Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

The Japan News: “O‘zbekiston milliy birdamlik asosida taraqqiy etishga intilmoqda”

Yaponiyaning nufuzli “The Japan News” nashrida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan «O‘zbekiston milliy birdamlik asosida taraqqiy etishga intilmoqda» sarlavhali maqola chop etildi. Maqola muallifi — Muhsinxo‘ja Abdurahmonov, O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi.

Materialda O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi taraqqiyoti, Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasidagi islohotlar, xalqaro maydondagi nufuzi hamda Yaponiya bilan savdo, investitsiya, ta’lim va madaniyat sohalaridagi strategik hamkorligi haqida so‘z yuritilgan.

1991-yil 31-avgust kuni O‘zbekiston mustaqil davlatga aylanib, xalqimiz tarixida yangi sahifani ochdi. Oradan 35 yil o‘tib, bugun ham mustaqillik milliy birdamligimiz, farovon, zamonaviy va ochiq davlat barpo etishga bo‘lgan qat’iy intilishimizning poydevori bo‘lib qolmoqda.

Bu yil mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligini «Bir Vatan, bir xalq — birgalikda yangi hayot va yorqin kelajakni barpo etamiz!» shiori ostida nishonlamoqdamiz. Ushbu shior iqtisodiy taraqqiyot, inson salohiyati va xalqaro hamkorlik uyg‘un ravishda rivojlanadigan Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasidagi umumiy intilishlarimizni ifodalaydi.

So‘nggi 10 yil davomida O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida chuqur islohotlar jarayonini boshdan kechirdi. Mamlakat iqtisodiyoti tobora ochilib, investitsiya va tadbirkorlik uchun imkoniyatlar kengaymoqda, xalqaro hamkorlar bilan aloqalar mustahkamlanmoqda. 2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sdi, yalpi ichki mahsulot hajmi esa 145 milliard dollardan oshdi. Islohotlar dasturimizning muhim tayanchi bo‘lgan oltin-valyuta zaxiralari birinchi marta 60 milliard dollardan oshdi.

Investitsiyalar va eksport hajmi ham barqaror o‘sib bormoqda. 2025-yilda investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarni, eksport esa 33,4 milliard dollarni tashkil etdi. Jami investitsiyalar yalpi ichki mahsulotning 31,9 foiziga teng bo‘lib, kelgusi yillarda barqaror va yuqori iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi ham tobora mustahkamlanmoqda. Yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlakatning suveren kredit reytingini «BB-»dan «BB» darajasiga ko‘tardi. 2025-yilda O‘zbekiston Jahon bankining Hukumat texnologiyalari yetuklik indeksida (GTMI) 71 pog‘ona yuqorilab, dunyodagi eng yaxshi 10 ta mamlakat qatoriga kirdi.

O‘zbekiston xalqaro sayyohlar uchun ham tobora jozibador manzilga aylanmoqda. 2025-yilda mamlakatimizga qariyb 12 million nafar sayyoh tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb 3,7 million nafarga yoki 46,8 foizga ko‘pdir. Bu yil yangi rekord o‘rnatishni kutmoqdamiz.

O‘zbekiston sport sohasida ham tarixiy yutuqlarga erishdi. Ilk bor milliy futbol jamoamiz joriy yilda AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan FIFA Jahon chempionatida ishtirok etadi. Yosh shaxmat grossmeysteri Javohir Sindorov FIDE Jahon kubogining tarixdagi eng yosh g‘olibiga aylandi. Shuningdek, o‘zbekistonlik sportchilar Osiyo yoshlar Para o‘yinlarida ishtirok etgan davlatlar orasida umumiy hisobda eng yuqori natijani qayd etdilar.

O‘zbekiston 2026-yil sentyabr oyida shaxmat bo‘yicha 46-Jahon olimpiadasiga, 2027-yilda FIFA U-20 Jahon chempionatiga va 2029-yilda Osiyo yoshlar o‘yinlariga mezbonlik qilishi rejalashtirilgan. Yaqin kunlarda O‘zbekistonning katta delegatsiyasi 2026-yilda Ayti-Nagoyada bo‘lib o‘tadigan 20-Osiyo o‘yinlari va 5-Osiyo Para o‘yinlarida ishtirok etadi.

O‘zbekistonning tashqi siyosati ochiqlik, o‘zaro hurmat va teng sheriklik tamoyillariga asoslangan bo‘lib, Yaponiya bilan munosabatlar ushbu siyosatda alohida o‘rin tutadi.

Yaponiya 1991-yil dekabr oyida O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlatlardan biri bo‘ldi. 1992-yil yanvar oyida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib, keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Prezident Mirziyoevning 2025-yil 18–20 dekabr kunlari Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi strategik sherikligimizni yanada rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi.

Tashrif davomida Prezident Mirziyoyev Imperator hazratlari, Bosh vazir Sanae Takaichi, Parlamentning har ikki palatasi rahbarlari, Yaponiya–O‘zbekiston parlamentlararo do‘stlik ligasi a’zolari, hukumat vakillari, Nara shahri meri hamda yetakchi universitetlar rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, yirik yapon kompaniyalari va moliyaviy institutlar rahbarlari ishtirokida biznes-forum va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.

Ikki davlat rahbarlari kelajak avlodlar uchun Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida kengaytirilgan strategik sheriklik to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar. Bu O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqdi. Tashrif doirasida «Markaziy Osiyo plyus Yaponiya» muloqotining birinchi sammiti ham bo‘lib o‘tdi. Unda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surilib, Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi. Sammitga tayyorgarlik doirasida qariyb 100 ta iqtisodiy kelishuvga erishildi.

Bugungi kunda ikki mamlakat savdo, investitsiyalar, sanoat, energetika, infratuzilma, ta’lim va madaniy almashinuv sohalarida yaqin hamkorlik qilmoqda. 2025-yilda ikki tomonlama savdo aylanmasi 383 million dollarni tashkil etdi, yapon kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirokidagi loyihalar portfeli esa 12 milliard dollardan oshdi. O‘zbekistonda, jumladan, O‘zbekiston–Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazini ham o‘z ichiga olgan 120 dan ortiq qo‘shma korxona va tashkilot muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Hududlararo aloqalar ham kengayib bormoqda. Toshkent va Nagoya, Samarqand va Gifu, Samarqand va Nara, Namangan va Xirosima, Namangan va Dazayfu, Sirdaryo va Saytama, Farg‘ona va Tochigi, Farg‘ona va Chiba, Rishton va Maydzuru, Xorazm va Isikava o‘rtasida sheriklik aloqalari o‘rnatilgan.

Ta’lim va inson resurslarini rivojlantirish ikki tomonlama munosabatlarimizning muhim ustunlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Nagaoka texnologiya universiteti O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochdi. Joriy yil iyulь oyida esa Sukuba universiteti bilan Toshkentda qo‘shma universitet tashkil etish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Tottori universiteti bilan hamkorlikdagi qo‘shma tadqiqot markazini oktyabrь oyida Samarqandda ochish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston–Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazi xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda. Bugungi kunda Yaponiya tili O‘zbekistondagi yettita universitetda o‘qitilmoqda. Tokio xorijiy tillar universitetida esa so‘nggi o‘n yildan buyon o‘zbek tili o‘rgatib kelinmoqda.

Madaniy aloqalarimiz ham jadal rivojlanmoqda. Ikki mamlakat muntazam ravishda madaniyat festivallari, ko‘rgazmalar, yoshlar forumlari va kinofestivallar o‘tkazib kelmoqda. 2025-yildagi Osaka–Kansay EKSPO ko‘rgazmasida «Bilimlar bog‘i: Kelajak jamiyati laboratoriyasi» mavzusidagi O‘zbekiston milliy pavilьoni «Mavzuning eng yaxshi taqdimoti» nominatsiyasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu EKSPOning eng yuqori mukofoti hisoblanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston 2026-yil 24–27 sentyabr kunlari Tokioda bo‘lib o‘tadigan Tourism Expo Japan 2026 ko‘rgazmasida milliy stend bilan ishtirok etishi kutilmoqda.

2027-yilda O‘zbekiston va Yaponiya diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligini nishonlaydi. Kelajakka nazar tashlar ekanman, ikki mamlakatimiz kengaytirilgan strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi almashinuvlarni mustahkamlashi va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonchim komil.

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini nishonlar ekanmiz, kelajakka katta ishonch va optimizm bilan qaraymiz. Bu kelajakda O‘zbekiston va Yaponiya ishonchli hamkorlar va do‘stlar sifatida birgalikda harakat qilishda, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda va yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratishda davom etadi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.