniyat sohasi professionallari meros, ilm-fan, media, sun’iy intellekt va global kommunikatsiya masalalari atrofida fikr almashdilar.

Shu bois Markaz oddiy muzeydan ko‘ra kengroq ahamiyat kasb etishi mumkin. Agar u intellektual jihatdan ochiq xalqaro muassasa sifatida to‘g‘ri rivojlantirilsa, turli qarashlar, madaniyatlar, dinlar va ilmiy an’analar jiddiy muloqot asosida uchrashadigan maydonga aylanishi mumkin.

O‘zbekiston uchun bu, shuningdek, «yumshoq kuch» vositasidir.

Markaziy Osiyo davlatidan bog‘lovchi kuchga

O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning yana bir muhim jihati — geografiya.

Markaziy Osiyo Yevropa, Xitoy, Turkiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Janubiy Osiyo va keng Yevroosiyo iqtisodiyoti uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston esa shakllanayotgan ushbu tarmoqning markazida joylashgan.

Mirziyoyevning pragmatik tashqi siyosati qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilash bilan bir qatorda Yevropa, AQSh, Osiyo va arab-musulmon dunyosi bilan hamkorlikni kengaytirish imkonini berdi. Bugun O‘zbekiston qariyb 170 ta davlat bilan diplomatik munosabatlarga ega. Shuningdek, mamlakat 2027–2029 yillarda birinchi marta Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi.

Bunday muvozanatli yondashuv Toshkentga nafaqat mintaqaviy jarayonlarning ishtirokchisi, balki iqtisodiy, diplomatik, madaniy va intellektual jihatdan bog‘lovchi kuchga aylanish imkonini beradi.

Rahbarlikning keyingi sinovi

Muvaffaqiyatli islohotlar hech qachon faqat qaror yoki bayonot bilan yakunlanmaydi.

Keyingi bosqich samarali ijro, kuchli institutlar, qonun ustuvorligini izchil rivojlantirish, shaffof boshqaruv, ta’lim sifatini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, xususiy sektorni rivojlantirish va yosh avlod uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishni talab qiladi.

Aynan shu yo‘nalishlarda yettita milliy dastur strategik ahamiyat kasb etadi.

Prezident Mirziyoyevning tarixiy merosi, pirovardida, faqat uning prezidentligi davrida O‘zbekiston qay darajada keskin o‘zgargani bilan emas, balki bu o‘zgarishlar har qanday alohida rahbardan keyin ham o‘z faoliyatini davom ettira oladigan barqaror institutlarga aylana olgani bilan baholanadi

Bu — o‘zgarishlarga bosh-qosh bo‘layotgan rahbarlikning eng muhim sinovidir.

Agenda Nexus nuqtai nazaridan, O‘zbekiston Yevropa siyosatchilari, universitetlar, investorlar, tadqiqot muassasalari va xalqaro tashkilotlarning ancha katta e’tiboriga loyiq mamlakatdir.

Bugun shakllanayotgan O‘zbekiston o‘z tarixidan voz kechmayapti, shu bilan birga, o‘z qiyofasini faqat tarix bilan belgilab qo‘yishga ham yo‘l qo‘ymayapti.

Mamlakat bundan-da kattaroq maqsadni ko‘zlamoqda: merosni ishonchga, ishonchni islohotlarga, islohotlarni esa zamonaviy milliy Uyg‘onishga aylantirish.

Agar kelgusi o‘n yillikda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ilgari surilgan ulkan maqsadlarga erishilsa, Shavkat Mirziyoyev tobora ko‘proq shunchaki O‘zbekistonni isloh qilgan Prezident sifatida emas, balki Sharqda yangi Uyg‘onish davrini boshlashga hissa qo‘shgan rahbar sifatida yodga olinishi mumkin.

Kelajak sari

Agenda Nexus Prezident Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekistonning milliy taraqqiyot, modernizatsiya va xalqaro hamkorlikka qaratilgan ulkan maqsadlarini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tilaydi.

Geosiyosiy noaniqlik va dunyoda bo‘linishlar tobora kuchayib borayotgan bir paytda, jahonga taraqqiyot, bilim, muloqot va o‘z xalqi hamda kelajak avlodlar uchun yaxshiroq kelajak barpo etish imkoniyatiga ishonadigan rahbarlar kerak.

Ulug‘ maqsadlarni imkoniyatlarga, milliy taraqqiyotni esa keng ko‘lamli hamkorlikka aylantirishga intiladigan rahbarlik xalqaro e’tiborga loyiq.

O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining muhim yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Oldimizdagi maqsadlar ulkan, ularning uzoq muddatli muvaffaqiyati esa, pirovardida, amalga oshirish samaradorligi, institutlarning mustahkamligi va insonlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan baholanadi.

Agenda Nexus — Tadqiqot va siyosat instituti O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni Shvetsiyadan turib ham, O‘zbekistondagi bevosita hamkorlik va faoliyat orqali ham yaqindan kuzatish va tahlil qilishda davom etadi.

Biz mamlakat taraqqiyotining keyingi bosqichini qiziqish bilan kuzatishni intizorlik bilan kutmoqdamiz hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqiga zamonaviy, farovon, tinch va xalqaro hamjamiyat bilan chambarchas bog‘langan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida har tomonlama muvaffaqiyatlar tilaymiz.

 

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.